O‘zbekistonda to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzgan haydovchilar uchun jarimalar kamaytirilishi mumkin

O‘zbekistonda to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzgan haydovchilar uchun jarimalar kamaytirilishi mumkin

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xafvsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzish holati uchun belgilangan jarima miqdorlarini kamaytirish taklifi ilgari surilmoqda. Bu haqda deputat Doniyor G‘aniyev ma’lum qildi.

Qo‘mita taklifiga asosan, mazkur huquqbuzarlik uchun jarimani bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (223 ming so‘m) miqdorida belgilash ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, huquqbuzarlikni takroran sodir etilganda jarima miqdorining oshishi ham bekor qilinishi kutilmoqda.

Doniyor G‘aniyevning ma’lum qilishicha, hozirda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-6-moddasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishini ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari, ya’ni 668 ming so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Ayni huquqbuzarlikni ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish haydovchiga BHMning besh baravari (1 113 000 so‘m) miqdorida, uchinchi marta sodir etilishi esa BHMning o‘n baravari (2 225 000 so‘m) miqdorida jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

«Solishtirish uchun, Rossiyada to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzish haydovchiga 3000 rubl (taxminan 415 ming so‘m), Ukrainada esa 510 ukraina grivnasi (taxminan 188 ming so‘m)ga tushadi. Qo‘shni Qozog‘istonda to‘xtab turish qoidasini buzgan haydovchi 24 ming tanga (taxminan 589 ming so‘m) jarima to‘lasa, Qirg‘izistonda esa bu qoidani buzgan haydovchilarga nisbatan 3000 qirg‘iz somi (taxminan 369 ming so‘m) jarima qo‘llaniladi. Shuningdek, bu davlatlarda (Qozog‘istondan tashqari) mazkur huquqbuzarlikni takroran sodir etish jarima miqdorini o‘zgarishiga sabab bo‘lmaydi.

Ko‘rinib turibdiki, to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzish hollari uchun belgilangan eng yuqori jarima miqdori bizda. Agar bu jarima aholining o‘rtacha daromadlari nuqtai nazaridan solishtirilsa, bu farq yanada oshishi aniq», — deb ta’kidlagan deputat.

«Avtomobillar soni tez sur’atlarda oshib borayotgan bir paytda katta shaharlar markazlarida avtomobil transportini belgilangan joyda qoldirish (parkovka) muammosi ko‘plab haydovchilar uchun dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Bu masala ayniqsa poytaxtda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Shaharda pullik avtoturargohlar yetishmasligi yoki haydovchilar uchun qulaylik yaratish (holbuki, bu orqali mahalliy byudjetga yaxshigina daromad ishlash imkoniyati bor) maqsadida markaziy ko‘chalarda yo‘l bo‘ylariga oddiy parkomatlar o‘rnatilmaganligi bir sabab bo‘lsa, belgilanmagan yoki ruxsat etilmagan joylarda avtomobil transporti parkovka qilingani uchun ‘otni kallasidek’ jarimalar belgilanganligi tabiiy ravishda ko‘plab haydovchilar e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda», — deya qo‘shimcha qildi Doniyor G‘aniyev.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar