Partisipator byudjetlashtirish: Fuqarolarni byudjet jarayonidagi ishtirokining samarali mexanizmi

Partisipator byudjetlashtirish: Fuqarolarni byudjet jarayonidagi ishtirokining samarali mexanizmi

Davlat byudjeti iqtisodiyotda makroiqtisodiy boshqaruvning muhim vositasi bo‘lib, uning samaradorligi hukumatning ijtimoiy-iqtisodiy maqsadlarga erishishdagi muvaffaqiyatlarini belgilaydi. Davlat byudjeti aholining hayotiga ta’sir qiluvchi ijtimoiy va iqtisodiy siyosat va ustuvorliklarni amalga oshirish uchun vositadir. Byudjet jarayonida fuqarolarning ishtirokiga asoslangan byudjetlashtirishning zamonaviy usullaridan biri - “Partisipator byudjetlashtirish” amaliyotidir va undan byudjet munosabatlarini rivojlanishining zamonaviy bosqichida ko‘pgina davlatlar foydalanmoqda.

“Partisipator” so‘zi - ingliz tilida “participate” - “tashabbusli yoki faol ishtirok etish”[1] degan ma’noni anglatadi. Partisipator byudjetlashtirish (ingl. “participatory budjeting”) - bu fuqarolarning tashabbuslarini hisobga olgan holda byudjet mablag‘larining bir qismini taqsimlash va bu mablag‘larni sarflash yo‘nalishlarini tanlash bo‘yicha ularning bevosita ishtirokida qarorlarni qabul qilish, shuningdek qabul qilingan qarorlarning amalga oshirilishini kuzatish amaliyotidir[2].

Ushbu jarayon uchta asosiy maqsadga ega:

  • Shaffoflik: fuqarolarga joriy byudjet to‘g‘risida va byudjetni rejalashtirishning aniqlangan elementlari to‘g‘risida ma’lumot beriladi. Jarayonni shaffof qilish mablag‘larni samarasiz yoki noto‘g‘ri ishlatilishini oldini olishga yordam beradi.
  • Jamiyat uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan sohada fuqarolarning ishtiroki yoki birgalikda qaror qabul qilish: mahalliy ma’muriyat va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilanadi hamda fuqarolar hududda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ko‘proq xabardor bo‘lishadi.
  • Davlat xarajatlari fuqarolarning manfaatlariga ko‘proq mos keladi: jamoat ishtirokchilari uchun mahalliy ma’muriyat davlat mablag‘larini amaldagi ehtiyojlarga muvofiq qanday sarflash to‘g‘risida qaror qabul qilish va adolatli taqsimlash uchun byudjet ustuvorliklarini qayta ko‘rib chiqishi mumkin.

Xalqaro tajribadan ma’lumki, partisipator byudjetlashtirish 1989 yilda birinchi marta Braziliyaning Porto-Alegri shahrida qo‘llanilgan. Ma’muriyat fuqarolarga shahar byudjetining bir qismini qanday taqsimlash to‘g‘risida qaror qabul qilish imkoniyatini berdi. Bugungi kunda, o‘ttiz yillik muvaffaqiyatli amaliyotdan so‘ng, Porto-Alegri fuqarolari shahar byudjetining 20 foizini taqsimlaydilar[3].

Mazkur byudjet amaliyotini G‘arbiy va Sharqiy Yevropadagi 20 dan ortiq davlatlar, Lotin Amerikasi, AQSh, Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya va boshqa ko‘plab davlatlar muvaffaqiyatli qo‘llamoqda. Masalan, Hindistonning Kerala shtatida partisipator byudjetlashtirish amaliyoti 1996 yilda to‘liq amalga oshirilgan bo‘lib, fuqarolar 24 yildan ko‘proq vaqtdan beri byudjet jarayonida ishtirok etib kelmoqda. Uni ishga tushirishda barcha bosqichlardagi maslahat yordami 373 ta davlat instruktorlari tomonidan olib borilgan.

2016 yil noyabr oyida Hindistonning Kochi shahrida BRIKS davlatlari ishtirokida “Mahalliy darajada partisipator byudjetlashtirish” mavzusida halqaro konferensiyaning bo‘lib o‘tganligi ham bejizga emas.

Kerala shtatida partisipator byudjetlashtirish mexanizmi 5-ta bosqichli jarayonni o‘z ichiga oladi (1-rasm).

1-rasm. Hindistonning Kerala shtatida partisipator byudjetlashtirishni amalga oshirish bosqichlari[4]

Shaharni har tomonlama rivojlantirishni rejalashtirish aholining fikriga asoslanadi: aholining quyi darajadagi umumiy uchrashuvlarida istaklar muhokama qilinadi va turli sohalarda shakllantiriladi, ular keyinchalik butun tumanni rivojlantirish rejasiga qo‘shilishi uchun jamoatchilik vakillaridan iborat ixtisoslashtirilgan ishchi guruhlar tomonidan ishlab chiqiladi. Aholining umumiy uchrashuvlari yiliga 4 marotaba o‘tkaziladi, shuning uchun mahalliy jamoa o‘zlarini rivojlantirish ustuvorliklari va rejalarning bajarilishini nazorat qilish imkoniyati mavjud.

Birinchi uchrashuv aqliy hujum, ochiq forum rolini o‘ynaydi, unda aholining asosiy muammolari, ustuvorliklari aniqlanadi va Rivojlanish bo‘yicha seminarlar uchun tematik Ishchi guruhlar shakllantiriladi, bu yerda aniq loyihalar uchun g‘oyalar tayyorlanadi. Ishchi guruhlar qishloq xo‘jaligi, qashshoqlikka qarshi kurash va ish bilan ta’minlash, asosiy infratuzilma ob’yektlari, sog‘liqni saqlash, ta’lim, sanitariya, ichimlik suvi, ayollar va bolalar muammolari kabi yo‘nalishlar ular bo‘yicha ish olib boradi.

Kerala shtatidagi partisipator byudjetlashtirish tajribasining o‘ziga xos xususiyati shundaki, uning ishga tushirilishidan oldin mahalliy jamoalarning salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlar, xususan, umumiy savodxonlikni ta’minlash va oshirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilgan. Shtat Hindistonda aholining savodxonligi bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. 2011 yilgi aholi ro‘yxatiga ko‘ra, Keralada yashaydigan erkaklarning 96 foizi va ayollarning deyarli 92 foizi savodlidir[5].

Ushbu innovatsion mexanizm mahalliy ijtimoiy muammolarni hal qilishda ijobiy hissa qo‘shmoqda, chunki fuqarolarning ishtiroki va ishtirokining ortishi bilan bir qatorda, boshlang‘ich ta’lim, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, ichimlik suvi bilan ta’minlash, sanitariya va boshqa ijtimoiy xizmatlarning sifati mamlakatda o‘sib bormoqda.

Jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu amaliyotni mahalliy hukumatlar tomonidan amalga oshirilishida asos sifatida aniq prinsiplar, mexanizmlar va tartiblar qo‘llaniladi. Ularni qanchalik puxta va mukammal ishlab chiqilganligi jarayonni muvafaqqiyatli amalga oshirilishini ta’minlaydi. Oxirgi yillarda qator mamlakatlarda uning rivojlanishining asosiy tendensiyalarini aholi qamrovini oshirish uchun internet-texnologiyalardan, ma’lum bir maqsadli guruhlar (yoshlar, migrantlar)ni hisobga olgan partisipator byudjetlashtirish mexanizmidan foydalanish, byudjet ochiqligi siyosatiga partisipator byudjetlashtirishning integratsiyasi, partisipator byudjetlashtirish mexanizmiga asoslangan qator innovatsion amaliyotlarning paydo bo‘lishida ko‘rishimiz mumkin.

Respublikamizda 2018 yildagi PEFA metodologiyasi bo‘yicha amaldagi byudjet tizimining tanqidiy tahlili, davlat moliyasini boshqarish samaradorligini baholash natijalari hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasining shaffoflik Kodeksi asosida soliq-byudjet siyosati ochiqligi yuzasidan o‘tkazilgan diagnostik baholashlardan kelib chiqib so‘nggi ikki yilda davlat moliyasi boshqarishni takomillashtirish bo‘yicha bir qator tadbirlar amalga oshirildi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ochiqligi va shaffofligini hamda fuqarolarni byudjet jarayonidagi ishtirokini ta’minlash maqsadida:

  • 2018 yildan boshlab “Fuqarolar uchun byudjet” axborot nashri ishlab chiqilmoqda;
  • Davlat byudjeti to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar joylashtirilib kelinayotgan “Ochiq byudjet” (www.openbudget.uz) axborot portali 2019 yilning yanvar oyidan boshlab ishga tushirildi;
  • Davlat byudjeti ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlar Davlat moliyaviy statistikasi (GFS) standartlariga muvofiq shaklda Xalqaro valyuta jamg‘armasining saytida joylashtirib borilmoqda;
  • 2019 yildan boshlab tuman va shahar byudjetlarida hosil bo‘ladigan qo‘shimcha manbalarining kamida 10 foizi fuqarolar tomonidan bildirilgan tadbirlarga asosan yo‘naltirish mexanizmi joriy etildi;
  • Byudjet mablag‘larini tasarruf etuvchilar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan byudjet mablag‘laridan foydalanish jarayonini to‘liq o‘z rasmiy saytlarida e’lon qilib borishlarini tartibga soluvchi qonun va qonunosti hujjatlariga tegishli normalar kiritildi.

Shuningdek, 2020 yildan boshlab ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda Davlat byudjeti loyihasi ilk bora Qonun shaklida qabul qilindi hamda vazirlik va idoralarning vakolat va mas’uliyatini oshirish maqsadida byudjet xarajatlari avvalgidek sohalar bo‘yicha emas, balki vazirlik va idoralar kesimida tasdiqlandi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalari tomonidan, mahalliy byudjetlar esa tegishli xalq deputatlari kengashlari tomonidan tasdiqlash amaliyoti joriy etildi.

“Ochiq byudjet” (www.openbudget.uz) axborot portali va tuman (shahar) byudjetlari qo‘shimcha manbalarining 10 foizidan kam bo‘lmagan qismini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltirishni nazarda tutuvchi byudjet mablag‘larini taqsimlashda fuqarolar ishtiroki “Tashabbusli byudjet” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 avgustdagi “Byudjet ma’lumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3917-son qaroriga asosan joriy etilib, davlat byudjeti daromadlari va xarajatlari, ularning ijrosi to‘g‘risidagi hisobot ma’lumotlarining mamlakatimiz fuqarolari, investorlar va tashqi foydalanuvchilarga sifatli yetkazilishida va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qilmoqda. “Tashabbusli byudjet” doirasida amalga oshiriladigan tadbir oshkora va aholi ishtirok etishiga qulay bo‘lishi uchun moliyalashtirishga takliflar va takliflarga berilgan ovozlarni shakllantirish “Ochiq byudjet” (www.openbudget.uz) axborot portali orqali amalga oshirilmoqda va jamoatchilik fikriga yo‘naltiriladigan mablag‘ miqdori hududlar kesimida e’lon qilinmoqda.

“Tashabbusli byudjet” natijalarini tahlil qiladigan bo‘lsak, 2019 yil davomida respublika bo‘yicha “Tashabbusli byudjet” amaliyoti natijasida tuman (shahar)lar fuqarolaridan www.openbudget.uz ochiq byudjet axborot portalida jami 52 634 ta taklif va ovozlar kelib tushgan va aholi takliflariga ko‘ra ajratilgan mablag‘lar jami 113 mlrd. so‘mni tashkil etgan.

Jumladan, birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, jami shakllangan qo‘shimcha mablag‘lar 253,3 mlrd. so‘mni tashkil etgan, tuman (shahar)lar byudjetlari qo‘shimcha manbalarini yo‘naltirishda fuqarolardan jami 4049 ta taklif va ovozlar kelib tushgan, aholi takliflariga ko‘ra 28,9 mlrd. so‘m mablag‘lar ajratilgan. Ikkinchi chorak yakunlari bo‘yicha, jami shakllangan qo‘shimcha mablag‘lar 437,9 mlrd. so‘mni tashkil etgan, tuman (shahar)lar byudjetlari qo‘shimcha manbalarini yo‘naltirishda fuqarolardan jami 19 976 ta taklif va ovozlar kelib tushgan, aholi takliflariga ko‘ra 48,3 mlrd. so‘m mablag‘lar ajratilgan. Uchinchi chorak yakunlari bo‘yicha esa, jami shakllangan qo‘shimcha mablag‘lar 333,6 mlrd. so‘mni tashkil etgan, tuman (shahar)lar byudjetlari qo‘shcha manbalarini yo‘naltirishda fuqarolardan jami 28 609 ta taklif va ovozlar kelib tushgan, aholi takliflariga ko‘ra 35,8 mlrd. so‘m mablag‘lar ajratilgan.

Choraklik ko‘rsatkichlar shuni ko‘rsatmoqdaki, fuqarolardan respublika bo‘yicha kelib tushgan taklif va ovozlar 2019 yilning 1-choragiga nisbatan 3-choragida 7 barobarga oshgan (1-2 rasmlar).

“Tashabbusli byudjet” amaliyoti doirasida hududlarda masalan, Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida X. Olimjon monumenti atrofini obodonlashtirish, Qashqadaryo viloyati Dexqonobod tumanida piyodalar uchun osma ko‘prik, Buxoro viloyati Olot tumanida Xumo istirohat bog‘ini joriy ta’mirlash, Qorovulbozor tumanida 1-son umumta’lim maktabida kompyuter sinfi, Peshku tumanida “Amfiteatr” binosini ta’mirlash, Qorovulbozor tumanida 8-son MTM binosini ta’mirlash, Navoiy viloyati Zarafshon tumanida MTM binolarini jihozlash, Qiziltepa tumanida ziyoratgohini ta’mirlash, Nurota tumanida kutubxona tashkil etish, Tomdi tumanida yo‘lovchilar uchun bekat tashkil etish, Xatirchi tumanida MTMlarni jihozlash tadbirlari, Xorazm viloyati Bog‘ot tumanida 24-umumta’lim maktab binosini joriy ta’mirlash, Xazarasp tumanida ko‘chalarni yoritish tizimlarini ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan[6].

Yuqoridagi tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘tgan 2019 yil davomida jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni amalga oshirilishi natijasida hududlardagi qator ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilingan.

Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, fuqarolar davlat byudjetining ma’lum qismini taqsimlashda bevosita qatnashadigan jarayon sifatida partisipator byudjetlashtirish hukumat bilan fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlarning yangicha zamonaviy yondashuvi, byudjet jarayoniga jamoatchilikni jalb etishning ta’sirchan mexanizmi desak bo‘ladi. Ushbu amaliyot davlat resurslarini yanada adolatli taqsimlash imkoniyatini yaratadi.

Fikrimizcha, o‘rta muddatli istiqbolda byudjet jarayonida jamoatchilikning faol ishtirokini ta’minlash borasida:

Birinchidan, byudjetni tayyorlash jarayoniga hamda o‘rta muddatli byudjetning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilishga jamoatchilik ishtirokini ta’minlashning ochiq mexanizmlarini keng qo‘llash bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va joriy etish;

Ikkinchidan, olib borilayotgan byudjet siyosatini aholining har xil qatlamalariga ta’sirini o‘rganish hamda byudjet siyosatida qabul qilinayotgan qarorolarni aholi tomonidan yaxshiroq tushunilishi uchun ularning natijalarini e’lon qilish.

Uchinchidan, “Tashabbusli byudjet” ni xalqaro darajadagi partisipator byudjetlashtirish amaliyoti kabi byudjetning ochiqligi va shaffofligi bilan uyg‘unlikda bosqichma-bosqich rivojlantirish, uni boshqarishni zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etish;

To‘rtinchidan, fuqarolar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali byudjet jarayonida ular ishtirokini faollashtirish muhim vazifalardan hisoblanadi.

B.A.Kobilov

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi

Byudjet-soliq tadqiqotlari instituti

yetakchi mutaxassisi

[1] Dictionary of Banking and Finance, Third edition, A & C Black Publishers Ltd 2005, 253 p.

[2] G.Xachatryan, I.Shulga, S.Gridin, A.Suxova/ Osobennosti Programmi podderjki mestnix initsiativ Vsemirnogo banka kak praktiki initsiativnogo byudjetirovaniya/ Analiticheskaya zapiska, Oktyabr, 2016g.

[3] Partitsipatorniy byudjet. Kak grajdane uchastvuyut v raspredelenii munitsipalnix sredstv. Komitet grajdanskix initsiativ [Электронный ресурс] Rejim dostupa: URL: https://komitetgi.ru/news/news/1799.

[4] Gavrilova Nadezhda Vladimirovna. Participatory planning and budgeting at the local level in the Indian state Kerala. Regional economy and management: electronic scientific journal. №1 (49) 2017. https://eee-region.ru/article/4916/

[5] Gavrilova Nadezhda Vladimirovna. Participatory planning and budgeting at the local level in the Indian state Kerala. Regional economy and management: electronic scientific journal. №1 (49) 2017.

[6] Manba: “Fuqarolar uchun Byudjet/loyiha 2020” axborot nashri, Toshkent-2019.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar