Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish rejalari va takliflari. Prezident nutqidan asosiylari

Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish rejalari va takliflari. Prezident nutqidan asosiylari

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari 34-sessiyasida ishtirok etmoqda.

Prezidentning sessiyadagi nutqidan asosiy tezislarni Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov bermoqda.

Qoraqalpog‘istondagi o‘zgarishlar haqida

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari 34-sessiyasida ta’kidlaganidek, 6 yil davomida boshqa hududlarga nisbatan eng ko‘p, ya’ni 9 marta hududga tashrif buyurdi. Bu davrda Qoraqalpog‘istonni kompleks rivojlantirishga qaratilgan 31 ta farmon va qarorlar qabul qilindi.

"Birgina joriy yil fevraldagi tashrif doirasida hududni har taraflama rivojlantirish uchun 1,5 trillion so‘m mablag‘ ajratdik", dedi Prezident.

Xususan, hududda tadbirkorlik sub’yektlari soni 2 barobarga ortib, qariyb 4,5 mingta investitsiya loyihalari ishga tushirildi.

Qoraqalpog‘istonda ichimlik suv ta’minoti 40 foizdan 68 foizga, maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 32 foizdan 76 foizga, aholi daromadlari jon boshiga 2 barobarga oshishiga erishildi.

Hududni rivojlantirish rejalari va takliflari

Prezident Jo‘qorg‘i Kengesi raisi lavozimiga nomzod Amanbay Tleubayevich Orinbayevning taqdimotidagi takliflarini qo‘llab-quvvatlab, ular yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlariga Qoraqalpog‘istonda qo‘shimcha imtiyoz va yengilliklar berish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Amanbay Orinbayevning nomzodini ko‘rib chiqishdan avval Prezidentimiz nomzodning hududni jadal rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish, mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha rejalari va takliflarini tinglashni taklif etdi.

Foto: O‘zR Prezidenti matbuot xizmati, Amanbay Orinbayev

Jo‘qorg‘i Kengesi raisi lavozimiga nomzod Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlikni rivojlantirish, agrar sohani rivojlantirish, sanoat loyihalarini ko‘paytirish, infratuzilmani rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilish, ta’lim va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi mavjud muammolarni va ularni hal qilish bo‘yicha takliflarini bayon etdi. Prezidentdan bu rejalarni to‘liq amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan resurslar ajratilishida ko‘mak so‘radi.

Biznes uchun imtiyozlar va fermerlar uchun subsidiyalar

Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida:

  • hudud uchun foyda solig‘i stavkasini 15 foizdan 7,5 foizga tushirish;
  • aylanma soliq stavkasini Nukus shahrida 4 foizdan 2 foizga, tumanlarda 2 foizdan 1 foizga, olis hududlarda esa 1 foizdan 0,5 foizga pasaytirish;
  • mol-mulk va yer solig‘i stavkalarini 2 baravarga kamaytirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.

Bundan tashqari, joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun rejadagi 650 milliard so‘mga qo‘shimcha ravishda 200 milliard so‘m ajratiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev agrar sohadagi masalalarni hal qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi:

  • yil yakuniga qadar 6 ming 620 gektar, kelgusi yilda 6 ming gektar paxta va g‘alla yerlarini qisqartirib, aholiga ijaraga berishni yo‘lga qo‘yish;
  • ekin ekish xarajatlari uchun fermerlarga 200 milliard so‘m va dehqonlarga 50 milliard so‘m ajratish;
  • suv ta’minotini yaxshilash maqsadida har bir quduqni burg‘ilash va ishga tushirish uchun 15 million so‘mgacha subsidiya ajratish va boshqa moliyaviy ko‘mak bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Investorlarni qo‘llab-quvvatlash markazi, sanoat texnoparki, eksportni qo‘llab-quvvatlash va mis ishlab chiqarish

Qoraqalpog‘istonda sanoat loyihalarini ko‘paytirish maqsadida mutasadida Investorlarga ko‘mak markazi tashkil etiladi. Markazda qoraqalpog‘istonlik tadbirkorlarga loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, subsidiya, kredit va kompensatsiya olish, mahsulotiga bozor topishga ko‘maklashish bo‘yicha bepul xizmatlar ko‘rsatiladi. Investorlarga ko‘mak markazi qoshida Nukus shahridagi 10 gektar yer maydonida Sanoat texnoparkini tashkil etiladi.

Bundan tashqari Kegeyli va Xo‘jayli tumanlarida Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tashkil qilinadi.

Besh yil muddatga faqat Qoraqalpog‘iston tadbirkorlariga eksport mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun sotib olingan xom ashyolarni, mamlakatimiz bo‘ylab tashishda 70 foiz transport xarajatlarini qoplab berish tizimini yo‘lga qo‘yilmoqda.

Davlatimiz rahbari Qorao‘zakda mis ishlab chiqarish, Qo‘ng‘irotda yangi kaustik soda va boshqa kimyoviy moddalar ishlab chiqarish zavodlarini qurish kabi yirik loyihalarni qo‘llab-quvvatladi.

Infratuzilmani rivojlantirish

Qoraqalpog‘istonda infratuzilmani rivojlantirishdagi muammolardan kelib chiqib, Prezident mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlariga quyidagi topshiriqlarni berdi:

  • “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘lining To‘rtko‘l, Beruniy va Ellikqal’a tumanlaridan o‘tgan qismini rekonstruksiya qilishga 160 million dollar jalb etish;
  • ta’mirtalab bo‘lgan 1 ming 500 kilometr suv tarmoqlari, 150 dan ziyod quduq, nasos va suv stansiyalarini ta’mirlash;
  • Nukus shahri, Taxiatosh va Xo‘jayli tumanlari markazlarida oqova suv tarmoqlarini qurish;
  • 128 ta transformator, 7,5 mingta simyog‘och ustunlarini almashtirish;
  • Qoraqalpog‘istonning har bir shahri va tumanida Ichki yo‘llarni ta’mirlash uchastkalari tashkil etish, ularga yetarli shtat, zarur mablag‘ va texnikalar ajratish;
  • ikki oy muddatda Qoraqalpog‘istonda xalqaro va ichki avtomobil yo‘llarini rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish.

Qoraqalpog‘istonda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini rivojlantirish

Qoraqalpog‘istonda ijtimoiy himoya reyestriga kirgan oilalarga ko‘mir, suyultirilgan gaz, oziq-ovqat va boshqa zarur ehtiyojlar uchun 600 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi.

  • 15 sentyabrdan boshlab Qoraqalpog‘iston uchun pensiya va nafaqa oluvchilar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga temir yo‘l va avia chiptalar sotib olish uchun 50 foizlik imtiyozni tiklash;
  • 2025 yilgacha qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha rejadan oshirib bajarilgan tushumlar Qoraqalpog‘iston byudjetida qoldirish;
  • bog‘cha, maktab va tibbiyot muassasalari qurilishiga kelgusi besh yilda qo‘shimcha 5 trillion so‘m ajratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘istonda aholi uchun yakka tartibdagi uy-joy qurish maqsadida yer uchastkasi taqdim etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

"To‘g‘ri, bu amaliyotga chek qo‘yganmiz, va boshqa hududlarda bunday imkoniyat yo‘q. Lekin, Qoraqalpog‘iston aholisi murojaatlarini inobatga olib, istisno qilib berishga tayyorman. Faqat puxta ishlangan, adolatli va shaffof tizim asosida bo‘lishi kerak", dedi Prezident.

Ta’lim va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash

Nomzodning Qoraqalpog‘istonda ta’limni rivojlantirish va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflaridan kelib chiqib, Prezident mutasaddilarga quyidagi topshiriqlarni berdi:

  • Qoraqalpog‘istondagi yosh tadbirkorlarga 7 yilgacha muddatga imtiyozli shartlarda ssudalar ajratishni yo‘lga qo‘yish;
  • bo‘sh turgan davlat ob’yektlarida yoshlar va xotin-qizlarni xorijiy tillar va IT sohasiga o‘qitish kurslarini tashkil etish imkoniyatini yaratish, ushbu ob’yektlarni tadbirkorlarga 5 yilgacha bepul foydalanishga berish;
  • Qo‘ng‘irot, Nukus va Chimboy tumanlarida 4 ta “Ishga marhamat” mono-markazlarini tashkil etish;
  • faqat Qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun mamlakatimizdagi barcha oliygohlarga alohida 6,5 mingta qabul kvotalari joriy etish;
  • Qoraqalpog‘istondagi ehtiyojdan kelib chiqib, ekologiya, qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya, qurilish sohalarida tayanch doktoranturada qo‘shimcha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish.

_______________________________________________

Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida Amanbay Orinbayevning rahbarlik qobiliyati, vatanparvarligi va insoniy fazilatlarini, shuningdek, hududni rivojlantirish borasidagi takliflarini hisobga olib, uning nomzodiga o‘z roziligini bildirdi.

                                                                                    
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar