– Hokim yordamchisi lavozimining mohiyati, ishlayotgan mahallangiz, o‘zingiz haqingizda qisqacha so‘zlab bersangiz.
– Ishimizning mazmuni haqida aytadigan bo‘lsam, asosiy faoliyatimiz mahalla aholisini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashish, mahallaning o‘sish nuqtalarini aniqlash, hududdagi kambag‘allikka qarshi kurashishdan iborat. Bu borada mahalla fuqarolar yig‘ini, tuman darajasidagi boshqa mas’ullar bilan birgalikda ishlaymiz.
Ushbu lavozimga kelgunga qadar Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani Soliq boshqarmasida inspektor bo‘lib ishlaganman. Xalq hayoti bilan yaqindan tanishman. Ilgarigi ish tajribam hokim yordamchisi sifatidagi faoliyatimda ham qo‘l kelmoqda.
Mahallamiz Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh bo‘lib, maydoni 102,2 gektardan ziyod. Mahallada mavjud xonadonlar soni 1 017 ta, aholi soni 4 905 nafar. Infratuzilma haqida gapiradigan bo‘lsak, asosan, maktab, bog‘cha va tibbiy punktlar mavjud emas. Aholi dehqonchilik, bilan, xususan, issiqxonalar bilan ham shug‘ullanadi. Chorvachilik ham yaxshi rivojlangan.
– Ishni nimadan boshladingiz? Mahallani rivojlantirishda asosiy e’tibor nimaga qaratildi?
– Faoliyatimni aholining ijtimoiy-iqtisodiy holatini o‘rganish maqsadida mahalladagi xonadonlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish ishlaridan boshladim, so‘rovnomalar ham o‘tkazildi. Bu orqali aholi muammolari, mahalladagi dolzarb bo‘lib turgan ish yo‘nalishlari belgilab olindi. O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida mahallada mavjud imkoniyatlarni hisobga olgan holda aholini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish, bu orqali fuqarolarni ish joylari, doimiy daromad manbai bilan ta’minlash, hududda turli bizneslarni rivojlantirish kabi masalalar dolzarbligi aniqlandi. Shuningdek, o‘rganishlar, aholi bilan atroflicha muloqot davomida mahalla aholisining mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda baliq yetishtirishga qiziqishi borligi, faqat buning uchun zarur amaliy yordamga muhtojligi ko‘zga tashlandi. Oldingi paytlar fuqarolarda mazkur sohada tajriba bo‘lmaganligi bu ish bilan shug‘ullanishga mone’lik qilgan. Mahallamiz Norin daryosi bo‘yida joylashgan, bu esa ma’lum tadbirkorlik yo‘nalishlarini rivojlantirishga imkon beradi. Mutasaddilar, aholi, mutaxassislar bilan maslahatlashgan holda, shuningdek, mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, mahallaning iqtisodiiy o‘sish “drayveri”ni baliqchilik deb belgiladik. Tabiiyki, bunda mahalla aholisining qiziqishi hamda iqlim sharoitidan ham kelib chiqildi.
– Mahalla “drayveri” belgilanganidan keyin nima ishlar qilindi? Ish qay tarzda tashkillashtirildi?
– Boshlanishida baliqchilik bo‘yicha Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatidan tajribali mutaxassislarni taklif etib, ushbu yo‘nalishning sir-asrorlari har tomonlama o‘rganildi. Ishni kooperatsiya usulida tashkil etishga qaror qilindi. Dastlab 100 ta oiladan iborat baliqchilik kooperatsiyasi tashkil etildi. Bunda sug‘orishda foydalaniladigan ichki ariqlarning chetlarida beton hovuzchalar qurilib, bu joylarda baliq boqish yo‘lga qo‘yildi. Fuqarolarga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar ajratildi. Kredit uch yillik bo‘lib, bundan bir yili imtiyozli davr sanaladi. Kooperatsiya doirasida kredit olgan fuqaroga baliq boqish uchun alohida hovuz ajratib beriladi. Shuningdek, u kredit olganidan boshlab, barcha ish jarayonlari mutaxassis tomonidan ishga o‘rgatilib borildi. Masalan, 6 oy davomida 600 kg yem, zarur maslahat ko‘magi bilan ham ta’minlandi.
Kooperatsiyaning yana bir afzalligi, kredit olgan ishsiz fuqaroga yordam berish maqsadida olingan kreditning oylik foizi (400 ming so‘m) kooperatsiya tomonidan to‘lab beriladi. Shu sababli, mahallada kreditni muddatidan o‘tkazib to‘lash holatlari mavjud emas.
Baliqchilikning yo‘lga qo‘yilishi boshqa iqtisodiy samaralar ham berdi. Misol uchun, ariqlar tadbirkorlarga topshirilganidan so‘ng ular ta’mirlanib, betonlashtirildi, natijada suvning yerga singishi va bug‘lanishi ham kamaydi. Chunki oldingi paytlarda dalalarni sug‘orishda foydalaniladigan ichki ariqlarimiz ko‘p miqdorda suvni yo‘qotishga olib kelar edi. Bundan tashqari, baliqchilikda foydalanilgan suv tarkibida foydali moddalar borligi dehqonchilikda ham ko‘l kelmoqda. Bu ham dehqonchilik bilan shug‘ullanayotgan aholiga katta foyda.
Bugunga kelib mahallamizdagi tadbirkor yigitlar baliqchilikni puxta o‘rganib olib, ish jarayonida tajribalarini oshirdilar, hatto boshqa joylarda borib, baliqchilik bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganib ham kelishdi. Va o‘z navbatida, o‘z bilganlirini baliqchilikni endi boshlagan mahalladoshlar bilan bo‘lishmoqdalar. Bundan hamma manfaat ko‘rmoqda.
– Baliqchilik kooperatsiyalari tashkil etilgani qanday natijalar berdi?
– Bugunga qadar “Sohil” mahallasida baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha bir nechta loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Xususan, “Uchqo‘rhon forel” MChJ loyihasi doirasida kooperatsiya usulida baliqchilik xo‘jaliklari tashkil etilib, 1 200 ta yangi ish o‘rni yaratildi, 700 ta hovuz qurildi. Bundan tashqari, “Grand fish farm” MChJ loyihasi doirasida sadoku usulida baliq yetishtirish bo‘yicha 500 ta ish joyi yaratildi. “Sohil savdo” loyihasida ichki sug‘orish ariqlari bo‘yida ochilgan hovuzchalarda 35 fuqaro ish bilan ta’minlandi. “Fish siti Uchqo‘rg‘on” loyihasi doirasida ham ichki ariqlarning chetlarida beton hovuzchalar qilinib, bu yerda baliq boqish yo‘lga qo‘yildi. Loyiha 50 kishini ish bilan ta’minladi. E’tiborli jihati shundaki, fuqarolarimiz bir ish siklining o‘zida 6 oyda kreditini yopib, daromadga chiqishga erishdilar. Hozirda loyihaga jalb etilgan fuqarolarning har biri 15-20 mln so‘m miqdorida daromad ko‘rmoqda. Fuqaro baliqchilikdan olgan foydasini yana ushbu sohani kengaytirishga yo‘naltirishi ham mumkin. Hozirgi paytda aholining 60 foizi baliqchilik bilan mashg‘ul bo‘lib turibdi.
Yana bir muhim jihati – mahallada baliqchilikning muvaffaqiyatli rivojlantirilishi hududda boshqa biznes yo‘nalishlarining ham ko‘plab ochilishiga yo‘l ochdi. O‘z navbatida, mahalla hududida yangi servis shoxobchalari tashkil etildi. Bugungi kunda aholi tomonidan yetishtirilgan baliq mahsulotlari shu yerning o‘zida ochilgan kafe va boshqa umumiy ovqatlanish maskanlariga yetkazib berilmoqda. Natijada sayyohlar, dam oluvchilar soni ko‘paymoqda, mahalliy turizm rivoj topmoqda.
Shuningdek, baliqchilikni rivojlantirganimiz hisobiga mahallaga ijtimoiy yordam so‘rab chiqadigan fuqarolar soni ham kamayib ketdi. Shuning uchun ham mahalla “drayver”ini to‘g‘ri tanlay bilish – juda muhim!
– Mahalla farovonligini oshirishda transport, energetika, kommunal, ijtimoiy infratuzilmalar muhim ahamiyatga ega. Bu borada mahallangizda qanday ishlar qilindi?
– Haqiqatan ham infrastrukturaning holati aholi turmush darajasida katta rol o‘ynaydi. Mahalla ichimlik suvi va tabiiy gaz bilan ta’minlangan. Tadbirkorlikning rivojlanishi mahalla infratuzilmasini ham ancha yaxshilashga imkon berdi. Xususan, o‘tgan qisqa vaqt davomida 5,5 km yo‘l asfalt qilindi. Mahalla ko‘chalaridagi yog‘och simyog‘ochlar o‘rniga zamonaviy beton simyog‘ochlar o‘rnatildi. Shuningdek, elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida davlat hisobidan 2 ta eski transfmormator yangisiga almashtirildi. Muhim jihati, baliqchilikning muvaffaqiyatli rivojlanishi mahallada xizmat ko‘rsatish sohasining ham gullab-yashnashiga imkon berdi.
– Ayni paytda kambag‘allikka qarshi kurashish davlatimiz ijtimoiy siyosatining ustuvor jihatlaridan biri sanaladi. O‘tkazilgan tadqiqlar natijasida mahalla aholisi orasida kambag‘allikning qanday asosiy sabablari aniqlandi? Ularni bartaraf etish uchun nima ishlar qilindi?
– O‘rganishlar va tahlillar, shaxsiy tajribadan kelib chiqib aytish mumkinki, aholi orasida uchrayotgan kambag‘allik holatlarining aksariyati fuqarolarda bozor munosabatlari sharoitida o‘z kasbi yo malakasidan yetarlicha foydalana olmasligi, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun mablag‘ yoki bilimning yetishmasligi kabilar tufayli yuzaga kelayotganligini ko‘rsatdi. Kambag‘allik darajasini qisqartirish, aholini kambag‘allikdan chiqarish maqsadida mahallada istiqomat qiluvchi 47 ta fuqaroni talab yuqori bo‘lgan turli kasblarga o‘qitish uchun monomarkazlarga o‘qishga yubordik. Shuningdek, 17 nafar fuqaroga subsidiya asosida tikuv mashinasi, motokultivator, “duxovka” pechlari olib berildi. Prezident qaroriga muvofiq, yana 24 ta fuqaroga dehqonchilikni yo‘lga qo‘yishi uchun 20 sotixdan yer ajratildi. Hozirda yer olgan fuqarolar ekin ekib, oila byudjetini yaxshilamoqda.
Prezidentimiz aytganlariday, agar daromadli ish o‘rinlari yaratadigan bo‘lsak, kambag‘allik keskin qisqaradi. Bu amalda ham isbotini topdi. Haqiqatan ham, daromad keltiruvchi ish joylari yaratilganidan keyin muhtojlar, ijtimoiy yordam so‘rab keluvchilar soni kamaydi. Ish so‘rab kelgan fuqarolarga ham ish joylari taklif qilmoqdamiz. Chunki ishi bor, oylik daromadi bo‘lgan odam mahalladan yordam so‘ramaydi, o‘z aravasini o‘zi tortadi.
Bundan tashqari, sharoiti og‘ir xonadonlarni yetakchi tadbirkorlarimizga biriktirish amaliyotini ham yo‘lga qo‘ydik. Yetakchi tadbirkorlar ularga nafaqat moddiy ko‘mak bermoqda, balki o‘ziga shogird sifatida ishga qabul qilib, o‘z biznesini ham o‘rgatmoqda, shu bilan birga, qilgan mehnati uchun oylik maosh ham to‘lamoqda. Bu orqali ham kambag‘allik holatlari kamayib, aholi farovonligi oshmoqda.
Mahalladagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqarolarga o‘z faoliyatlarini rasmiylashtirishda hokim yordamchisi tomonidan yordam berildi.
– Mamlakatimizda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi ayovsiz kurash olib borilmoqda. Siz o‘z faoliyatingizda korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun nima ishlar qilmoqdasiz?
– Albatta, faoliyatimiz davomida korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik juda muhim. Chunki korrupsiya qilayotgan xayrli ishlarimizga soya soladi. Hokim yordamchilari ishining aksariyat yo‘nalishlari shaffof elektron tizim orqali amalga oshiriladi. Masalan, subsidiyalar, kreditlar ajratish, ijtimoiy ko‘mak berish masalalari va boshqalar. Shuningdek, faoliyatimizni shaffoflik va ochiqlik prinsiplari asosida qurishga harakat qilmoqdamiz. Bundan tashqari, amalga oshirilayotgan ishlar, ularning natijalari bo‘yicha mahalla aholisi, deputatlar, yuqori tashkilotlar, mas’ullar oldida hisobot beriladi. Bularning bari korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslikka xizmat qiladi.
– O‘tgan bir yarim yil davomida mahallada nimalar o‘zgardi? Ularning hokim yordamchilari institutiga va umuman “mahallabay” tizimiga ishonchi ortdimi?
– Tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar mahalla aholisining farovonligida ijobiy aks etdi, tadbirkorlikni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ygan fuqarolarning moddiy ahvoli yaxshilandi, o‘ziga, kelajagiga ishonchi ortdi, deb ishonch bilan ayta olaman. Faoliyatim davomida mahalla ahlining qo‘llab-quvvatlashini his qilaman. Asosiysi, kishilarda islohotlar, o‘z kelajagiga ishonch paydo bo‘ldi. Eng muhimi ham shu!
– Kelajak rejalaringiz qanday?
– Forel yetishtirish loyihasining muvaffaqiyatli chiqqani, hamda aholi tomonidan talab bo‘lganligini hisobga olgan holda hozirgi kunda mahallada yana 600 oilaga mo‘ljallangan hovuzlar qurilmoqda. Bundan tashqari, kamyob forel baliqlarini Rossiyaga eksport qilishni boshladik. Uchqo‘rg‘on tumani bo‘yicha yillik baliq yetishtirish quvvati 1 000 tona bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 10 baravarga oshirish rejamiz bor. O‘rganishlar natijasida mahallada istiqomat qiluvchi ko‘plab fuqarolarda ekoturizmni rivojlantirish istagi ham borligi ma’lum bo‘ldi. Endigi vazifa – ana shu yo‘nalishni ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlash!
– Samimiy javoblar uchun tashakkur!
Jamoliddin Turdimov
"Iqtisodiy sharh" jurnali №6/2023
Izoh qoldirish