Prezident saylovi uchun qancha mablag‘ ajratilishi ochiqlandi

Prezident saylovi uchun qancha mablag‘ ajratilishi ochiqlandi

16 iyun kuni Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Kun tartibidagi eng asosiy masala — oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir Xarajatlar smetasini tasdiqlashdan iborat bo‘ldi, deb xabar berdi MSK matbuot xizmati.

MSKning doimiy asosda ishlovchi a’zosi Adham Ibodullayev saylovga qancha mablag‘ ajratilgani va ular aynan nimalarga sarflanishi bo‘yicha ma’lumot bergan.

«2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, 2021 yilda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdori 300 mlrd so‘m etib belgilangan», — dedi Adham Ibodullayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq Xarajatlar smetasi ishlab chiqilgan va Moliya vazirligi bilan kelishilgan.

Ta’kidlanishicha, uni ishlab chiqishda byudjet mablag‘laridan oqilona va samarali foydalanish maqsadida Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan hududlardagi mavjud saylov jihozlari va tovar moddiy qiymatliklar to‘liq xatlovdan o‘tkazilgan.

«Shuningdek, xarajatlar smetasini shakllantirishda Moliya vazirligining mas’ul xodimlarini jalb etgan holda byudjetdan ajratiladigan mablag‘larning har bir so‘mini o‘z yo‘nalishi va maqsadli sarflanishi yuzasidan tahlil qilgan holda rejalashtirilgan», - dedi komissiya a’zosi.

Yig‘ilishda umumpartiyaviy tadbirlar va siyosiy partiya tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarning saylovoldi tashviqoti va targ‘ibot ishlarini amalga oshirishga ajratiladigan mablag‘lar — 15 mlrd 486 mln so‘mni tashkil etishi ta’kidlandi. Bunda, har bir nomzodga 3 mlrd 97 mln so‘mdan to‘g‘ri kelmoqda.

«Saylovga ajratilgan mablag‘larning sarflanishi yuzasidan saylov yakunlari e’lon qilingandan so‘ng belgilangan muddatlarda Markaziy saylov komissiyasining veb sayti orqali va ijtimoiy tarmoqlarida hisoboti yoritib beriladi», — dedi Adham Ibodullayev.

Shu bilan birga, ajratilgan mablag‘larning aniq va manzilli sarflanishi nazorat qilib borilishi va saylov yakunida iqtisod qilingan mablag‘lar davlat byudjetiga qaytarilishi ta’kidlandi.

Smetaga ko‘ra, mablag‘lar quyidagi maqsadlarga sarflanishi ma’lum qilindi:

  • Prezident saylovi bo‘yicha 14 ta okrug saylov komissiyasi xarajatlari uchun;
  • 10 800 ga yaqin uchastka saylov komissiyasining har birini, ehtiyojdan kelib chiqib, Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi, saylov anjomlari bilan jihozlash, (yashirin ovoz berish kabinasi, ovoz berish qutisi) tarqatma materiallar va boshqa tovar-moddiy qiymatliklar bilan ta’minlashga;
  • Okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zoligiga jalb etiladigan qariyb 140 000 nafarga yaqin komissiya a’zolarining ish haqi va kompensatsiya to‘lovlariga.

Bundan tashqari, saylov byulletenlari va taklifnomalarini tayyorlash hamda saylov uchastkalarigacha yetkazib berish uchun transport xarajatlari moliyalashtiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi hamda «Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag‘larining bir nomzod hisobiga to‘g‘ri keladigan miqdori belgilangan tartibda rejalashtiriladi.

Mablag‘lar quyidagicha taqsimlangan:

  • Saylovni o‘tkazuvchi okrug va uchastka saylov komissiyalari xarajatlari okrug saylov kommissiyasi tomonidan tegishincha Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining maxsus hisob raqami orqali amalga oshiriladi;
  • 14 ta okrug saylov komissiyalarining xarajatlar smetasida har bir okrug uchun qariyb 57 mln so‘mdan hamda xar bir uchastka saylov komissiyasi uchun 12 mln so‘mga yaqin miqdorida mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.

Okrug va uchastka saylov komissiyalariga ajratilgan mablag‘lar:

  • barcha komissiya a’zolarining ish haqi va kompensatsiya to‘lovlari;
  • yagona ijtimoiy to‘lovlar;
  • xizmat safari va feld’yegerlik xizmati xarajatlari;
  • saylov byulletenlari va taklifnomalarni saylov uchastkalarigacha yetkazib berishni tashkil etish uchun transport xarajatlari;
  • shaharlararo telefon aloqasi;
  • saylov komissiyalariga peshlavha va axborot stendlari tayyorlash xarajatlari;
  • saylov okruglarida takroriy ovoz berish jarayonlarini moliyalashtirish.

«Hurmatli komissiya a’zolari okrug va uchastka saylov komissiyalari uchun ajratilayotgan mablag‘larning qariyb 80 foizdan ortig‘i ish haqi va kompensatsiya hamda yagona ijtimoiy to‘lovlar uchun sarflanadi», — dedi Adham Ibodullayev.

MSK a’zosining ta’kidlashicha, saylov komissiyalari a’zolari va saylovchilarni salomatligi bilan bog‘liq xavfsizligini ta’minlash maqsadlari uchun ham mablag‘lar ko‘zda tutilgan.

Shaxsiy himoya vositalari va dezinfeksiyalovchi materiallar bilan ta’minlashga — 11,5 mlrd so‘m ajratish rejalashtirilgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, agarda saylov kunlari pandemiya sharoiti yumshasa va mazkur pullarning to‘liq sarflanishiga ehtiyoj bo‘lmasa, haqiqatda sarflangan mablag‘dan qolgan qismi davlat byudjetiga qaytariladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasining «Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonuni qabul qilingan edi. Ushbu hujjat bilan saylov tizimi yanada takomillashtirildi.

Unga muvofiq, endilikda saylov komissiyasi faoliyatiga jalb qilingan barcha komissiya a’zolariga ovqatlanish, transport va boshqa xarajatlarni qoplash maqsadida kompensatsiya to‘lovlari to‘lab beriladi.

«Yana bir muhim masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman saylov komissiyasining doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan a’zolariga, shu jumladan pensionerlarga mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasiga muvofiq ish haqlari to‘lab berilishi qonun bilan belgilab qo‘yildi. Bunday amaliyot komissiya a’zoligiga jalb etilgan fuqarolarning majburiy mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida joriy etilgan», — deyildi ma’ruzada.

Bundan tashqari, doimiy ish joyiga ega bo‘lgan fuqarolarning xizmat vazifalarini bajarishdan ozod etilgan holda saylov komissiyasining qaroriga binoan komissiya a’zoligiga jalb etilganda doimiy ish joyidagi ish haqi to‘lanmaydi. Bu holatda Xarajatlar smetasi mablag‘lari hisobidan ularga asosiy ish joyidagi o‘rtacha ish haqi hisoblab to‘lanadi.

Ilk bor Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidan (SYaER) 2019 yilda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida foydalanilgan edi. Joriy yilda bo‘lib o‘tadigan saylovda SYaER takomillashtirgan holda zarur texnik tayyorgarlik bilan birgalikda saylov komissiyalari a’zolarini ham axborot kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha tayyorlash uchun o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi.

Trenerlar va monitoring guruhi a’zolarining okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zoligiga jalb etiladigan nomzodlar va a’zolarini huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida eng maqbul — kaskad usulida o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish uchun — 18 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

«Shu bilan birga, o‘quv mashg‘ulotlarini olib borish va Saylov jarayonlarini boshqarish axborot tizimida ishlashga o‘rgatish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma tayyorlash va chop etishlar xam inobatga olingan», — dedi MSK a’zosi.

Ushbu tadbirlar uchun ajratilgan mablag‘larning 92 foizi trenerlar va monitoring guruhi a’zolarining ish haqi to‘lovlari bilan bog‘liq xarajatlarni tashkil etadi.

Shuningdek, okrug va uchastka saylov komissiyalari faoliyati davomida AKTdan foydalanish, internetga uzluksiz ulanish va aloqa vositalaridan foydalanishni ta’minlashga — 20 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, saylovga oid bosma materiallari va saylov tashviqotiga oid axborot va ma’lumotlarni chop etish uchun qariyb 14 mlrd so‘m ajratiladi.

Markaziy saylov komissiyasining markazlashgan xarajatlari quyidagilardan iborat:

  • saylov qonunchiligi va amaliyotini o‘rgatish maqsadida o‘quv uslubiy qo‘llanma, risola, eslatma plakatlar, videodarslar, videorolik, infografik ma’lumot va axborotlar tayyorlab chop etish;
  • Konstitutsiya, Saylov kodeksi va Markaziy saylov komissiyasi normativ xuquqiy hujjatlarining to‘plamini chop etish;
  • respublika va hududiy trenerlar va monitoring guruhlarining mehnat xaqi va xizmat safari bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash;
  • okrug va uchastka saylov komissiyalari binolarini saylov jihozlari bilan ta’minlash va zarur tovar moddiy qiymatliklarni yetkazib berish;
  • ovoz berish byulletenlarini chop etish;
  • saylovni ommaviy axborot vositalari orqali yoritib borish;
  • saylov okrug va uchastkalarini internet va aloqa xizmatlari bilan uzluksiz ishlashni ta’minlash uchun ko‘zda tutilgan.

Markaziy saylov komissiyasi a’zolari mazkur Xarajatlar smetasini tasdiqlashdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar