Hokim yordamchilari – xalq orasida (“Do‘stlik” MFY)

Hokim yordamchilari – xalq orasida (“Do‘stlik” MFY)

– Kasbiy faoliyatingiz haqida qisqacha gapirib bersangiz, bu lavozimga qanday kelgansiz? Oldin nima ish bilan shug‘ullangansiz? Qaysi ko‘nikmalaringiz sizga yuklangan vazifalarni samarali bajarishga yordam bermoqda?

– O‘zim Rossiya Federatsiyasining Perm milliy ilmiy tadqiqot politexnika universitetini Neft va gaz sohasida korxonalar iqtisodini boshqarish mutaxassisligi bo‘yicha bitirganman. Ish faoliyatimni tumanimizdagi Maktabgacha ta’lim bo‘limida iqtisodchi sifatida boshlaganman. Shuningdek, Bekobod tumanida “Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish” bo‘limida Mahallalar drayverini aniqlash va tadbirkorlikni rivojlantirish shu’basida bosh mutaxassis vazifasida ishladim. 2023 yildan boshlab “Do‘stlik” MFYga tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi etib tayinlandim. Yuqoridagi vazifalarda to‘plagan ish tajribam menga hokim yordamchisi lavozimida ham qo‘l kelmoqda.

– Mahallangizning joylashuvi, u yerdagi mavjud infrastruktura ob’yektlari (yo‘llar, maktab, bog‘cha, poliklinika, sanoat korxonalari), aholini ish bilan ta’minlash imkoniyatlari haqida to‘liqroq gapirib bersangiz?

– “Do‘stlik” MFYda 7.8 km ichki yo‘llar mavjud. Shuningdek, mahallamizda 1 ta umumta’lim maktabi, 9 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, oilaviy shifokorlik punkti faoliyat yuritadi. Mahallada yirik sanoat korxonalari mavjud emas. Hududda jami 4619 nafar aholi istiqomat qiladi, shundan 2255 nafari xotin-qizlardir. Mahalladagi xonadonlar soni 921 ta, oilalar soni esa 1334 ta.

– Yo‘l boshida eng qiyin bo‘lgan narsa nima bo‘ldi va siz uni qanday yengdingiz?

– Yo‘l boshidagi eng katta qiyinchilik – odamlar ishonchini qozonish va ularning muammolariga to‘g‘ri yechim topish edi. Buning uchun aholi bilan ochiq muloqot qildim, har bir murojaatni joyiga chiqib o‘rgandim. Muammolarni idoralar bilan birgalikda hal qilish orqali natijalarga erisha boshladik va menga nisbatan ishonch orta bordi.

– Xonadonbay o‘rganish natijasida qanday yangi iqtisodiy imkoniyatlarni aniqladingiz?

– Xonadonbay o‘rganish natijasida hududdagi oilalarning bo‘sh yerlari, fuqarolarning kasb-hunar ko‘nikmalari va ishlash istagi borligi aniqlandi. Shu asosda issiqxona, parrandachilik, tikuvchilik, xizmat ko‘rsatish va kichik savdo kabi yo‘nalishlarda qo‘shimcha daromad manbalari belgilab berildi hamda tegishli dasturlar doirasida yo‘lga qo‘yildi.

– Mahallangiz rivojining asosiy iqtisodiy o‘sish drayveri nima? Nega ushbu yo‘nalishlar tanlab olindi? Tanlangan loyihalarni tezkor rivojlantirish uchun nima ishlar qilinmoqda?

– Mahallamiz rivojining asosiy iqtisodiy o‘sish drayveri dehqonchilik va chorvachilik hisoblanadi. Bundan tashqari, uy sharoitida kichik ishlab chiqarishlarni rivojlantirish ham istiqbolli yo‘nalishlardan. Chunki mahallada mehnatga layoqatli aholi ko‘p, ularning asosiy qismida doimiy ish joyi yo‘q yoki yashirin ishsizlik mavjud edi.

Shuning uchun parrandachilik, issiqxona, tikuvchilik, servis xizmatlari va savdo yo‘nalishlari ham qo‘shimcha ravishda tanlab olindi. Bu sohalar katta sarmoya talab qilmaydi, tez foyda beradi va xonadon sharoitida amalga oshirish mumkin.

Ushbu yo‘nalishlarni jadal rivojlantirish uchun aholi imtiyozli kreditlar va subsidiyalarga yo‘naltirildi, kasb-hunarga o‘qitish ishlari tashkil etildi, tajribali tadbirkorlar bilan kooperatsiya yo‘lga qo‘yildi hamda ishlab chiqarilgan va yetishtirilgan mahsulotlarni sotishda bozorlar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.

– Mahallangizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qanday imkoniyatlar mavjud? Mahallangizda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot bersangiz (shu vaqt ichida nechta yangi korxona barpo etilib, nechta yakka tartibdagi tadbirkor ish bilan ta’minlandi)?

– Mahallani xonadonbay o‘rganish natijalari asosida 20 ta oilaning tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishi aniqlandi va ular tegishli dasturlar doirasida biznes faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun yo‘naltirildi. Shu davrda 3 ta yangi kichik korxona tashkil etildi, 22 nafar fuqaro yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi va ular orqali 50 nafar aholi doimiy daromad manbai bilan ta’minlandi.

Bundan tashqari, tadbirkorlarga imtiyozli kredit va subsidiyalar olishda amaliy yordam ko‘rsatildi, kasb-hunarga o‘qitish kurslari tashkil etildi, mahsulot va xizmatlarni sotish uchun bozorlar hamda elektron savdo platformalariga chiqishda ko‘mak berildi. Ko‘rilayotgan bu chora-tadbirlar mahallada tadbirkorlik faolligini sezilarli darajada oshirishga xizmat qildi.

– Biror ehtiyojmand oilani yoki yosh tadbirkorni qo‘llab-quvvatlab, ular hayotida aniq o‘zgarish qilgan holatni eslab o‘ting.

– Mahallamizdagi kam ta’minlangan oilalardan birida tikuvchilikka qiziquvchi yosh ayol bor edi. Uni kasbga o‘qitish kursiga yo‘naltirib, imtiyozli kredit olishiga yordam berdik. Natijada u uy sharoitida tikuvchilik faoliyatini boshladi, hozirda esa ikki nafar ayolni ish bilan ta’minlab, barqaror daromad topmoqda. Hozirgi paytda bu oila o‘zini o‘zi ta’minlaydigan darajaga chiqdi.

– Hokim yordamchisi sifatidagi tajribangizga tayangan holda, sizning fikringizcha, mahallada kambag‘allik holatlarini keltirib chiqaruvchi asosiy sabab va omillar nimada? Sizningcha, sizning hududingiz aholisi o‘rtasida kambag‘allik darajasini yanada samarali kamaytirish uchun qo‘shimcha nima qilish kerak?

Hokim yordamchisi sifatidagi tajribamga ko‘ra, mahallada kambag‘allikning asosiy sabablari doimiy ish joylarining yetishmasligi, kasb-hunarga ega bo‘lmagan aholining ko‘pligi va tadbirkorlikka boshlang‘ich mablag‘ hamda bilim yetishmasligidir. Shuningdek, ayrim oilalarda mehnatga bo‘lgan motivatsiya pastligi ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

– Ishsizlikni qisqartirishda qanday innovatsion yondashuvlar samara berdi?

Ishsizlikni qisqartirishda samarali bo‘lgan innovatsion yondashuvlar – xonadonbay aholi salohiyatini o‘rganish, malakali kasb-o‘qitish kurslarini tashkil etish va aholini kichik tadbirkorlikka yo‘naltirish edi. Shuningdek, mahallalarda kooperativ va hamkorlik platformalarini joriy qilish orqali mahsulot va xizmatlarni bozorga chiqarish imkoniyatlari yaratildi. Bu choralar fuqarolarni o‘zini o‘zi ta’minlaydigan darajaga chiqarishda aniq samara berdi.

