O‘zbekistonning suveren kredit reytingi barqarorligini ta’minlovchi omillari

O‘zbekistonning suveren kredit reytingi barqarorligini ta’minlovchi omillari

Muallif dunyo bo‘ylab koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish uchun amalga oshirilayotgan choralar natijasida yuzaga kelgan global inqiroz ham rivojlangan, ham rivojlanayotgan davlatlarning kredit reytinglari yoki ular bo‘yicha kutilmalarga salbiy ta’sir qilayotgani ta’kidlab o‘tgan. Undan keyingi bo‘limda O‘zbekistonning kredit reytingi barqarorligini ta’minlovchi ichki va tashqi omillar haqida so‘z boradi.

Joriy yil 5 iyun kuni «S&P Global Ratings» xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning uzoq muddatli suveren kredit reytingini «BB-/V» darajasida tasdiqladi. Shu bilan birga, agentlik mamlakat suveren kredit reytingi bo‘yicha kutilmasini «barqaror»dan «salbiy»ga qayta ko‘rib chiqdi.

Agentlikning salbiy kutilmasi O‘zbekistonning tashqi qarzi kutilganidan tezroq sur’atlarda o‘sayotgani, joriy yilda davlat tomonidan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va investitsiya dasturlarini moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlaridan qarz jalb qilayotgani hamda joriy operatsiyalar hisobi defitsitining yuqori darajada kutilishi bilan izohlanadi.

S&P kutilmasining «barqaror»dan «salbiy»ga o‘zgartirilishi nimani anglatadi?

Bu shuni anglatadiki, O‘zbekistonning kredit reytingi keyingi 6 oydan 2 yilgacha bo‘lgan muddatda ikki ssenariyda (pasayish yoki ko‘tarilish) o‘zgarishi mumkin:

  1. Agar O‘zbekiston iqtisodiyoti keyingi ikki yilda uzoq davom etadigan iqtisodiy sekinlashishga duch kelsa yoki to‘lov balansi joriy operatsiyalar hisobi kutilganidan ko‘ra yomonlashsa, agentlik mamlakat kredit reytingini «BB-» darajadan «B+» darajaga pasaytirishi mumkin;
  2. Agar qisqa va o‘rta muddatli istiqbolda O‘zbekistonning global iqtisodiyotga integratsiyalashuvining (Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lib qo‘shilishi) tezlashishi hamda davlat korxonalarining isloh qilinishi bilan iqtisodiyotimiz ishlab chiqarish salohiyati va tashqi shoklarga bardoshliligi oshib, davlat tashqi qarzi o‘sish sur’ati sekinlashsa, agentlik respublikamiz kredit reytingi bo‘yicha kutilmasini «barqaror» darajaga ko‘tarishi mumkin.

Pandemiyada dunyo mamlakatlari suveren kredit reytinglaridagi o‘zgarishlar

Koronavirus inqirozi kabi misli ko‘rilmagan inqirozlar insonlar hayoti va turmush farovonligini saqlab qolish uchun davlat xarajatlarining oshirilishini talab etadi. Shuning uchun butun dunyo mamlakatlari hukumatlari COVID-19 inqiroziga javoban iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun bir necha rag‘batlantirish dasturlarini e’lon qilishdi. Mazkur rag‘batlantirish dasturlarini moliyalashtirish ham rivojlangan ham rivojlanayotgan davlatlar tashqi qarzi o‘sish sur’atlarining tezlashishiga olib keldi. Ustiga ustak, joriy yilda ayrim davlatlarda iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi kutilayotgan bo‘lsa, boshqa mamlakatlarning iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari manfiy raqamlarda aks etishi mumkin.

Mazkur omillarni hisobga olib xalqaro reyting agentliklari davlatlarning suveren kredit reytinglarini yoki ular bo‘yicha kutilmalarini qayta ko‘rib chiqmoqda. Masalan, «S&P Global Ratings» xalqaro reyting agentligi 2020 yil boshidan hozirga qadar 50ga yaqin mamlakatning kredit reytinglari yoki kutilmalarini salbiy tomonga o‘zgartirdi.

Xususan, joriy yilning 8 aprel kuni «S&P» agentiligi Avstraliyaning uzoq muddatli reytingini «AAA» darajada, qisqa muddatli reytingini «A-1+» darajada o‘zgarishsiz saqlab qolgan bo‘lsada, uzoq muddatli reytinglari bo‘yicha kutilmasini «barqaror»dan «salbiy»ga o‘zgartirdi. Avstraliyaning kuchli institutsional sharoitlari, boy iqtisodiyoti va pul-kredit siyosatining moslashuvchanligi mamlakat kredit reytingiga ijobiy ta’sir qilganiga qaramasdan, davlat tashqi qarzi va uy xo‘jaliklari qarzdorligining yuqoriligi, shuningdek, jahon bozorida xomashyo narxlarining tushib ketishi va Avstraliya eksportiga talabning sezilarli darajada kamayishi «S&P» agentligi tomonidan mamlakat kredit reytingi bo‘yicha kutilmalarni salbiy tomonga o‘zgartirilishiga sabab bo‘ldi.

6 aprel kuni esa «S&P» Braziliyaning uzoq va qisqa muddatli suveren kredit reytingini «VV-/V» darajada tasdiqlagan bo‘lsada, COVID-19 bilan bog‘liq noaniqlarning ortishi natijasida mamlakatning uzoq muddatli reytinglari bo‘yicha kutilmasini bir pog‘ona – «ijobiy»dan «barqaror»ga o‘zgartirdi.

Shuningdek, 17 aprel kuni «S&P Global ratings» Indoneziyaning kredit reytingi bo‘yicha kutilmasini «barqaror»dan «salbiy»ga tushirdi va ushbu qarorini koronavirus tarqalishiga qarshi davlat xarajatlarining ko‘payishi bilan bog‘liq bo‘lgan moliyaviy xatarlarning oshishi bilan izohladi.

Shu bilan birga, «S&P agentligi» Nigeriya oltin-valyuta zaxirasi hajmi 2019 yil o‘rtalaridagi 45 mlrd. dollardan 2019 yil oxirida

38 mlrd. dollarga va 2020 yil fevral oyida 36,5 mlrd. dollarga kamaygandan keyin mamlakat kredit reytingi bo‘yicha kutilmasini «barqaror»dan «salbiy»ga o‘zgartirgan edi.

O‘zbekiston suveren kredit reytingi barqarorligini ta’minlovchi ichki va tashqi omillar

Joriy yilda va undan keyingi yillarda respublika kredit reytingi barqarorligini ta’minlovchi omillardan biri – to‘lov balansi joriy operatsiyalar hisobining yaxshilanishidir.

2020 yil 1 chorakda joriy operatsiyalar hisobi defitsiti o‘tgan yilning mos choragiga nisbatan 18 foizga (191 mln. doll.) kamayib, 864 mln. dollarni tashkil etdi.

2020 yil I chorak uchun to‘lov balansi joriy operatsiyalar hisobining dastlabki ko‘rsatkichlari*

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki

Izoh: *ma’lumotlar to‘lov balansi va xalqaro investitsion pozitsiya bo‘yicha qo‘llanma (TBQ6) uslubiyatiga muvofiq tuzilgan bo‘lib, Davlat statistika qo‘mitasining savdo balansi ko‘rsatkichlaridan farq qilishi mumkin.

Mazkur davrda koronavirus inqirozi tufayli tabiiy gaz eksporti va turizmdan tushumlar kamayishi bilan bir qatorda import hajmi ham sezilarli darajada kamaydi. Bundan tashqari, jahon bozorida oltin narxining oshib borayotgani eksportdagi yo‘qotishlar o‘rnini qoplashi kutilmoqda. 2020 yil 2 iyun kuni London oltin bozorida 1 troy unsiya oltin narxi 1742,2 AQSh dollarini tashkil qildi yoki yil boshiga (1514,8 AQSh dollari) nisbatan 15 foizga oshdi. Shu o‘rinda qayd o‘tish kerakki, 2020 yil yanvar-aprel oylarida

1,55 mlrd. AQSh dollari miqdorida oltin eksport qilindi.

London Bullion Market da oltin narxi (London vaqti bilan soat 15:00)

AQSh doll/ 1 troy unsiya

Manba: Economic Research Federal Reserve Bank of St. Louis

Shu bilan birga, asosiy savdo hamkorlarimiz – Rossiya, Qozog‘iston va Xitoy iqtisodiyoti sekin-asta oyoqqa turmoqda. Mazkur davlatlarda iqtisodiy o‘sishning tiklanishi O‘zbekiston eksportiga talabni qayta jonlantiradi. Bu esa tashqi savdo balansining yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Rossiya va Qozog‘istonda iqtisodiy vaziyatning yanada o‘nglanishi ma’lum darajada neft narxining prognoz ko‘rsatkichlari doirasiga qaytishiga ham bog‘liq. Qayd etish lozimki, jahon bozorida 1 barrel neft xomashyosi (crude oil: Brent – Europe) narxi 2020 yil 21 aprel kuni o‘zining rekord darajadagi past ko‘rsatkichiga (9,12 dollar) yetganidan so‘ng, yana ko‘tarila boshladi va 1 iyun holatiga 36,74 dollarni tashkil etdi.

Xom neft (Crude oil) narxi: Brent – Europe

AQSh dollar/1 barrel

Manba: Economic Research Federal Reserve Bank of St. Louis

Neft narxining qimmatlashishi bilan rossiya rubli va qozoq tengesi qadri osha boshladi. Iyun oyining boshiga kelib so‘m devalvatsiyasi darajasiga yaqinlashdi. Rubl va tenge qadrining bunday oshishi O‘zbekistondan tovarlar va xizmatlar eksportiga talabni oshiradi.

Milliy valyutalarning 1 AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi indeksi

Manba: Markaziy banklar ma’lumotlari asosida hisob-kitoblar

Shuningdek, mazkur valyutalarning AQSh dollariga nisbatan qadrining ko‘tarilishi O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmiga ham ma’lum darajada ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Masalan, Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyining so‘nggi 10 kunligida xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi oyning birinchi va ikkinchi o‘n kunligiga nisbatan 1,7 barobar oshgan. May oyida esa pul o‘tkazmalari hajmi yanada jonlandi. Kelgusi oylarda ham xalqaro pul o‘tkazmalarining ko‘payishi to‘lov balansi joriy operatsiyalar hisobi holatining yaxshilanishiga xizmat qiladi.

«S&P» agentlik press-relizida ta’kidlaganidek, O‘zbekistonning global iqtisodiyotga yanada integratsiyalashuvi suveren kredit reytingiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu borada bir necha olg‘a qadamlar tashlandi. Xususan, Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

«S&P» agentligi tomonidan respublikamiz kredit reytingi bo‘yicha kutilmani «barqaror» darajaga o‘zgartirishga turtki bo‘ladigan omillardan yana biri YaIMga nisbatan tashqi qarz o‘sish sur’atlarining sekinlashishi hisoblanadi. Bu, bir tomondan, pandemiyadan keyingi davrlarda YaIM o‘sish sur’atlarining tezlashishiga bog‘liq. Boshqa tomondan esa, O‘zbekiston Respublikasi (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati) nomidan yoki O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida tashqi qarzni jalb etish bo‘yicha imzolanadigan yangi shartnomalarning chegaralangan hajmi 4 mlrd AQSh dollaridan oshmasligini ta’minlanishiga bog‘liq.

Bundan tashqari, iqtisodiy tizimda infrastrukturani rivojlantirish va ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish maqsadida ichki moliyaviy resurslarni safarbar qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu omillarni hisobga olib, O‘zbekistonda 2020−2025 yillarga mo‘ljallangan bank tizimini isloh qilish strategiyasi tasdiqlandi. Mazkur strategiyaga ko‘ra, 2025 yilgacha xalqaro moliya institutlari ko‘magida «Ipoteka-bank» ATIB, «O‘zsanoatqurilishbank» ATB, «Asaka» ATB, AT «Aloqabank», «Qishloq qurilish bank» ATB va «Turonbank» ATBdagi davlat ulushlari bosqichma-bosqich xususiylashtiriladi.

Shuningdek, davlat ulushi mavjud korxonalarni xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish O‘zbekistonning suveren kredit reytingi barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladigan omillardan hisoblanadi. Shuning uchun «Iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasi ishlab chiqilmoqda. Mazkur qaror loyihasida davlat ulushi 1 foizdan 100 foizgacha bo‘lgan

1115ta korxonalar to‘liq xususiylashtirish nazarda tutilgan.

Xulosa

Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz sababli xalqaro reyting agentliklari mamlakatlar suveren kredit reytinglarini yoki ular bo‘yicha kutilmalarini qayta ko‘rib chiqmoqda. Shular jumlasidan, «S&P» tomonidan O‘zbekiston suveren kredit reytingi bo‘yicha kutilmaning «barqaror»dan «salbiy»ga o‘zgartirildi. Agentlikning ushbu qarori koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga ta’siri bilan izohlanadi.

O‘zbekiston kredit reytingini barqaror darajada saqlab qolish uchun to‘lov balansi joriy operatsiyalar hisobini yaxshilanishi, bank tizimini transformatsiya qilish, xususan davlat ulushi mavjud banklarni xususiylashtirish hamda banklarning moliyaviy vositachilik vazifasini kuchaytirish, davlat korxonalarini xususiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish talab etiladi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

yetakchi ilmiy xodimi Xalilulloh Hamidov

Kun.uz

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar