Prezident hokim yordamchilari faoliyatini ijobiy baholadi

Prezident hokim yordamchilari faoliyatini ijobiy baholadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 aprel kuni mahallabay ishlash tizimi natijadorligini oshirish hamda aholi bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 dekabrdagi farmoniga muvofiq, har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi lavozimi ta’sis etildi.

Bu – yangi tizim. Uni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olish juda muhim.

Shu bois yig‘ilishda hokim yordamchilari faoliyatining dastlabki natijalari ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, ular uch oy davomida 6 million 900 ming xonadonni xatlovdan o‘tkazib, 4 ta toifaga ajratgan:

  • 11% - xonadonlar kam daromadli,
  • 47% - qo‘shimcha daromadga ehtiyoji bor,
  • 6% - ijtimoiy himoyaga muhtoj,
  • 36% - o‘ziga to‘q oilalar.

Joylardagi mutasaddi rahbarlar va hokim yordamchilari birinchi va ikkinchi toifadagi xonadonlar bilan ishlar olib borilmoqda. Birinchi chorakda:

  • 736 ming nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi;
  • 54 ming nafar fuqarolar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi;
  • 50 mingta oilaviy tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun, 1 trillion 300 milliard so‘m kredit va 20 milliard so‘m subsidiya ajratildi.

Ushbu chora-tadbirlar natijasida hududlarda 47 mingta yangi tadbirkorlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, 8 mingta kichik sanoat va servis loyihalari ishga tushirildi, 2,5 mingta korxona quvvatlari tiklandi va oshirildi. Davlatimiz rahbari natijalarni ijobiy baholadi va tarixda ilk marotaba bunday katta raqamlarga erishilganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari eng yaxshi natija ko‘rsatgan hokim yordamchilarini mukofotlashga ko‘rsatma berdi.

Lekin hali natija sezilmayotgan mahallalar ko‘p

Hali 40 foiz mahallada hokim yordamchilarining ishida natija ko‘ringani yo‘q. Misol uchun, 450 ta mahallada ishsizlik darajasi 20 foizdan yuqori.

Yig‘ilishda shunday hududlar ko‘rsatib o‘tildi va ularning hokimlari ogohlantirildi. Bir qator shahar va tuman hokimlarining o‘rinbosarlari, sektor boshliqlari vazifasidan ozod qilindi.

– Odamlarni rozi qilmagan, inson qadrini tushunmagan rahbarlarga oramizda o‘rin yo‘q, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan mahallalarning eng ko‘p soni Toshkent (59), Farg‘ona (52) va Andijon viloyatlarida (45) qayd etildi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlari oldiga “qoniqarsiz” deb baholangan 3 ming 636 nafar mahallaga shaxsan borish va muammolarni hal qilish vazifasi qo‘yildi. Ushbu mahallalar kesimida muammolarni hal qilish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish topshirildi.

Iqtisodiy ahvoli og‘ir 545 ta mahalladan har 5 tasiga bank vakilini biriktirib, “lider” tadbirkorlarni topish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Boshqa mahallalardagi suv, yo‘l, elektr, tabiiy gazdan muammosini hal qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Moliya vazirligi ushbu mahallalarda infratuzilmani yaxshilash va tadbirkorlik kreditlari uchun 800 milliard so‘m ajratadi.

Mahali ayrim soliqlardan ozod qilinadi. Ularda mikro sanoat markazlari tashkil etiladi

Yig‘ilishda o‘rganish natijalariga ko‘ra qoniqarsiz deb topilgan mahallalardagi holatni yaxshilash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Buning uchun byudjet xarajatlarini optimallashtirish hisobiga 800 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Bundan buyon har bir mahallaning ixtisoslashuvi asosida qo‘llab-quvvatlanishi alohida ta’kidlandi.

Misol uchun, 2 ming 500 ta mahalla chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilikka ixtisoslashgan. Ular qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlanib, omilkor odamlarga inkubator, xonaki tovuq, asalari uyalari yetkazib berilsa, aholi daromadi yanada oshadi.

Umuman, xonadonlarda chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik yo‘nalishlarda 140 ming nafar aholi bandligini ta’minlash mumkinligi aytildi.

Hunarmandchilik, tikuvchilik, kosibchilik, qandolatchilik kabi kichik ishlab chiqarish loyihalarini mahallaning o‘zida kengaytirsa bo‘ladi. Prezidentimiz shu maqsadda bunday mahallalarda mikro sanoat markazlari tashkil etish tashabbusini ma’qulladi.

Joriy yilda bu maqsadlarga 500 milliard so‘m yo‘naltirilishi, ushbu markazlar 5 yil muddatga yer va mol-mulk solig‘idan ozod qilinishi belgilandi.

Shuningdek, joylarda aniqlangan bo‘sh bino-inshootlardan samarali foydalanish, ularni sotish yoki ijaraga berishdan tushgan mablag‘larni o‘sha mahallaning infratuzilmasini rivojlantirishga sarflash zarurligi qayd etildi.

Endi, kasanachilar bilan ishlaydigan tadbirkorlarga oilaviy tadbirkorlik dasturidan 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Kreditlar bo‘yicha Tadbirkorlik jamg‘armasidan 75 foizlik kafillik beriladi hamda foiz xarajatlarining 10 foizdan yuqori qismi qoplab beriladi.

Shuningdek, kasanachilarga o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar kabi, faqat ijtimoiy soliq to‘lash imkoniyati yaratiladi, olis hududda ishlayotgan kasanachilarning dastlabki 1 oylik ish haqi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Viloyat hokimlariga ushbu imkoniyatlardan foydalanib, ehtiyojmand aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yurtimizda 2 mingdan ziyod mahalla xizmatlar sohasiga ixtisoslashgan. Bunday hududlarni ko‘paytirish maqsadida, aholisi 20 mingdan oshadigan mahallalarda chakana savdo va xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. Bu markazlar ham 5 yil muddatga yer va mol-mulk solig‘idan ozod etiladi.

Videoselektor yig‘ilishida hokimlar, ularning yordamchilari "mahallabay" ishlash va aholi bandligini ta’minlash rejalari bo‘yicha axborot berdi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar