– O‘zingiz haqida qisqacha ma’lumot bersangiz. Sizning kasbiy yo‘lingiz nimadan boshlangan? Ushbu vazifaga qanday keldingiz (oldin nima ish bilan shug‘ullangansiz)?
– Men 1995 yil Toshkent politexnika universitetini “muhandislik” yo‘nalishi bo‘yicha tugatganman. 1995-1997 yillar Nurota kasb-hunar bilim yurtida o‘qituvchi, 1997-2011 yillar Nurota tuman Bandlikka ko‘maklashish markazi mehnat inspektori, 2011-2014 yillar bandlikka ko‘maklashish markazi rahbari, 2015-2019 yillar qishloq fuqarolar yig‘ini raisi va mahalla fuqarolar yig‘ini raisi lavozimlarida faoliyat yuritdim. 2019-2021 yil dekabr oyigacha tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, “Umid Lobar” korxonasiga rahbarlik qildim. Tuman hokimining tavsiyasi asosida Respublika ishchi guruhining suhbatidan o‘tib, 2022 yil yanvar oyidan boshlab hozirgi kungacha Nurota tumani “Dehibaland” MFY hokim yordamchisi vazifasida ishlab kelyapman. Yuqoridagi vazifalarda to‘plagan tajribam menga yangi ish joyimda ham qo‘l keldi, desam bo‘ladi.
– Mahallaning portretini qanday tasvirlagan bo‘lardingiz? Mahallada kimlar istiqomat qiladi, nimadan daromad topadi (u yerdagi mavjud infrastruktura ob’yektlari, yo‘llar, maktab, bog‘cha, poliklinika, sanoat korxonalari, aholini ish bilan ta’minlash imkoniyatlari haqida to‘liqroq gapirib bersangiz)?
– “Dehibaland” mahalla fuqarolar yig‘inida 345 ta xonadon, 532 ta oila va 1739 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahallada 1 ta umumta’lim maktabi, 1 ta oilaviy shifokorlik punkti, 1 ta davlatga qarashli maktabgacha ta’lim tashkiloti, 1 ta madaniyat markazi, shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyat olib boradi. Mahallada bugungi kunda 32 ta tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxona mavjud. Jumladan, 12 ta ishlab chiqarish korxonasi, 17 ta savdo do‘koni, 3 ta fermer xo‘jaligi ishlab turibdi. Mahallaning asosiy iqtisodiy drayveri chorvachilik bo‘lib, aholi asosan xonadonlarida chorva mollari boqib, daromad topishadi. Mahalla 2019 yil “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan bo‘lib, mahalla ko‘chalari to‘liq shag‘allashtirildi. Bundan tashqari, 5 km ichki yo‘llar asfaltlandi, maktab binosi to‘liq ta’mirlandi, shuningdek, OShP, MFY va DMTT binolari ham to‘liq yangidan qurildi. “Dehibaland” aholisi xonadonlariga toza ichimlik suvi tortib berildi. 2026 yil mahallamiz “Yangi O‘zbekiston qiyofasiga ega mahalla” toifasiga kiritilganligi sababli yanada obod bo‘lib bormoqda.
Ijtimoiy yo‘nalishda ham ancha ishlar qilinmoqda. Misol uchun, aholini imtiyozli kreditlar asosida tadbirkorlikka jalb qilgan holda bandligi ta’minlanmoqda. 2026 yil katta yo‘l yoqasidan tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan fuqarolarimiz uchun 30 ta yer uchastkasi auksion orqali savdoga chiqarildi, bu yerni sotib olgan tadbirkor fuqarolarimiz hozirgi kunda qurilish ishlarini boshlab yuborgan. Bu esa yana 30 ta tadbirkorlik sub’yekti paydo bo‘ladi, deganidir.
– Yo‘l boshida eng qiyin bo‘lgan narsa nima bo‘ldi va siz uni qanday yengdingiz?
– Hokim yordamchisi bo‘lib ish boshlaganimdayoq yaxshi niyat va kayfiyatni o‘zimga yo‘ldosh qilib oldim. Qolaversa, hududdagi hamma oilalar, ularning muammolari bilan yaqindan tanish edim. Mahalla aholisi bilan ishlash menga zavq bag‘ishlaydi, kishilarga ko‘mak berish esa ma’naviy kuch beradi. Ayniqsa, mahalla faollari va mahalla “yettiligi” bilan hamkorlikda ishlab, yuqori tashkilotlar tomonidan yuborilgan topshiriqlarning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlab kelyapmiz.
– Siz bevosita tanishish, so‘rov va o‘rganishlar o‘tkazish orqali mahallaning ahvolidan doimiy ravishda yaqindan xabardor bo‘lib turasiz. O‘rganishlar natijasida MFYda qanday iqtisodiy imkoniyatlar aniqlandi, qanday o‘sish drayverlari tanlandi va hozirda nimalar qilinmoqda?
– Mahallamiz xonadonlarida chorvachilikdan tashqari marmar toshni qayta ishlash kichik sexlari tashkil etishni yo‘lga qo‘yish imkoniyati mavjud. Bu imkoniyatdan unumli foydalanish choralarini ko‘ryapmiz. Xabaringiz bo‘lsa, Nurota tumanida joylashgan G‘ozg‘on shaharchasida marmar koni bor. Demak, marmarga ishlov berish yo‘nalishida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish mumkin. Bugungi kunga kelib marmarni qayta ishlash kichik korxonalari soni 10 tani tashkil etadi. Yana bir necha kichik tosh sexlari ochilish arafasida. Biz, o‘z navbatida, tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni realizatsiya qilishda, ularga o‘z mahsulotlarini reklama qilish orqali bozor topib berishda ko‘maklashmoqdamiz.
– Mahallangiz rivojining asosiy iqtisodiy o‘sish drayveri nima? Nega ushbu yo‘nalishlar tanlab olindi? Tanlangan yo‘nalishlarni tezkor rivojlantirish uchun nima ishlar qilinmoqda?
– Yuqorida aytib o‘tganimdek, mahallaning asosiy drayveri chorvachilik bo‘lib, bu yo‘nalish qadim ota-bobolarimiz davridan davom etib kelmoqda. Ushbu yo‘nalishni yanada rivojlantirish uchun mahallada sut va sut mahsulotlari, go‘sht mahsulotlarini qayta ishlash sexlari tashkil etish uchun tadbirkorlarimizga takliflar kiritganmiz.
– Mahallangizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qanday imkoniyatlar mavjud? O‘tgan vaqt ichida nechta yangi korxona barpo etilib, nechta yakka tartibdagi tadbirkor ish bilan ta’minlandi?
– Mahallada bugungi kunda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 32 ta korxona mavjud. Jumladan, 12 ta ishlab chiqarish korxonasi, 17 ta savdo do‘koni va 3 ta fermer xo‘jaligi mavjud. Ularning yarmidan ko‘pi so‘nggi yillarda tashkil etilgan.
– Sizning fikringizcha, hududingiz aholisi o‘rtasida kambag‘allik darajasini yanada samarali kamaytirish uchun qo‘shimcha nima qilish kerak?
– Mahallamizda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da turuvchi 24 ta oila mavjud bo‘lib, shulardan 10 tasi kambag‘al oilalar toifasiga kiradi. Ushbu oila a’zolari nogironligi sababli mehnatga layoqatsiz ekanini inobatga olib, ularni kambag‘allikdan chiqarish maqsadida subsidiya asosida chorva mollari ajratishni taklif qilaman. Bu tashabbus mazkur xonadonlarni qo‘shimcha daromad manbai bilan ta’minlashga va ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilashga xizmat qiladi.
– Odamlar sizni ko‘proq qaysi muammolar bo‘yicha izlashadi? Misol keltira olasizmi?
– Mahallamiz fuqarolari tomonidan menga, asosan, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida imtiyozli kreditlar olishda amaliy yordam ko‘rsatish hamda ishsiz aholini barqaror ish o‘rinlariga ta’minlash yuzasidan murojaatlar kelib tushadi. O‘z navbatida, barcha mavjud imkoniyat va resurslardan oqilona foydalangan holda, ushbu murojaatlarni qanoatlantirishga hamda fuqarolarning muammolarini ijobiy hal etishga alohida e’tibor qaratmoqdaman.
– Ishsizlikni qisqartirish bo‘yicha mahallada qanday innovatsion yondashuvlardan foydalanildi?
– Ishsizlikni qisqartirish maqsadida band bo‘lmagan fuqarolar o‘z qiziqishlari asosida kasb-hunar markazlarida o‘qitilib, ularga imtiyozli kreditlar ajratish va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish orqali bandligi ta’minlandi.
– Hokim yordamchisi sifatida amaliy tajribangizdan kelib chiqib, hokim yordamchilari faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday takliflar bera olasiz? Hokim yordamchisi sifatida sizga qanday yordam kerak?
– Yurtimizda hokim yordamchilari o‘z faoliyatlarini samarali amalga oshirishlari uchun barcha zarur imkoniyatlar yaratilgan. Bugungi kunda ular davlat va aholi o‘rtasida o‘ziga xos bog‘lovchi ko‘prik vazifasini o‘tamoqda, desam adashmagan bo‘laman. Shu bilan birga, ish samaradorligini yanada oshirish maqsadida hokim yordamchilarining tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga doir vakolatlarini yanada kengaytirish maqsadga muvofiq. Bu esa, o‘z navbatida, mahalladagi hokim yordamchilarining hududda yangi korxonalar tashkil etish, ish o‘rinlari yaratish va pirovardida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha harakatlarining samarasini yanada oshirgan bo‘lar edi.
– Agar sizda byudjet, vaqt va resurslar bo‘yicha hech qanday cheklov bo‘lmasa, mahallangizda qaysi loyihani amalga oshirgan bo‘lardingiz?
– Agar vaqt, mablag‘ va resurslar borasida hech qanday cheklovlar bo‘lmaganda edi, moliyaviy imkoniyatlardan oqilona foydalangan va ko‘p yillik boy tajribaga ega tadbirkorlar bilan hamkorlik qilgan holda, mahallamizda bozorgir mahsulotlar ishlab chiqaruvchi to‘qimachilik korxonasini tashkil etgan bo‘lardim. Ushbu loyiha qishloq hududlarida o‘ta dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlash masalasini tizimli hal etish yo‘lidagi eng muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qilardi.
– O‘zbekiston Prezidentining mahalla institutini rivojlantirishga qaratilgan tashabbusi “quyidan yuqoriga” tamoyili asosida ishlash tizimiga o‘tish uchun poydevor bo‘ldi. Siz hokim yordamchisi sifatida ushbu islohotning mahalladagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishdagi ahamiyatini qanday baholaysiz?
– Tan olish kerak, avvalgi yondashuvda mahalladagi islohotlarga oid tashabbuslar asosan yuqori tashkilotlar tomonidan ilgari surilar, mahalla esa ko‘proq ularni amalga oshirish vazifasini bajarardi. Bugungi tizimda esa mahalla islohotlarni boshlash va amalga oshirishning asosiy nuqtasiga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Har bir xonadon o‘rganilib, muammolar joyida aniqlanadi va shunga qarab tegishli qarorlar qabul qilinadi. Bu esa vaqt va mablag‘lardan samarali foydalanishga yordam berib, umumiy samaradorlikni oshirmoqda.
Ish uslubidagi asosiy o‘zgarishlardan biri shuki, endi faoliyat kabinetdan turib emas, balki bevosita aholi va xonadonlar bilan ishlash orqali tashkil etilmoqda. Shuningdek, yangi tizimda muammolarni vaqtincha yumshatish emas, balki ularni tubdan va uzoq muddatga hal qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Natijada mahallada bandlik, ijtimoiy yordam va infratuzilma bilan bog‘liq masalalar tezkor va manzilli hal qilinmoqda. Eng muhimi, aholining davlat organlariga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanib, mahalla fuqarolar manfaatlarini ifoda etuvchi muhim bo‘g‘in sifatida o‘z o‘rnini yanada kuchaytirmoqda.
– Ilgarigi yondashuvlar bilan solishtirganda, ish uslubida qanday prinsipial o‘zgarishlar bo‘ldi?
– Muhtaram Prezidentimizning mahalla institutini rivojlantirishga qaratilgan tashabbusi aholi tomonidan ijobiy qabul qilindi. Sababi, bu masalaga avvalgi yondashuvlar bilan solishtirganimizda fuqarolar oddiy bir mahallada yechimi hal bo‘ladigan masalalar bo‘yicha tumandagi tashkilotlarga borib, 3-4 kunlab vaqt sarflashardi. Misol uchun, tadbirkorlik qilish maqsadida fuqaro imtiyozli kredit olmoqchi bo‘lsa, oylab bank eshigi oldida vaqt o‘tkazib, bir necha tashkilotlardan ma’lumotnomalar to‘plab topshirardi, kredit olish ancha qiyin edi. Hozirgi kunda fuqaroning o‘zi kredit olish uchun onlayn ariza topshiradi va uning arizasi hokim yordamchisi tomonidan joyiga chiqib o‘rganilib, fuqaroga ijobiy tavsiyanoma beriladi. Natijada fuqaro 3 ish kunida imtiyozli kreditni olishga muyassar bo‘ladi. Mahalla “yettiligi” har bir xonadon oila a’zolari uchun ularning toifasi asosida alohida xizmat ko‘rsatishadi, bu tizim aholimizga har tomonlama qulaylik yaratmoqda.
– O‘tgan yilda mahallangizda mahallabay tizimi doirasida qaysi aniq masalalar hal etildi? Xususan, bandlikni ta’minlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani yaxshilash yoki xonadonlar bilan ishlash yo‘nalishlarida qanday natijalarga erishildi?
– 2025 yildagi faoliyatimizning asosiy yo‘nalishlari tadbirkorlikni rivojlantirish, ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish, mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda mahalladagi oilalarning daromadini oshirish, aholi bandligini ta’minlash choralarini ko‘rish kabilar bo‘ldi. Misol uchun, tumanimizda, “Dehibaland” mahallasi hududida xitoylik investorlar tomonidan quvvati 300 MVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasi hamda 150 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi qurilmoqda. “Dehibaland” mahallasi hududida 600 gektar maydonda barpo etilayotgan mazkur “yashil energiya” majmuasida quyosh paneli o‘rnatish ishlarida bugunning o‘zida 85 nafar erkak va 16 nafar ayol doimiy ish bilan ta’minlandi. Ularning oylik ish haqi o‘rtacha 8 mln. so‘mni tashkil etadi.
– Joriy yil yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi ushbu islohotning milliy darajada institutsionallashganini ko‘rsatadi. Shu munosabat bilan, sizning oldingizga qo‘yilgan ustuvor vazifalar va asosiy yo‘nalishlar nimalardan iborat?
– Joriy yildagi ish faoliyatimizning asosiy yo‘nalishlari quyidagilar:
daromadli bandlikni ta’minlash, bunda asosiy e’tibor har bir ishsiz fuqaro uchun uning salohiyatiga mos ish o‘rni yoki barqaror daromad manbasini yaratishga qaratiladi;
kam ta’minlangan oilalar a’zolarini kasb-hunarga o‘qitish va kichik biznesga jalb qilish;
yoshlar va xotin-qizlar bilan manzilli ishlash orqali ularning ta’lim olishi va kasb-hunar egallashiga har tomonlama ko‘maklashish;
mahalla infratuzilmasini kompleks rivojlantirish, ya’ni yo‘l, suv, elektr, gaz va internet ta’minotida tizimli yechimlar joriy etish hamda shu orqali mahalla aholisi turmushini yaxshilash.
– Joriy yilda mahalla aholisi infratuzilmani rivojlantirish va aholi bilan manzilli ishlash borasida qaysi o‘zgarishlarni eng avvalo his qilishi kerak, deb o‘ylaysiz?
– 2026 yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi ushbu islohotning shabbodasi bizning mahallada esganday tuyuladi, nazarimda. Chunki bizning mahallamiz “Yangi O‘zbekiston qiyofasiga ega mahalla” toifasiga kiritilishi mahalla qiyofasini tubdan ijobiy tomonga o‘zgartirib yubordi. Mahallamizda yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, 30 dan ortiq tadbirkorlik istagida bo‘lgan fuqaroga “Ye-auksion” platformasi orqali yer ajratib berildi. Shu tadbirkorlarga ish faoliyatlarini boshlashlari uchun imtiyozli kredit ajratishga ko‘maklashdik. Natijada 60 nafardan ortiq fuqaroning bandligi ta’minlanadi.
– 2026 yilda o‘z oldingizga mahallangizni rivojlantirish bo‘yicha qanday yangi maqsad va rejalar qo‘ygansiz? Siz ishlayotgan mahalla 5 yildan keyin qanday bo‘ladi deb o‘ylaysiz?
– Mahallamiz aholisi chorvachilikka moslashganligi sababli 286 ta xonadonda 523 bosh sog‘iladigan sigir mavjud. Bu sigirlarning har biri kuniga kamida 5 litr sut beradi, demak, 523 bosh sog‘in sigirdan bir kunda 2615 litr sut olinadi. Aholimiz ehtiyojlaridan ortgan sutni sotib, qo‘shimcha daromad topishmoqda. Sut mahsulotlaridan qatiq, qurt va boshqa sut mahsulotlari tayyorlab sotishadi. Yil yakuniga qadar tadbirkorlarimiz bilan maslahatlashgan holda mahallamizda sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash sexi qurishni rejalashtirganmiz. 2026 yil yakunigacha mahallamizni ishsizlikdan va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirishni o‘zimizga maqsad qilib olganmiz.
Jamoliddin Turdimov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
"Iqtisodiy sharh" jurnali №6/2026
Izoh qoldirish