O‘zbekistonda 433 ming nafar xotin-qiz «ayollar daftari»ga kiritildi

O‘zbekistonda 433 ming nafar xotin-qiz «ayollar daftari»ga kiritildi

O‘zbekistonda 433 ming nafar xotin-qiz «ayollar daftari»ga kiritilgan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot kotibi Saodat Boymirzayeva ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mamlakatda 17 milliondan ortiq xotin-qizlar istiqomat qiladi. Ular deyarli barcha sohalarda ishtirok etib, jamiyat va davlat rivojiga hissa qo‘shib kelmoqda.

Ta’kidlanishicha, davlat rahbari tashabbusi bilan o‘z vaqtida joriy etilgan «ayollar daftari»ga xotin-qizlarni kiritish orqali ayollar tashvishlari, ularni o‘ylantirayotgan masalalar hal etilmoqda. Jumladan, 6,5 million nafar xotin-qiz bilan yuzma-yuz muloqot qilinib, ushbu daftarga 9 ta mezon asosida 433 ming nafari kiritildi. Ularning:

  • 253 ming nafari — ishsiz sifatida;
  • 44 ming nafari — tibbiy;
  • 48,5 ming nafari — huquqiy va psixologik yordamga muhtoj sifatida;
  • 37 ming nafari — boquvchisini yo‘qotgan;
  • 33,5 ming nafari — nogironligi bo‘lgan (shundan 4,5 nafari uy-joyini ta’mirlashga muhtoj);
  • 9 ming nafari — noturar joyda yashovchi;
  • 8 ming nafari nogironligi bo‘lgan farzandini tarbiyalayotgan yolg‘iz ayol sifatida ro‘yxatga olingan.

Ayni vaqtga qadar mazkur ro‘yxatdagi 80 mingdan ortiq ayolning aniqlangan muammolari o‘rnatilgan tartibda hal etilgan.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan ayni paytda manfaatdor vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda daftarga kiritilgan xotin-qizlar orasidagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan 15 665 nafar ayollarning tadbirkorlik ko‘nikmasi hamda moliyaviy savodxonligini oshirish maqsadida «motivatsiya, ko‘nikma va moliyaviy ko‘mak» tamoyili asosida ish olib borilmoqda.

Xususan, «Xalq banki» bilan hamkorlikda ayollar tadbirkorligiga mos bo‘lgan 60 ta namunaviy «biznes reja»ni ommalashtirish ishlari yo‘lga qo‘yilmoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar