– O‘zingiz haqida qisqacha ma’lumot bersangiz. Sizning kasbiy yo‘lingiz nimadan boshlangan? Ushbu vazifaga qanday keldingiz (oldin nima ish bilan shug‘ullangansiz)?
– Qoraqalpoq davlat universitetining Ijtimoiy-iqtisodiyot fakultetini “Iqtisodiyot” mutaxassisligi bo‘yicha tamomlaganman. Mehnat faoliyatimni tumanimizda joylashgan “Mikrokreditbank” ATB Qorovul filialining kreditlash bo‘limida yetakchi mutaxassis sifatida boshladim. Bankdagi ishim davomida, asosan, tadbirkorlar bilan yaqindan hamkorlik qilib, ular bilan doimiy muloqotda bo‘ldim va bu yo‘nalishda o‘zim uchun zarur ko‘nikmalarni shakllantirdim.
2022 yildan boshlab Xorazm viloyati Urganch tumanidagi “Oyoq bog‘” mahalla fuqarolar yig‘inida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritib kelmoqdaman. Tabiiyki, bank sohasida tadbirkorlar bilan ishlash jarayonida orttirgan boy amaliy tajribam bugungi kunda hokim yordamchisi sifatidagi vazifalarimni samarali bajarishimda juda asqotmoqda.
– Mahallaning portretini qanday tasvirlagan bo‘lardingiz? Mahallada kimlar istiqomat qiladi, nimadan daromad topadi (u yerdagi mavjud infrastruktura ob’yektlari, yo‘llar, maktab, bog‘cha, poliklinika, sanoat korxonalari, aholini ish bilan ta’minlash imkoniyatlari haqida to‘liqroq gapirib bersangiz)?
– Hududda jami 2856 nafar aholi istiqomat qiladi, shundan 1455 nafari xotin-qizlardir. Mahalladagi xonadonlar soni 579 ta, oilalar soni esa 878 ta. “Oyoq bog‘” MFYda jami 11.4 km ichki yo‘llar mavjud bo‘lib, asosiy qismi asfalt qilingan. Shuningdek, mahallamizda 2 ta davlat xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha ta’lim muassasasi, oilaviy shifokorlik punkti faoliyat yuritadi. Mahallaning bir qismida bir necha sanoat korxonasi joylashgan. Hududimiz aholisining ko‘pchilik qismi dehqonchilik, asosan tomorqasida va ijara yerlarida ko‘katlar yetishtirish va uni bozorlarga chiqarib sotish bilan shug‘ullanishadi.
– Ish jarayonida yo‘l boshida eng qiyin bo‘lgan narsa nima bo‘ldi va siz uni qanday yengdingiz?
– Yo‘l boshidagi eng katta qiyinchilik – odamlar ishonchini qozonish, ularning muammolariga to‘g‘ri yechim topish edi, chunki muammolarga to‘g‘ri yechim topilsa, odamlarning ishonchi ortadi. Buning uchun aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘ydik, fuqarolarning har bir murojaatini joyiga chiqib, diqqat bilan o‘rgandik. Tegishli davlat idoralari bilan birgalikda mavjud masalalarni hal qilish barobarida odamlar orasida menga nisbatan ishonch ham asta-sekin orta bordi.
– Siz bevosita tanishish, so‘rov va o‘rganishlar orqali mahallaning ahvolidan doimiy ravishda yaqindan xabardor bo‘lib turasiz. O‘rganishlar natijasida mahallada qanday iqtisodiy imkoniyatlar aniqlandi?
– Xonadonbay o‘rganish natijasida, avvalambor, hududdagi oilalarning imkoniyatlari, fuqarolarning kasb-hunar bo‘yicha ko‘nikmalari, dehqonchilik va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagi bor-yo‘qligi aniqlandi. Shu asosda hurmatli Prezidentimizning qaror va farmonlari asosida ijara yer maydonlari ajratish belgilanganligi, mahalla aholisining asosiy muammosi dehqonchilik qilish uchun ekin yerlari yetishmasligi aniqlanib, shu asosda yer ajratish chora-tadbirlari ko‘rildi. Hududdagi imkoniyatlardan kelib chiqib, ko‘kat yetishtirishni ko‘paytirish maqsadi belgilab olindi hamda tegishli dasturlar doirasida yo‘lga qo‘yildi.
– Mahallangiz rivojining asosiy iqtisodiy o‘sish drayveri nima? Nega ushbu yo‘nalishlar tanlab olindi? Tanlangan yo‘nalishlarni tezkor rivojlantirish uchun nima ishlar qilinmoqda?
– Yuqorida aytib o‘tilgani kabi, mahallamiz rivojining asosiy iqtisodiy o‘sish drayveri dehqonchilik, ya’ni ko‘kat yetishtirish hisoblanadi. Chunki hududdagi yer maydonlari dehqonchilikning ushbu turini yo‘lga qo‘yish uchun tabiiy jihatdan qulay. Ushbu yo‘nalishlarni jadal rivojlantirish uchun aholiga imtiyozli kreditlar va subsidiyalar berildi, shuningdek, kasb-hunarga o‘qitish ishlari tashkil etildi. Bundan tashqari, tajribali dehqonlar bilan kooperatsiya yo‘lga qo‘yilib, yetishtirilgan mahsulotlarni sotishda nafaqat ichki bozorlar, qolaversa qo‘shni davlatlar bilan ham savdo hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.
– Mahallangizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qanday imkoniyatlar mavjud? O‘tgan vaqt ichida nechta yangi korxona barpo etilib, nechta yakka tartibdagi tadbirkorlar ish bilan ta’minlandi?
– Mahallani xonadonbay o‘rganish natijalari asosida 86 ta oilaning tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishi aniqlandi va ular tegishli dasturlar doirasida biznes faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun yo‘naltirildi. Shu davrda 28 ta yangi kichik korxona tashkil etildi, 43 nafar fuqaro yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi va ular orqali 146 nafar aholi doimiy daromad manbai bilan ta’minlandi.
Bundan tashqari, mahalladagi tadbirkorlarga imtiyozli kredit va subsidiyalar olishda amaliy yordam ko‘rsatildi, kasb-hunarga o‘qitish kurslari tashkil etildi, mahsulot va xizmatlarni sotish uchun bozorlar hamda elektron savdo platformalariga chiqishda ko‘mak berildi. Ko‘rilayotgan bu chora-tadbirlar mahallada tadbirkorlik faolligini sezilarli darajada oshirishga xizmat qildi.
– Biror ehtiyojmand oilani yoki yosh tadbirkorni qo‘llab-quvvatlab, ular hayotida aniq o‘zgarish qilgan holatni keltirib o‘ting.
– Mahallamizdagi kam ta’minlangan oilalardan birida dehqonchilikka qiziqishi baland bo‘lgan yosh fuqaro bor edi. Biz unga mahallamizdagi usta dehqonlardan birini “ustoz-shogird” an’anasi asosida biriktirib, soha sirlarini o‘rganishiga sharoit yaratdik hamda imtiyozli kredit olishida amaliy yordam ko‘rsatdik. Natijada u o‘z tomorqasi va ijaraga olingan yer maydonida dehqonchilik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Bugungi kunda esa bu fuqaro nafaqat turmush o‘rtog‘ini, balki yana uch kishini ham doimiy ish bilan ta’minlab, barqaror daromad manbaiga ega bo‘ldi. Quvonarlisi, bir vaqtlar ehtiyojmand bo‘lgan bu oila o‘z mehnati ortidan hozirda mahallamizdagi namunali oilalar qatoridan munosib joy egalladi.
– Sizning fikringizcha, hududingiz aholisi o‘rtasida kambag‘allik darajasini yanada samarali kamaytirish uchun qo‘shimcha nima qilish kerak?
– Hokim yordamchisi sifatidagi tajribamga ko‘ra, mahallada kambag‘allikning asosiy sabablari doimiy ish joylarining yetishmasligi, kasb-hunarga ega bo‘lmagan aholining ko‘pligi va tadbirkorlikka boshlang‘ich mablag‘ hamda bilim yetishmasligidir. Shuningdek, ayrim oilalarda mehnatga bo‘lgan motivatsiya pastligi ham ta’sir ko‘rsatmoqda.
– Odamlar sizni ko‘proq qaysi muammolar bo‘yicha izlashadi? Misol keltira olasizmi? Bu masalalar qanday hal etilmoqda?
– Fuqarolar bizga, asosan, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish hamda bu borada zarur maslahat va ko‘mak olish maqsadida murojaat qilishadi. Misol uchun, ijtimoiy himoya yagona reyestrida turadigan, boquvchisini yo‘qotgan fuqaro Yangiboyeva Dilfuza o‘z xonadonida milliy shirinliklar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish istagini bildirgandi. Uning murojaati tezkorlik bilan ko‘rib chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 26 dekabrdagi 258-sonli Farmoni asosida amaliy yordam ko‘rsatildi. Xususan, Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida unga 4 yil muddatga bazaviy hisoblash miqdorining 75 baravarigacha bo‘lgan miqdorda kredit ajratildi. Ushbu kreditning foiz to‘lovlari Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasiga Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan qoplab berilishi ta’minlandi va natijada fuqaro o‘z faoliyatini muvaffaqiyatli boshlab yubordi.
– Ishsizlikni qisqartirish bo‘yicha mahallada qanday innovatsion yondashuvlardan foydalanildi? Chet elga ishlayotgan fuqarolarni qaytarish va o‘z yurtida tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha qanday ishlar qilinmoqda?
– Ishsizlikni qisqartirishda samarali bo‘lgan innovatsion yondashuvlar – xonadonbay aholi salohiyatini o‘rganish, fuqarolarni malakali kasbga o‘qitish kurslari va aholini kichik tadbirkorlikka yo‘naltirish kabilardir. Shuningdek, mahallalarda kooperativ va hamkorlik platformalarini joriy qilish orqali yangi mahsulot va xizmatlarni bozorga chiqarish imkoniyatlarini yaratish ham ishsizlikni kamaytirishga yordam beradi.
– Hokim yordamchisi sifatida amaliy tajribangizdan kelib chiqib, O‘zbekistonda hokim yordamchilari faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday takliflar bera olasiz? Hokim yordamchisi sifatida sizga qanday yordam kerak?
– Bugungi kunda ishlarning samaradorligi ko‘p jihatdan AKT texnologiyalaridan unumli foydalanishga bog‘liq. Shu ma’noda, hokim yordamchilari ishini yanada samarali tashkil etish uchun aholi bilan aloqalarni raqamli formatga o‘tkazish, statistik ma’lumotlarni muntazam ravishda to‘plab borish muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, kasb-hunarga o‘qitish hamda tadbirkorlik dasturlarini mahallalar kesimida maqsadli tashkil etish, imtiyozli kredit va subsidiyalarni aholiga tez va qulay yetkazish ham ustuvor vazifa. Hokim yordamchisi sifatida elektron platformalardan foydalanish, ma’lumotlar tahlili bo‘yicha amaliy o‘quvlar va mahalladagi imkoniyatlarni tezkor baholashga xizmat qiluvchi resurslar mavjud bo‘lsa, bu ish unumdorligini sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi, deb hisoblayman.
– Agar sizda byudjet, vaqt va resurslar bo‘yicha hech qanday cheklov bo‘lmasa, mahallangizda qaysi loyihani amalga oshirgan bo‘lardingiz?
– Agar byudjet, vaqt va resurslarga cheklov bo‘lmasa, mahallamizda ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishni bir vaqtda ta’minlaydigan integratsiyalangan loyihani amalga oshirgan bo‘lardim. Bu loyiha doirasida kichik tadbirkorlik va uy sharoitida ishlab chiqarishga zamonaviy markazlar ochiladi, aholi kasbga o‘qitish va malakani oshirish kurslariga yo‘naltiriladi, bolalar va yoshlar uchun ta’lim va sport infratuzilmasi yaratiladi. Shu orqali aholi daromadini oshirish, ishsizlikni qisqartirish va umumiy hayot sifatini yaxshilash mumkin bo‘lardi.
– O‘zbekiston Prezidentining mahalla institutini rivojlantirishga qaratilgan tashabbusi “quyidan yuqoriga” tamoyili asosida ishlash tizimiga o‘tish uchun poydevor bo‘ldi. Siz hokim yordamchisi sifatida ushbu islohotning mahalladagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishdagi ahamiyatini qanday baholaysiz? Ilgarigi yondashuvlar bilan solishtirganda, ish uslubida qanday prinsipial o‘zgarishlar bo‘ldi?
– Agar bir so‘z bilan aytsak, bundan oldingi yondashuvlarda mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslar asosan yuqori bo‘g‘indan tushar, mahallaning o‘zi esa ko‘pincha ijrochi sifatida qatnashardi. Hozir amalga kiritilgan yangi tizimda esa mahalla fuqarolar yig‘ini islohotlarning boshlang‘ich nuqtasiga aylandi. Endilikda har bir xonadon o‘rganilib, muammo joyida aniqlanmoqda va shu asosda qaror qabul qilinmoqda. Bu esa vaqt va resurslarni tejab, ish samaradorligini oshirmoqda.
Natijada mahallada bandlik, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va infratuzilma bilan bog‘liq masalalar tez va joyida hal etilmoqda. Eng muhimi, aholining davlat idoralariga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanib, mahalla haqiqiy ma’noda aholi manfaatlarini ifoda etuvchi bo‘g‘inga aylanmoqda.
– O‘tgan yilda mahallangizda mahallabay tizimi doirasida qaysi aniq masalalar hal etildi? Xususan, bandlikni ta’minlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani yaxshilash yoki xonadonlar bilan ishlash yo‘nalishlarida qanday natijalarga erishildi?
– O‘tgan yilda mahallabay tizimini joriy etish jarayonidagi asosiy masala – muammolarni aniqlashdan ularni barqaror hal etishgacha bo‘lgan zanjirni ishga tushirish edi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, mahallamizda qator aniq va sezilarli natijalarga erishildi.
Xususan, bandlikni ta’minlash yo‘nalishida ishsiz fuqarolar to‘liq ro‘yxatga olinib, ularning bilim va salohiyatiga qarab ishga joylashtirish, kasbga o‘qitish yoki o‘zini o‘zi band qilish choralari ko‘rildi. Shuningdek, tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, hunarmandchilik va xizmat ko‘rsatish orqali bir qator oilalar uchun doimiy daromad manbalari yaratildi.
Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalar va ijtimoiy xavf guruhidagi oilalar aniqlanib, ularga nafaqa, moddiy yordam va ijtimoiy xizmatlar manzilli tarzda yetkazildi.
– Joriy yil yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi ushbu islohotning milliy darajada institutsionallashganini ko‘rsatadi. Shu munosabat bilan, siz oldingizga qo‘yilgan ustuvor vazifalar va asosiy yo‘nalishlar nimalardan iborat? Joriy yilda mahalla aholisi infratuzilmani rivojlantirish va aholi bilan manzilli ishlash borasida qaysi o‘zgarishlarni eng avvalo his qilishi kerak, deb o‘ylaysiz?
Joriy yildagi ish faoliyatimiz quyidagi yo‘nalishlarga qaratilgan:
– har bir ishsiz fuqaroning salohiyatiga mos ish o‘rni yoki barqaror daromad manbasini yaratish;
– kam ta’minlangan oilalarni boqimondalikdan chiqarish, ularni kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlikka jalb etish;
– yoshlar va xotin-qizlar bilan manzilli ishlash, ularning ta’lim olishi, kasb egallashi va ijtimoiy faolligini oshirish;
– mahalla infratuzilmasini kompleks rivojlantirish, ya’ni yo‘l, suv, elektr, gaz va internet ta’minotida tizimli yechimlar joriy etish.
Xulosa qilib aytganda, “Mahallani rivojlantirish yili”dagi asosiy maqsad – mahallani faqat yashash hududi emas, balki inson qadri, barqaror daromad va munosib turmush ta’minlanadigan asosiy makonga aylantirishdan iborat.
– 2026 yilda o‘z oldingizga mahallangizni rivojlantirish bo‘yicha qanday yangi maqsad va rejalar qo‘ygansiz? Siz ishlayotgan mahalla 5 yildan keyin qanday bo‘lishiga ishonasiz?
– 2026 yilda o‘z oldimga qo‘ygan asosiy maqsadim – mahallamizning imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda aholining dehqonchilik va tadbirkorlik faoliyatiga har tomonlama ko‘maklashish, fuqarolarning kasb-hunarga yo‘naltirish, shuningdek, mahalla infratuzilmasini yanada rivojlantirishdan iborat. Bu esa, albatta hududda tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, yangi korxonalarni ko‘paytirish va xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirish, mahallani ishsizlikdan holi hududga aylantirishga yordam beradi.
Keyingi 5 yilda, mahallamiz tumanning eng ilg‘or mahallalaridan biriga aylanishiga ishonaman. Buning uchun bizda barcha imkoniyatlar bor!
Jamoliddin Turdimov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
"Iqtisodiy sharh" jurnali №5/2026
Izoh qoldirish