Yoshlarni kasbga o‘qitishning zamonaviy tizimini rivojlantirish maqsadida «World Skills International» harakatiga qo‘shilish bo‘yicha 2019 yil 13 mayda Vazirlar Mahkamasining “Mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan malakali kadrlarni kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 394-sonli qarori qabul qilindi.
Munosib ish o‘rinlarini yaratish – bugungi kunda hal qilinishini kutayotgan asosiy masala va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati uchun asosiy ustuvorlikdir. Ushbu sohadagi vazifalarni hal qilish mehnat bozori, jumladan joylarda yaratilayotgan yirik korxonalar va klasterlar ehtiyojlarini hisobga olgan holda yuqori malakali ishchi kasblar mutaxassislarini tayorlashning samarali tizimini yaratish zaruratini taqozo qiladi.
Mehnat bozorining malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, kasbiy ta’limni ishlab chiqarish amaliyoti bilan integratsiyalash, kasbiy kasbiy bilim va ko‘nikmalarni baholashning xalqaro tizimini joriy etish maqsadlarida, joriy yil may oyida Hukumat tomonidan kasbiy malakalar va kasbiy bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish milliy tizimini joriy etish to‘g‘risida qaror (“Mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan malakali kadrlarni kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 394- son VMQ) qabul qilindi, unda, jumladan, O‘zbekistonda kasbiy ta’lim va malakalarni baholash tizimiga WorldSkills standartlarini joriy qilish, shuningdek WorldSkills standartlari bo‘yicha ishchi kasblar milliy va mintaqaviy chempionatlarini o‘tkazishni ko‘zda tutuvchi “WorldSkills Uzbekistan” ishchi kasblarni rivojlantirish va ommalashtirish assotsiatsiyasini yaratish nazarda tutilgan.
O‘zbekistonning kelgusi umumjahon chempionatlarida qatnashishi, shuningdek mintaqaviy va milliy miqyoslarda musobaqalarni tashkil etish kasbiy ta’lim tizimiga xalqaro standartlarni yanada kengroq tatbiq etishga xizmat qiladi, bu esa, o‘z navbatida, tayyorlanayotgan kadrlar malakasining oshishiga yordam beradi.
WorldSkills International – xalqaro notijorat tashkiloti bo‘lib, ikki yilda bir marta o‘tadigan xalqaro chempionatlarni tashkil etish orqali ishchi kasblar nufuzi va maqomini, shuningdek kasbiy tayyorgarlik standartlarini oshirishga qaratilgan. Ishchi kasblar bo‘yicha jahon chempionati 2021 yil sentyabrda Shanxayda o‘tkaziladi.
WorldSkillsni O‘zbekistonda rivojlantirish bo‘yicha strategik hamkor BMT Taraqiyot Dasturi sanaladi. Hozirda BMT TD, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda, “BMT TD – Rossiya federatsiyasi, taraqqiyot maqsadlarida” trast fondi tomonidan moliyalashtiriladigan “O‘zbekistonda yoshlar bandligiga ko‘maklashish” qo‘shma loyihasini amalga oshirmoqda. Undan ko‘zlangan maqsad mehnat bozoridagi qator faol tashabbuslarni amalga oshirishda O‘zbekiston Hukumatiga yordam ko‘rsatish orqali O‘zbekistonda, ayniqsa yoshlar (kollej va universitetlar bitiruvchilari, yosh ayollar va h.k.) orasida bandlikka ko‘maklashish sanaladi.
BMT TDning O‘zbekistondagi Doimiy Vakili o‘rinbosari Doyna Muntyanu xonim qayd etganidek: “Ushbu loyiha doirasida O‘zbekistonda “WorldSkills Expert Community” professional ekspert hamjamiyatini yaratish, shuningdek WorldSkills standartlari bo‘yicha kasbiy bilim va ko‘nikmalarni mustaqil baholash tizimini ishlab chiqish ham rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlar yakunida eng talabgir kasbiy bilim va ko‘nikmalar bo‘yicha kamida 70 nafar WorldSkills Uzbekistan ekspertlari saralab olinadi va ekspertlar guruhi shakllantiriladi. Bu ekspertlar kelgusida O‘zbekistonda xalqaro e’tirof etilgan WorldSkills standartlarini tatbiq etadilar".
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar muassisligida “Ishchi kasblarni rivojlantirish va ommalashtirish” assotsiatsiyasi (World Skills Uzbekistan) tashkil etilib, 2019 yil 29 avgustda 893-son bilan Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazildi va Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘laridan Ustav fondiga 10 mlrd.so‘m ajratildi.
2019 yilning 17-18 dekabr kunlari Toshkent shahridagi "Ishga marhamat" Monomarkazida WorldSkills International xalqaro standartlari asosida Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston jamoalari ishtirokida Ishchi kasblar bo‘yicha birinchi ochiq chempionat o‘tkazildi. Chempionatda jami 150 dan ziyod chet ellik ishtirokchilar va ekspertlar ishtirok etib, 2 yo‘nalish bo‘yicha (kurilish quruk ishlari va sartaroshlik) O‘zbekistonlik vakillar birinchi o‘rinlarini egallashdi.
2020 yilning 18-yanvar kuni O‘zbekiston “WorldSkills International” xalqaro assotsiatsiyasining 83-chi a’zo davlati etib tayinlandi.
2020 yilning 4-7 fevral kunlari World Skills Uzbekistan delegatsiyasi “Molodie professionali” (WorldSkills Russia) uyushmasining Moskva shahridagi bosh ofisida WorldSkills harakatini rivojlantirish bo‘yicha treningda katnashdi. Tashrif mobaynida WorldSkills Russia Bosh direktori Robert Urazov bilan Hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
2020 yilning 30-31 oktyabr kunlari Toshkent "Ishga marxamat" monomarkazida "WorldSkills Intemational" tizimi asosida ishchi kasblarning yosh vakillari ishtirokida birinchi "WorldSkills Uzbekistan - 2020" milliy chempionati o‘tkazildi.
Joriy yilda “WorldSkills Russia” ittifoqi hamda Birlashgan millatlar tashkiloti Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda WorldSkills harakatini rivojlantirish, jumladan kasbiy malakani baholash maqsadida 14 yo‘nalish bo‘yicha (mehmonxona ma’murchiligi, mobil robototexnika, sartaroshlik, oshpazlik, restoran hizmati, santexnika va isitish tizimi, payvandlash, kuruk kurilish va suvok ishlari, moda texnologiyalari, elektromontaj, kosmetologiya, biznes uchun dasturiy yechimlar, buyoqchi, qandolatchi) 79 nafar milliy ekspertlar tayinlandi.
Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida mazkur 14 ta yo‘nalish bo‘yicha WorldSkills standartlari asosida 169 nafar ishsizlar kasbga o‘qitildi.
2021 yil may oyidan “WorldSkills” metodologiyasiga muvofiq kasbiy bilim va ko‘nikmalarni baholash tizimini joriy etildi. Tayerlangan ekspertlar tomonidan WorldSkills metodikasi bo‘yicha 14 ta yo‘nalish bo‘yicha 229 nafar fuqaro kasbiy malakasi baholandi va “SkillsPassport” berildi.
Shuningdek, Rossiyaning 8 ta shaharlarida (Moskva, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg, Kazan, Novosibirsk, Krasnoyarsk, Tomsk, Chelyabinsk) 2020 yildan O‘zbekistonlik mehnat migrantlarini WorldSkills standartlari asosida o‘qitish loyihasi amalga oshirilmoqda (2020 yilda 500 dan ortiq fuqaro o‘qitildi, 2021 yilda 2 mingta o‘qitiladi).
Shuningdek, bir qator ish beruvchi korxonalar, jumladan “O‘zbekgidro”, Otelerlar uyushmasi, Turizm sohasida Kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish respublika markazi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda kasbiy malakani baholash tizimini joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.
2021 yil 1 iyundan onlayn shaklda boshlangan Yevroosiyo chempionatida jami 11 ta davlat orasida O‘zbekistondan 4 ta yo‘nalish (sartaroshlik san’ati, elektromontaj, quruq qurilish va suvoq ishlari, tikuvchilik) bo‘yicha “WorldSkills Uzbekistan-2020” chempionati g‘oliblari ishtirok etishmoqda.
WorldSkills standartlari asosida mehnat migrantlarini tayyorlash maqsadida Rossiyaning “Rosatom” korporatsiyasiga ishga taklif kilingan fuqarolarning malakasini tasdiqlash uchun “Ishga marxamat” monomarkazida “AtomSkills” standartlari asosida payvandlash, beton va suvokchilik hamda armatura ishlari bo‘yicha imtihon poligonlari tashkil etildi.
WorldSkills Russia bilan hamkorlikda Toshkent shahri Yunusobod tumanida Mehnat vazirligining kasb-hunarga o‘qitish markazida Kazan axborot texnologiyalari va aloqa texnikumining filiali va Buxoro viloyati Ishga marhamat monomarkazi bazasida Ural texnologiya va tadbirkorlik kolledji filialini ochish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning 4 choragida “WorldSkills Uzbekistan – 2021” milliy chempionati o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, uning natijalariga ko‘ra 2022 yilda Shanxay shahrida bo‘lib o‘tadigan «World Skills International» Xalqaro kasblar chempionatida qatnashish uchun milliy terma jamoasi shakllantiriladi va unga tayyorgarlik ishlari boshlanadi.
Izoh qoldirish