– Hokim yordamchisi sifatida amaliy tajribangizdan kelib chiqib, O‘zbekistonda hokim yordamchilari faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday takliflar bera olasiz? Hokim yordamchisi sifatida sizga qanday yordam kerak?

Hokim yordamchilari faoliyatini takomillashtirish uchun aholi bilan muloqotni raqamlashtirish va ma’lumotlarni tizimli yig‘ish muhim. Shu bilan birga, kasbga o‘qitish va tadbirkorlik dasturlarini mahallalarda samarali yo‘naltirish, imtiyozli kredit va subsidiyalarni aholiga tezkor yetkazish kerak.

Hokim yordamchisi sifatida menga elektron tizimlar, ma’lumotlarni tahlil qilish bo‘yicha treninglar va mahalladagi imkoniyatlarni tezkor baholash uchun zarur resurslar yordam bersa, ish samaradorligini sezilarli oshirish mumkin, deb o‘ylayman.

– Agar sizda byudjet, vaqt va resurslar bo‘yicha hech qanday cheklov bo‘lmasa, mahallangizda qaysi loyihani amalga oshirgan bo‘lardingiz?

Agar byudjet, vaqt va resurslarga cheklov bo‘lmasa, mahallamizda ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishni bir vaqtda ta’minlaydigan integratsiyalangan loyihani amalga oshirgan bo‘lardim. Bu loyiha doirasida kichik tadbirkorlik va uy sharoitida ishlab chiqarishga zamonaviy markazlar ochiladi, aholi kasb-o‘qitish va malakani oshirish kurslariga yo‘naltiriladi, bolalar va yoshlar uchun ta’lim va sport infratuzilmasi yaratiladi. Shu orqali aholi daromadini oshirish, ishsizlikni qisqartirish va umumiy hayot sifatini yaxshilash mumkin bo‘lardi.

– 2026 yilda o‘z oldingizga mahallangizni rivojlantirish bo‘yicha qanday yangi maqsad va rejalar qo‘ygansiz? Siz ishlayotgan mahalla 5 yildan keyin qanday bo‘lishiga ishonasiz?

2026 yilda maqsadim – mahallamizda tadbirkorlik va uy sharoitida ishlab chiqarishni rivojlantirish, aholi uchun kasbga o‘qitish va malakani oshirish dasturlarini kengaytirish, ijtimoiy infratuzilmani takomillashtirish. Shu orqali aholi daromadini oshirish va ishsizlikni kamaytirishni mo‘ljallaganman.

Keyingi 5 yilda, ishonamanki, mahallamizda aholi o‘zini o‘zi ta’minlaydi, kichik tadbirkorlik faolligi sezilarli o‘sadi, yangi korxonalar va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari rivojlanadi, ijtimoiy va iqtisodiy muhit mustahkamlanadi.

– Bu tizimdagi ish tajribasidan so‘ng, o‘zingizni kelajakda qayerda tasavvur qilasiz? Shaxsiy rivojlanishingiz uchun mahallada ishlash qanday foyda berdi?

Bu tizimdagi tajriba menga aholi muammolarini aniq tushunish, tizimli qarorlar qabul qilish va tadbirkorlikni rivojlantirishda amaliy ko‘nikmalarni olish imkonini berdi.

Kelajakda o‘zimni mahalladagi tajriba asosida keng qirrali ijtimoiy va iqtisodiy loyihalarni boshqara oladigan, tajribali mutaxassis sifatida ko‘raman. Mahallada ishlash shaxsiy rivojlanish va aholi hayotiga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatini berdi.

Jamoliddin Turdimov

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

"Iqtisodiy sharh" jurnali №1/2026

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar