Shanxay hamkorlik tashkilotining Dushanbedagi sammitida ushbu nufuzli tashkilotga 2021−2022 yillarda raislik qilish O‘zbekistonga o‘tishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi, Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Yig‘ilish doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning ShHTdagi raisligidagi ustuvor vazifalarini bayon qildi.
Ular:
- ShHTning nufuzi va salohiyatini yanada oshirish;
- ShHTning Transport bog‘liqligi strategiyasini qabul qilish;
- ShHT makonida infratuzilmani rivojlantirish dasturini ishlab chiqish;
- ShHTning xalqaro axborot xavfsizligi bo‘yicha ekspertlar forumini ta’sis qilish;
- ShHTning Ezgu niyat elchisini institutini joriy qilish.
Shuningdek, sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish va bu borada hamkorlikni nazarda tutuvchi markazlarni tuzish, kambag‘allikni kamaytirish va oziq-ovqat xavfsizligi sohalaridagi hamkorlikni kuchaytirish, turizm sohasida hukumatlararo bitimni ishlab chiqish, yuqumli kasalliklarga qarshi kurashishni nazarda tutuvchi «Yo‘l xaritasi»ni qabul qilish ko‘zda tutilgan.
«O‘zbekiston raisligi davrida davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirish maqsadida hamkorlarimiz bilan birgalikda 80 dan ortiq tadbir o‘tkazish rejalashtirilgan», deb yozadi Sherzod Asadov.
Izoh qoldirish