– Mamlakatimizda “mahallabay” ish tizimi yo‘lga qo‘yilib, so‘ngra barcha mahallalarda “hokim yordamchisi” lavozimi joriy etildi. Siz uchun bu lavozimning mazmun-mohiyati nimada, uni qanday tushunasiz?
– Sir emaski, bugungi kunda yurtimizda barcha sohalar kabi mahalla tizimi ham davlatimiz rahbari tomonidan bo‘layotgan e’tibor natijasida rivojlanib, har bir fuqaroning shaxs sifatida jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Bunda mahallani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yetakchi rol o‘ynaydi. Shu sababli, rahbarlik qobiliyatiga ega, bilim va salohiyatli kadrlar bilan birgalikda ushbu yangi loyihada ishtirok etish uchun xohish bildirdim. Dunyo tajribalarini o‘zimizga xos bo‘lgan milliy qadriyatlarimiz bilan uyg‘unlashtirgan holda qo‘llab, O‘zbekiston uchun muhim loyihaning ilk ishtirokchilaridan biri sifatida qatnashayotganimdan mamnunman.
– O‘zingiz va ushbu lavozimga qanday kelganingiz haqida batafsilroq so‘zlab bering. Hokim yordamchisi bo‘lgan mahallangizdagi ishlar bilan avval qanchalar tanish edingiz?
– Ilgarigi faoliyatim ham xalq hayoti bilan mushtarak edi. Dastlab Buxoro davlat universiteti jismoniy madaniyat fakultetida tahsil oldim, hozir ham o‘qishda davom etyapman – Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetining menejment fakultetida sirtqi ta’lim shaklida o‘qiyman. Bu lavozimga o‘tgunga qadar Kogon tumani bolalar-o‘smirlar sport maktabi direktori lavozimida ishlaganman.
– Mahallangiz haqida batafsil ma’lumot bering. U qayerda joylashgan, qishloqda yoki shahardami, kattaligi qanday, mahalla ahlining ishlashi uchun qanday yirik korxonalar mavjud, mahalla aholisi asosan qaysi faoliyat turlari bilan shug‘ullanadi?
– Mahallamiz Kogon tumanida Bahouddin Naqshband ziyoratgohi yaqinida joylashgan. Keksa otaxonlarimiz aytishiga qaraganda, mahalla nomi olis tarix bilan chambarchas bog‘liq. 1934 yillarda hozirgi Sarayon MFY o‘rni chakalakzorlardan iborat bo‘lgan. Uning yonidan Saray arig‘i o‘tgan. Keyinchalik 3 ta oila ko‘chib kelib, ular ariqni tozalovchi bo‘lishgan. Bora-bora xonadonlar ko‘payib, ariq yonida bunyod etilgan qishloqcha nomi Sarayon deb nomlangan. 1968 yillarda sobiq sovet davrida qishloq kengashi tashkil etilgan. Sarayon, Bahouddin Naqshband, Choloki, Geofizika, Hukumatobod qishloqlari uning tarkibiga kiritilgan. 1985 yilga kelib, qishloqlarda aholi ko‘payib, ularga alohida mahalla maqomi berilgan. Sarayon mahallasi ham shu tariqa mahalla sifatida tashkil topgan.
Joriy yil holatiga ko‘ra, Sarayon mahalla fuqarolar yig‘inidagi umumiy aholi soni 3 566 nafarni tashkil etsa, ularning 1 532 nafari yoshlardir. MFYda xonadonlar soni 658, oilalar soni 789, ishsizlar soni 148 nafar, kam ta’minlangan oilalar esa 64 taga yetgan.
MFYda 1 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 1 ta maktab va 1 ta oilaviy poliklinika va ijtimoiy dorixona mavjud. Jismoniy tarbiya va sport tizimi ham havas qilgudek, hududda 3 ta sport inshooti mavjud, shundan 1 ta stadion va 2 ta sport zali mahalla yoshlari xizmatida, 426 nafar yigit-qiz sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanib kelishadi. Mahalla hududida yirik sanoat korxonalari mavjud emas.
Mahalladagi xonadonlar va aholi qatlami quyidagicha:
1-toifadagi, ya’ni daromadi kam, daromad topishga harakat qilayotgan xonadonlar soni 147 ta (22,3%);
2-toifadagi, ya’ni doimiy daromadga ega, qo‘shimcha daromad topish istagi bor xonadonlar soni 306 ta (46,5%);
3-toifadagi – nogironligi bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj xonadonlar soni 64 ta (9,7%);
4-toifaga mansub, iqtisodiy ahvoli yaxshi va o‘ziga to‘q xonadonlar soni 141 ta (21,4%)ni tashkil etadi.
Shundan kelib chiqib, har bir toifaga kiritilgan xonadon va fuqarolar bilan alohida ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilganligi menga qo‘l kelmoqda. Mahallada 148 nafar mehnatga layoqatli fuqarolar ishsizlar ro‘yxatiga kiritilgan. Bu borada har bir fuqaroning qiziqishlari va imkoniyatlaridan kelib chiqib, ularni ishga joylashtirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borildi.
– Mahalladagi ish faoliyatingizni nimadan boshladingiz?
– Zimmamga bu vazifa yuklatilgach, birinchi navbatda mahallani to‘liq o‘rganib, o‘zim uchun yo‘l xaritasini tuzib olish maqsadida har bir xonadonga kirib, so‘rovnomalar o‘tkazdim, bunda xonadonning haqiqiy holati va sharoitidan kelib chiqqan holda imkoniyatlarini bilib oldim.
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini aniqlash maqsadida xatlov jarayonida xonadonlar toifalarga bo‘lindi. Shunga asosan, nogironligi bor va kasal a’zolari bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj xonadonlar 57 tani tashkil etdi. Shulardan 11 nafari “Temir daftar”ga, 65 nafari “Ayollar daftari”ga kiritilib, xotin-qizlardan 23 nafari ijtimoiy himoyaga muhtojligi sababli yordam ko‘rsatish uchun ro‘yxatga olindi.
Ishsiz fuqarolar 119 nafar bo‘lib, shundan 65 nafari ishlash istagini, 6 nafari kasb-hunar o‘rganish, 18 nafari tadbirkorlik bilan shug‘ullanish hamda 30 nafar uy bekalari esa ishlash istagi yo‘qligini bildirdilar. 393 nafar norasmiy daromadga ega bo‘lgan fuqarolar bilan faoliyatlarini legallashtirish va rasmiy daromadga ega bo‘lish uchun tushuntirish ishlari joylarda olib borildi.
Aholining asosiy daromadi tomorqadan. Ammo servis xizmatini rivojlantirish orqali qishloq ahli farovonligini oshirish imkoniyati mo‘l. Mahallaning ixtisoslashuvi va “o‘sish nuqtalari”ni inobatga olsak, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish imkoniyati kengligini ko‘rish mumkin.
– Hozirga qadar nima ishlar bajarildi?
– Joriy yilning birinchi yarmida 148 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. Jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga 42 nafar, 10 sotixdan tomorqa yer maydoni ajratish hisobiga 65 nafar, mavjud bo‘sh (vakant) ish o‘rinlariga ishga joylashtirish bo‘yicha 32 nafar, o‘zini-o‘zi band qilish hisobiga 115 nafar (sartarosh, etikdo‘z, nonvoy, temirchi, duradgor, tikuvchi, taksist, dasturchi), korxonalarda norasmiy ishlayotgan ishchilarni legallashtirish bo‘yicha 64 nafar, subsidiya ajratish hisobiga 23 nafar kishi ishli bo‘ldi.
Bundan tashqari, bugungi kunda hudud bo‘yicha jami 74 nafar fuqaro Rossiya (71 nafar) va (3 nafar) Turkiya davlatida yashash va ishlash uchun ketganlar ro‘yxatiga olingan. Hozirda ushbu fuqarolar bilan gaplashib, ularni imkon qadar yurtimizga qaytarish va o‘zlariga mos keladigan ish o‘rni topish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Birgina misol, mahalladagi “Sarvar Javlon Parranda” MChJ negizida tashkil etilgan “Kooperatsiya usulida brollerchilik” yo‘nalishida 28 ta xonadonning doimiy bandligi, “Sevinch Aziza Bonu” oilaviy korxonasida milliy shirinliklar sexini ishga tushirish orqali 9 nafar xotin-qizlar, “Sharshara plyus” MChJ negizida non va non mahsulotlarini ishlab chiqarish sexini ishga tushirish orqali 8 nafar, Buxoro shahar “Mono markaz” va “Sarayon chevarlari mohir qo‘llar” MChJ hamkorligida tashkil qilingan tikuvchilik o‘quv kursiga 20 nafar, shuningdek, dehqon xo‘jaligi yo‘nalishida qulupnaychilik kooperatsiyasi tashkil qilish hisobiga 30 nafar ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlandi.
– Mahalla aholisi bilan qay tarzda aloqa o‘rnatdingiz, muammolar yuzasidan qancha murojaatlar tushmoqda, axborot platformasi faoliyati qay yo‘sinda yo‘lga qo‘yilgan, muammolarni hal etishda mahalla aholisi bilan yaqindan muloqot qilyapsizmi?
– Mahalla ahli bilan aloqam juda yaqin bo‘lgan. Deputat sifatida xonadonma-xonadon yurganimda har bir chehra men uchun tanish bo‘lib qolgan. Odamlar muammolarini bilish va zudlik bilan aholi tomonidan ko‘tarilgan masalalarga yechim topish uchun ijtimoiy tarmoqlar orqali muloqot yuritish maqsadida “Hokim yordamchisiga murojaat” Telegram-kanalini tashkil etdim. Hozirgi kunda ushbu kanal orqali ko‘plab muammolar o‘rganilib, ko‘tarilgan muammolarning yechimi qaysi tashkilot va idoralar bilan bog‘liqligiga binoan ijobiy hal etib kelinmoqda. Zero, fuqarolar bilan doimiy muloqot – muammolarga yechim topishning muhim omilidir. Mahalla binosida ajratilgan xonada ham fuqarolar bilan muloqot olib borish uchun barcha shart-sharoitlar mavjud. Bugungi kungacha 100 dan ortiq masala joyida, 13 ta masala shahar miqyosida va 7 ta masala viloyat miqyosida o‘z yechimini topdi.
– Hokim yordamchisi sifatida mahallangizda tadqiq va so‘rovlar o‘tkazgansiz. Iltimos, ularning natijalari haqida bizga batafsil ma’lumot bering, nimalarni aniqladingiz? Hududda aholining qaysi ijtimoiy guruhlari ko‘pchilikni tashkil qiladi, qancha kambag‘al va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qo‘llab-quvvatlashga muhtoj, tadbirkorlik qay darajada rivojlangan? Mahallangizning “ijtimoiy portreti”ni raqamlar bilan ko‘rsatish mumkinmi?
– Hokim yordamchisi sifatidagi faoliyatimni dastavval mahallamning drayverini aniqlash maqsadida so‘rovnomalar o‘tkazishdan boshladim. Sarayon mahallasi Ko‘chatzor va O‘rmonzor qishloqlarini o‘zida birlashtirgan. Iqtisodiy faol aholi esa 1 451 nafardan iborat. Hududda o‘tkazilgan xatlov natijasi bo‘yicha aholi 4 ta toifaga ajratildi:
- birinchi toifa – ishsizlar 122 tani;
- ikkinchi toifa –doimiy daromadga ega, lekin qo‘shimcha daromad olish istagi mavjud xonadonlar 322 tani;
- uchinchi toifa – ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi mavjud xonadonlar 61 tani;
- to‘rtinchi toifada esa doimiy daromadga ega, shu bilan birga, ko‘shimcha daromad manbaiga ega xonadonlar – 157 ta.
Ko‘rinib turibdiki, doimiy daromadga ega, lekin qo‘shimcha daromad olish istagi bo‘lganlar ko‘pchilikni tashkil etarkan. Shundan kelib chiqib, tegishli choralar belgilab olindi.
– O‘tkazilgan tadqiq natijalariga ko‘ra, qanday ustuvor vazifalar va qo‘llab-quvvatlash choralari belgilab olindi? Muvaffaqiyatli loyihalar haqida so‘zlab bering.
– Hokim yordamchisi vazifasida faoliyat olib borar ekanman, ishni mahallaning “o‘sish nuqtalari”ni aniqlash, aholining taklif va muammolarini o‘rganishdan boshladim. Mahallamizda 15-30 yoshdagi yigit-qizlar soni 436 nafarni, xotin-qizlar soni 1 ming 835 nafarni, shu qatorda chet ellarga qatnab ishlayotgan migrantlar soni 155 nafarni, rasman ishsiz maqomidagilar soni 130 nafarni tashkil etmoqda. Albatta, avvalo yoshlar muammolarini tizimli hal qilishga e’tibor qaratdik, ishni hududdagi 14 ta ko‘p qavatli uyda yashovchi ishsiz yoki tadbirkorlikka havasmand yoshlar bandligini ta’minlashga ko‘maklashishdan boshlaganmiz. Bu turar joylarda savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini ko‘paytirish ancha foydali. Shu boisdan, ko‘p yildirki, bo‘sh va tashlandiq holda yotgan binoning 130 metr kvadratini milliy shirinlik va qandolat mahsulotlari pishirib sotish sexi uchun Aziz Shirinov va uning turmush o‘rtog‘iga berdik. Hozirgacha shu faoliyat bilan uyida, tor sharoitda mehnat qilib kelgan oila bugun “Sevinch Azizabonu” oilaviy qandolat kichik korxonasini tashkil etib, qo‘shimcha 6 nafar pazanda yoshni ish bilan ta’minlamoqda. Oilani moddiy qo‘llab-quvvatlab, “Har bir oila – tadbirkor” loyihasi doirasida 68 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘i berildi. Sex elektr ta’minoti uchun uch fazali elektr tarmog‘iga ulandi. Shu binodan 120 kvadrat metr maydon “Sarayon chevarlari” tikuv sexi ochayotgan Mushtariybonu Ramazonovaga bepul ijaraga berilib, 10 ta zamonaviy tikuv mashinasi va boshqa uskunalar bilan ta’minlanadigan bo‘ldi. Hademay 14 nafar chevarning doimiy bandligi ta’minlanadigan bu kichik korxona uchun tuman hokimligi bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan 100 mln so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani chevar qizlarni mamnun etdi. Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi filiali o‘rnida, tikuvchilar safini kengaytirishga qaror qilingan mazkur sexni ayni kunda hashar yo‘li bilan ta’mirdan chiqarib jihozlayapmiz. Bu yo‘nalishda mahallamizdan 13 nafar tikuvchilikka havasmand qizlarni Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida o‘qitishga yo‘llanma berdik.
Sarayon qishlog‘ida yashovchi tadbirkor oila vakili To‘lqin Pochchayev ham “Har bir oila – tadbirkor” loyihasi doirasida 99 mln so‘m kredit mablag‘ini olib, bu sarmoyaga 60 mln so‘m shaxsiy jamg‘armasini qo‘shgani holda hovlisida 3 ming bosh broller usulida parhezbop go‘sht yetishtirishga mos parranda parvarishini boshlagandi. Shu kecha-kunduzda u har biri 2,5 kggacha bo‘lgan tovuqlarini bozor narxida, har kilogrammini 22 ming so‘mdan sotyapti. Oila bundan olinayotgan daromad cho‘g‘ini cho‘tga urganda 154 mln so‘mga yetkazib, moddiy manfaat ko‘rmoqda. Bu hali 45 kunlik mehnat mahsuli, erishilgan foyda xolos. Mahallada Said Narziyev rahbarligida qulupnay yetishtirish kooperatsiyasiga asos solingani ham tomorqasidan samarali foydalanmoqchi bo‘lgan mirishkorlar uchun faqat foyda degani. Shuningdek, “Buxoro parranda” MChJ ekin yeri hisobidan tuman zaxirasiga olingan 2,5 gektar yer maydoni hududda og‘ir sharoitda yashayotgan oilalarning mehnatga layoqatli 25 nafar yoshlariga 10 sotixdan teng taqsimlab berilgani ularga yaxshigina imkoniyat yaratadi. Yoshlar ekin yerining 2 sotixida “Viktoriya” navli serhosil qulupnay yetishtirish barobarida qolgan yer qismida sabzavot mahsulotlarini ekib yetishtirish imkoniyatiga egalar. Qulupnayni esa buyurtmachi tomoni bozor bahosida sotib olishga tayyor. Hozirda Jo‘rabek Azimov, Mirshod Namozov, Bobirxo‘ja Pochchoyev, Muhriddin Norov, Mehriddin Najmiddinov, Shahlo Rajabova singari dehqonchilikka ishtiyoqi baland yoshlar o‘zlariga olgan yerda ekin-tikin ishlarini boshlab yuborishgan. Xususan, mahalla ma’muriyati sa’y-harakati bilan hududdagi 13 nafar ishsiz fuqaroning tomorqasida bir sotixdan yerda sabzi yetishtirishga kirishilgan. Ularga zarur ashyo va urug‘lik bepul tarqatilgan.
– Tadqiqlar natijasida kambag‘allikning asosiy sabablari aniqlandimi? Ularni bartaraf etish va mavjud muammolarni hal qilish uchun qanday yondashuvlarni ishlab chiqdingiz? Ushbu sohalarda qanaqa chora-tadbirlar ko‘ryapsiz va amalga oshirishni rejalashtiryapsiz?
– O‘zi kambag‘allik nima? Kambag‘allik insonning jamiyatda to‘laqonli ishtirok eta olmasligi, bundan tashqari, oilasini boqishi, ta’lim olishi yoki davolanishi, biror sohada faoliyat yuritishi yoki daromad olishiga yordam beradigan ish bilan ta’minlanmaganligi hamda kredit olish imkoniyatining cheklanganida namoyon bo‘ladi. Kambag‘allikni qisqartirish uchun aholida tadbirkorlik ruhini uyg‘otish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni amalga oshirish lozim. Bundan tashqari, kambag‘allikdan chiqib ketish uchun eng muhim omil – bu insonning intilishi, o‘z kuchiga tayangan holda, aniq maqsad sari harakati bilan belgilanadi.
Albatta, bu borada ilk qilinadigan amaliy ishimiz aholi yashash tarzini o‘rganish, ularning ishga layoqati va oila farovonligiga asos bo‘la oladigan manbalarining mavjudligiga e’tibor qaratishdan boshlanadi. Maqsad aniq bo‘lsa, harakatimizda samara ko‘zga ko‘rinadi. Albatta buning uchun ko‘p mehnat qilishimizga to‘g‘ri keladi. Natijasini esa g‘alvir suvdan ko‘tarilganda ko‘ramiz.
– Aytingchi, mahalla ahlini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida qanday ishlar amalga oshirildi? Ishingizda kambag‘al uy xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash uchun qanday innovatsion va tayyor usullarni qo‘lladingiz? Misollar keltiring va ushbu uy xo‘jaliklari bilan ishlash natijalari haqida batafsil ma’lumot bering.
– Yil boshida kambag‘allik ro‘yxatiga 16 nafar fuqarolar olingan bo‘lsa, har biri bilan alohida ishlar olib borildi. Ularning yashash sharoiti, turmush tarzi va imkoniyatlari to‘liq o‘rganib chiqildi. Bunga men viloyat va shahar kengashi deputatlari, mahalla faollarini jalb etdim. O‘tkazilgan so‘rov va suhbatlar natijasida kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha reja tuzildi. Eng avvalo oila a’zolari ruhiyatini o‘rganishga, ularni yaxshi yashashga intilishlari uchun motivatsiya berishga harakat qildim. Xonadondagi mehnatga layoqatli fuqarolarni kasb-hunar yoki tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish va shundan so‘ng ularga daromad topishlari uchun asbob-uskuna ajratish maqsad qilib qo‘yildi. Bundan tashqari, ushbu xonadonlarga homiylar ko‘magida parrandalar tarqatilib, ehson va ma’naviy yordamlar ko‘rsatildi. Joriy yilning dastlabki birinchi yarim yilligida jami 148 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. Jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida mahallaga 1,8 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lib, hozirgi kunda 42 nafar fuqarolarga o‘z tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirishlari uchun tavsiyanomalar berildi hamda Agrobank tomonidan 1 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi.
Jumladan, To‘lqin Pochchayev, Mirshod Namozovlar ushbu imtiyozli kredit asosida o‘zlari qiziqish bildirgan brollerchilik (parranda) biznesi faoliyati bilan shug‘ullanib, o‘zlari bilan bir qatorda oila a’zolaridan yana 6 nafari bandligini ta’minlashmoqda. Buning samarasida mahallamizda yanvar-iyul oylarida o‘rtacha tovuq go‘shti yetishtirish 25 tonnaga yetkazildi. Bu o‘tgan yilgi mos davrga nisbatan ancha ko‘p.
– Mahallaning barqaror rivojlanishida transport, energetika, kommunal, ijtimoiy va boshqa infratuzilmalarning mavjudligi va holati muhim ahamiyatga ega. Bu borada mahallangizdagi muammolarni qanday tavsiflab bera olasiz va ularni hal etish, mahallangizni obodonlashtirish borasida qanaqa ishlar olib boryapsiz?
– Gapingizda jon bor, mahallaning barqaror rivojlanishida transport, energetika, kommunal, ijtimoiy va boshqa infratuzilmalarning mavjudligi katta ahamiyatga ega. Mahallamizda 14 km ichki yo‘llar mavjud bo‘lib, 3 km qismi ta’mirtalab bo‘lib qolgandi. Sa’y-harakatimiz bilan ushbu yo‘llarning 1 kilometri shag‘allashtirildi. 500 metr qismini betonlashtirish ishlari oxiriga yetkazildi. Qolgan qismi esa dastur doirasida yil oxirigacha to‘liq asfalt qilinadi. Elektr energiyasi masalasida ham siljish amalga oshirildi. MFYda 5 ta transformator bo‘lib, ikkitasi ta’mirtalab edi. Tashkilotlar bilan birgalikda bittasi kayta ta’mirlanib, ikkinchisi yangisiga almashtirildi.
Tabiiy gaz masalasi aholini ko‘p yillardan buyon qiynab kelardi. 350 ta xonadonga boruvchi gaz quvurlari eskirib, bosim kamligidan ko‘plab murojaatlar tushgandi. Mart oyida 1 km kuvurlar yangisiga almashtirildi va aholining roziligiga erishildi. Asosan eng ko‘p murojaatlar infratuzilmani rivojlantirish bilan bog‘liq bo‘lib, ichimlik suvi va yo‘llarni ta’mirlash muammolari ko‘tarilgan.
– Siz mahallangizning iqtisodiy rivojlanishini eng yaxshi ta’minlay oladigan asosiy “o‘sish nuqtalari”, tarmoq yo‘nalishlarini aniqlash maqsadida so‘rov o‘tkazdingizmi? Agar o‘tkazilgan bo‘lsa, ushbu so‘rov nimani ko‘rsatdi? Bu haqda, shuningdek, aniqlangan “o‘sish nuqtalari”ni rivojlantirish uchun nima qilayotganingiz haqida ko‘proq gapirib bering.
– O‘tkazilgan tadqiqlar mahallada oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, ishsiz aholini kasb-hunarga o‘qitish va aholini o‘zini o‘zi band qilishga imkoniyatlarini kengaytirish vazifalari dolzarbligini ko‘rsatdi. Shuningdek, mahalla drayverlari sifatida chorvachilik va bo‘rdoqichilikni rivojlantirish hamda qurilish materiallarini ishlab chiqarish sohasini takomillashtirish belgilab olindi. Bu boradagi ishlarda dastlabki qadamlargina tashlandi xolos. Hali asosiy ish oldinda. Hozir esa o‘rganishlar asosida “o‘sish nuqtalari”ni rivojlantirish borasida bosh qotiryapmiz.
– “Mahallabay” tizimi mahalliy darajada hal qilib bo‘lmaydigan muammolarni hal etishda barcha darajadagi boshqaruv organlarining yaqin o‘zaro hamkorligini ko‘zda tutadi. Amaliyotingizda shunday holatlar bo‘lganmi? Qanday muammoga qaysi tashkilotdan yordam berilgani va bu muammo qanday hal qilinganiga aniq misollar keltiring.
– Hozirgi kunda hokim yordamchilari uchun yaratib berilgan oilaviy platforma dasturida muammolarni yechish uchun vazirlik va tegishli idoralarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron murojaatlar yuborish imkoniyati mavjud. Birgina misol, Davlat ijara markazi orqali hozirgi kunda bo‘sh turgan mahalla binosi auksion orqali tadbirkorga olib berildi. Bu orqali mazkur binoda tadbirkor tomonidan milliy shirinliklar sexi tashkil etilib, 7 nafar xotin-qizlar bandligi ta’minlandi.
– Faoliyatingiz davomida mahallada nimalar o‘zgardi, aholining bunga munosabati qanday? Ularning hokim yordamchilari institutiga va umuman “mahallabay” tizimiga ishonchi ortdimi?
– Hokim yordamchisi institutini tatbiq etishdan maqsad – mahallani har tomonlama rivojlantirish, aholi muammolarini hal etish orqali halqimizning mahallaga bo‘lgan ishonchini oshirishdir. Bugun aholi yuqori tashkilotlarga emas, balki hokim yordamchisiga murojaat etib, o‘z muammolariga yechim topayotgani ayni haqiqat. “Mahallabay” ishlash tizimi orqali mahallaning o‘zida turib barcha masalalarni hal qilish mumkinligi odamlarni minnatdor qilmoqda.
Masalan, fuqaro tadbirkorligini boshlash niyati bilan kredit olish uchun bankka qatnayverib, kovushi yirtilardi. Yillab yugursa-da, yo olardi yo ololmasdi. Bu muammo endi yo‘q. Hozir tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni istagan fuqaro oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida elektron ariza beradi. Hokim yordamchisi tavsiyasi asosida ikki kunda kredit chiqarib beriladi. Albatta, bu fuqarolar ishonchini oshirish bilan birga tadbirkorlikni rivojlantirishda kishiga rag‘bat bag‘ishlaydi.
– Tajribangizdan kelib chiqib aytingchi, mahallada qayd etilgan kambag‘allik holatlari qanday sabablarga ko‘ra kelib chiqmoqda? Sizningcha, mahalladagi kambag‘allik darajasini qisqartirish uchun yana nimalar qilsa bo‘ladi?
– Kambag‘allikni qisqartirish uchun, birinchi navbatda, aholida tadbirkorlik ruhini uyg‘otish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, shuningdek, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni amalga oshirish lozim, deb o‘ylayman. Shu bilan birga, kambag‘allikdan chiqib ketish uchun eng muhim omil – aniq reja va zarur moliyaviy ko‘makdir.
– Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi ayovsiz kurash olib borilmoqda. Siz o‘z faoliyatingizda korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun nima ishlar qilmoqdasiz?
– Korrupsiya – taraqqiyot tushovi, yurtimiz kelajagiga tahdiddir. Bu manfur illat zamirida nafaqat pora olish, balki qo‘lidan kelsa-da, manfaatsiz yordam ko‘rsatmaslik, insonlar taqdirlariga befarq va loqaydlik ifodasi namoyon. Ko‘p narsa tarbiyaga bog‘liq deb o‘ylayman. Avvalambor, inson o‘z nafsini tiyishi, halol pul topish orqali farzandlarini o‘stirishi kerak. Har kuni ertalab uydan chiqar ekanman, kunimiz xayrli va samarali o‘tishini, kechqurun oilamga sog‘-salomat qaytib kelishimizni niyat qilaman. Chunki meni uyda oilam kutadi, men ularga kerakman.
Mahallada nafaqat korrupsiya holatlari, balki odamlar qalbida hech qanday gumon bo‘lmasligi uchun faoliyatim mobaynida oshkoralik va ochiqlikni ta’minlashga harakat qilaman. Mahalla faollari va oqsoqollari, deputatlarni jalb etib, aholini toifalarga ajratish, ular bilan doimiy monitoringlar olib borish, xalq oldida hisobotlar berish tartibini ishlab chiqqanmiz. Mahallada sektor rahbari, Xalq qabulxonasi, huquqni muhofaza qilish organlari bilan birgalikda sayyor qabullar, huquqiy maslahatlar o‘tkazib boriladi. Aynan shu tadbirlar aholining huquqiy ongini yuksaltirishga va korrupsiyaning oldini olishga xizmat qiladi.
Izoh qoldirish