“Aholini ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga doir choralar to‘g‘risida”gi Qonun (O‘RQ-689, 29.04.2021 y.) Prezident tomonidan imzolandi.
Qonun bilan Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, 2021 yil maydan 31 dekabrgacha quyidagilar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi:
- O‘zbekiston hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek, soya danagini olib kirish;
- o‘simlik yog‘ini (paxta yog‘idan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma.
Qonunga muvofiq, 2021 yil 1 maydan 31 dekabrgacha:
- ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan eksport bojxona bojlari kiritiladi;
- tadbirkorlarga o‘zlari tomonidan import qilingan kungaboqar yog‘i va kungaboqar urug‘larini qayta ishlash natijasida olingan o‘simlik yog‘ining (TIF TN bo‘yicha kodi 1512 11 – 1512 19) 50 foizidan oshmagan qismini eksport qilishga ruxsat beriladi.
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, Antimonopoliya qo‘mitasi paxta yog‘i narxlarining o‘sishini oldini olish uchun bitta xaridor tomonidan paxta yog‘ini 3 tonnadan ko‘p bo‘lmagan miqdorda tovar va xom ashyo birjasida sotib olish hajmini cheklagani haqida xabar bergan edi.
Izoh qoldirish