Prezident “NANO Medical Clinic” ko‘p tarmoqli shifoxona faoliyati bilan tanishdi (foto)

Prezident “NANO Medical Clinic” ko‘p tarmoqli shifoxona faoliyati bilan tanishdi (foto)

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 iyun kuni Olmazor tumanidagi “NANO Medical Clinic” ko‘p tarmoqli shifoxona faoliyati bilan tanishdi.

Bu zamonaviy klinika mamlakatimizda xususiy tibbiyotni rivojlantirish bo‘yicha yaratilgan tizim natijalaridan biri. O‘tgan yili dekabrda ishga tushirilgan terapevtik binoda maslahat poliklinikasi, 35 o‘rinli statsionar, yadro tibbiyoti, gemodializ va terapiya bo‘limlari, laboratoriya joylashgan. Ushbu kompleks chet el loyihasi asosida barpo etilgan.

Davlat rahbari bu qurilish loyihasiga alohida e’tibor qaratdi. Har bir metr yerdan oqilona foydalanib, hamma jihatlar hisobga olingani, boshqa ob’yektlarni loyihalashtirishda buni o‘rganish kerakligini ta’kidladi.

Klinikada endokrinologiya, nevrologiya, kardiologiya, oftalmologiya, urologiya, otorinolaringologiya, ultratovush tashxisi, terapiya, fizioterapiya bo‘yicha konservativ davolash yo‘lga qo‘yilgan. Shifo maskani raqamli rentgen, kompyuter tomografiyasi, suyak densitometri, yurak defibrillyatori kabi ilg‘or diagnostika uskunalari bilan jihozlangan. Bu yerda 15 nafar oliy toifali shifokor faoliyat olib bormoqda.

Muhim jihati, klinikada radionuklid tekshiruviga asoslangan yadro tibbiyoti va intervension radiologiya joriy qilingan. Bu turli endokrin va onkologik kasalliklarni aniqlash va davolashda katta samara beradi. Ushbu yo‘nalishlar Atom energetikasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) nazoratida tashkil etilgan. Bundan tashqari, Germaniya, Turkiya, Rossiyadagi yetakchi tibbiy markazlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Klinikada suyak to‘qimasining mineral zichligini aniqlashning diagnostik usuli ham muvaffaqiyatli qo‘llanilmoqda.

Bugungi kunda loyihaning ikkinchi bosqichi doirasida uch qavatli jarrohlik binosi qurilmoqda. Bu aholiga jahon standartlari darajasida tibbiy xizmat ko‘rsatish va yana 60 ta yangi ish o‘rni tashkil etish imkonini beradi.

Shu yerda davlatimiz rahbariga xususiy tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 apreldagi «Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda o‘sha yil 29 dekabrdagi «Xususiy tibbiyot tashkilotlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish to‘g‘risida»gi qarorlari bu boradagi imkoniyatlarni kengaytirdi.

Misol uchun, xususiy klinikalar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan ixtisosliklar 50 tadan 129 taga ko‘paytirildi. 2022 yil 1 yanvargacha soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berildi.

Natijada 2017 yilda xususiy tibbiyot muassasalari 3 ming 454 tani tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yil 1 iyun holatiga ko‘ra, 5 ming 612 taga yetgan. 11 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilgan.

Hududlarda zamonaviy klinikalar tashkil etib, tibbiy xizmatlar bo‘yicha raqobatni, pirovardida sifatni ta’minlash, aholi salomatligini mustahkamlash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar