O‘zbekistonda «tonirovka» ruxsatnomasini onlayn olish imkoniyati yaratilmoqda

O‘zbekistonda «tonirovka» ruxsatnomasini onlayn olish imkoniyati yaratilmoqda

1 apreldan boshlab avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish)ga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali ham amalga oshirilishiga imkoniyat yaratilishi rejalashtirilmoqda. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasida bu haqda so‘z boradi.

Loyihaga ko‘ra, avtomobil oynasini qoraytirish («tonirovka») uchun YaIDXP orqali murojaat etganda, davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar to‘lanadigan summadan 90 foiz miqdorida to‘lanadi. Shu bilan birga, davlat xizmati ko‘rsatilganligi uchun to‘langan to‘lovlar Davlat bojlari va yig‘imlar summasi hisobini yurituvchi Yagona billing tizimi orqali elektron tarzda amalga oshiriladi.

Tizim ishga tushganidan so‘ng YaIDXPda foydalanuvchining shaxsiy kabinetida shu foydalanuvchiga tegishli bo‘lgan avtotransport vositasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar avtomat tarzda joylashtiriladi va real vaqt rejimida yangilanib boradi.

Shuningdek, qaror loyihasida davlat xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy reglament talablarini buzganlik uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy jazolar qo‘llash taklif qilingan.

Eslatib o‘tamiz, «Tonirovka» uchun belgilangan tartibda ruxsatnoma berish boshlangan. 2020 yilning 14 dekabrida ham ushbu qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan edi. 2019 yil 5 avgustdan 2020 yil 31 dekabr kuniga qadar «tonirovka uchun» jami 82 125 ta ruxsatnoma berilgan va 302 mlrd 635 mln so‘m pul mablag‘lari undirilgani haqida xabar qilgan edik.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar