Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarida 2016 yilda atiga 15,7 million dollarlik investitsiya jalb etilgan, bu ko‘rsatkich 2020 yilda koronavirus pandemiyasi bo‘lishiga qaramay, 187,6 million dollarga yetdi.
So‘nggi yillar mobaynida tayyor charm-poyabzal, charm-attorlik mahsulotlari, mo‘yna va qorako‘l terisi, mahalliy korxonalar xomashyosi asosida jundan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada ko‘paydi. Milliy charm-poyabzal va mo‘ynachilik mahsulotlarimizning sifati va turi ortdi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra soha korxonalari tomonidan 3 trillion 647 milliard co‘mlik maxsulotlar ishlab chiqarildi va 2016 yil bilan taqqoslanganda o‘sish surati 8 marotabadan oshgan.
O‘zbekistonda xomashyo yetarli. Faqat avvallari uni qayta ishlash orqada qolgandi. Mana shu kamchilikni to‘ldirish maqsadida so‘nggi yillarda tizim korxonalari Italiya, Germaniya, Turkiya, Xitoy kabi sanoati rivojlangan davlatlarning yetakchi kompaniyalarida ishlab chiqarilgan eng yaxshi dastgohlar bilan jihozlandi. Mahalliy tadbirkorlik sub’yektlarini xom ashyoni chuqur qayta ishlash jarayoniga jalb etishga ham alohida e’tibor qaratildi.
— Bugungi kunda oldimizda mahalliylashtirishni ta’minlash, ichki va tarmoqlararo kooperatsiyani jadal rivojlantirish, mahsulot sifatini ko‘tarishdek bir qator ustuvor vazifalar turibdi, deydi, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisining o‘rinbosari Akbar Sultanov. — Buni raqamlarda ham ko‘rish mumkin. Agar 2016 yilda xorijiy davlatlarga sotilgan tayyor charmning faqat bir foizi ikkinchi va uchinchi marta qayta ishlangan charm, qolgani yarimtayyor mahsulot bo‘lgan bo‘lsa 2021 yil yakuniga kelib, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlarning eksportini 420 million dollarga yetkazishni mo‘ljallaganmiz.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yorlig‘i ostidagi charm-poyabzal va mo‘ynali mahsulotlar dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlari bozorida o‘z xaridorini topib ulgurgan. Uyushma tarkibidagi korxonalar bilan birgalikda har yili xorijiy davlatlarda o‘tkaziladigan “Aymod”, “Aysaf”, “China International Export & Import”, “APLF Leather & Materials”, “MICAM Milano International Footwear Exhibition”, “Linipelli”, “Pure London”, “India International Leather Fair”, “Mosshoes”, “Shoes Star-Asia”, “Biot”, “Myagkoye zoloto” va boshqa bir qator Xalqaro charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalariga mo‘ljallangan ko‘rgazmalarda munosib ishtirok etib kelmoqda.
Sohada amalga oshirilayotgan ishlar aholini arzon, sifatli, zamonaviy va chiroyli poyabzal hamda charm-attorlik buyumlari bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Izoh qoldirish