Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev:
“Xabaringiz bor, biz xalqimiz bilan maslahat qilib, Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha keng qamrovli islohotlarni boshladik. Eng muhimi, o‘tgan 6 yil mobaynida butun jamiyatimiz qayta uyg‘ondi, odamlarimiz yangicha fikrlash, ishlash va yashashga intilmoqda.
Bugun mana shu demokratik yangilanish jarayonlariga yangicha ruh va shiddat berish, islohotlarimizni yanada chuqurlashtirish zarurligini barchamiz yaxshi anglab turibmiz.
So‘nggi yillarda fuqarolarimiz tomonidan amaldagi Konstitutsiyani yanada takomillashtirish bo‘yicha ko‘plab taklif va mulohazalar bildirilmoqda. Xususan, o‘tgan yili Prezident saylovoldi uchrashuvlarida saylovchilar tomonidan Asosiy qonunimizni bugungi hayot talablariga mos holda yangilash masalasi ko‘tarilgan edi. Saylovchilarimizning shu boradagi xohish va istaklarini amalga oshirish uchun Oliy Majlis palatalari tomonidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, faoliyat boshladi. Qisqa davrda Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi".
Prezident Shavkat Mirziyoyev:
“Barcha fuqarolarimiz kabi men ham bu muhim jarayonlarni diqqat bilan kuzatib boryapman. Aholimiz, jamoatchiligimiz vakillarining konstitutsiyaviy islohotlarga befarq bo‘lmasdan, o‘z taklif va mulohazalari bilan faol qatnashayotgani barchamizni quvontiradi. Albatta, konstitutsiyaviy islohotlarimiz Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masaladir. Shu bois, bugun siz, hurmatli komissiya a’zolari bilan bevosita uchrashib, fikr almashishni zarur, deb hisobladim.
Biz Konstitutsiyani takomillashtirish bo‘yicha yangi va juda mas’uliyatli bosqichga qadam qo‘ymoqdamiz. Bugungi kun holatiga ko‘ra, Komissiyaga fuqarolarimizdan 48 ming 492 ta taklif kelib tushgani ham konstitutsiyaviy islohotlar ob’yektiv hayotiy zarurat sifatida kun tartibiga chiqayotganini yaqqol namoyon etmoqda.
Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan tayyorlangan takliflar chuqur muhokamadan o‘tkazildi va hozirda Qonunchilik palatasiga kiritish bosqichida. Endi qonun, reglament asosida muhokamalardan o‘tkaziladi".
Prezident Shavkat Mirziyoyev:
“Nima uchun aynan bugun konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazish zarurati tug‘ilmoqda?
Ayrim yurtdoshlarimiz, hatto ba’zi olimlarimiz ham Konstitutsiyamiz zamonaviy demokratik talablarga javob beradi-ku, unga o‘zgartirish kiritishga ehtiyoj bormi, degan savolni o‘rtaga qo‘ymoqda. To‘g‘ri, Konstitutsiyamiz xorijiy ilg‘or tajriba hamda xalqaro standart va talablarga har tomonlama mos keladi. Bunga hech qanday shubha yo‘q.
Men amaldagi Asosiy qonunimizni qabul qilishda ishtirok etgan komissiya a’zosi sifatida oldin ham aytganman: O‘zbekiston Konstitutsiyasi mustaqillik yillarida erishgan barcha yutuqlarimizning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib kelmoqda. Buni hammamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz. Shu bilan birga, bugun shiddatli taraqqiyotning o‘zi oldimizga qo‘yayotgan muhim bir talabni chuqur tushunib olishimiz zarur.
Hozirgi tahlikali zamon, yon-atrofimizdagi murakkab vaziyat ona Vatanimiz taqdiriga yanada ulkan mas’uliyat bilan yondashib, kechiktirib bo‘lmaydigan strategik qarorlar qabul qilishni taqozo etmoqda".
Prezident Shavkat Mirziyoyev:
“Albatta, o‘tgan qisqa davrda jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy qiyofasi tubdan o‘zgardi.
Olti yil oldingi xalqimiz bilan bugungi yurtdoshlarimizning dunyoqarashi o‘rtasida katta farq bor. Insoniyat ilmiy-texnologik davrga qadam qo‘ydi. Jahonda keskin transformatsiya jarayonlari va raqobat kuchaymoqda. Ertangi kunini o‘ylagan xalqlar va davlatlar o‘z kelajagi haqida bugun har qachongidan ham jiddiy bosh qotirmoqda.
Bu o‘rinda tabiiy savollar tug‘iladi. Mana shunday hal qiluvchi pallada va kelajakda davlatimizda, jamiyatimizda insonning o‘rni va qadri qanday?
Qanday siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy va ma’naviy-gumanitar tamoyillar, qadriyat va manfaatlar biz uchun ustuvor ahamiyatga ega bo‘ladi?
Eng muhimi, konstitutsiyaviy islohotlar oddiy aholiga, xalqimiz farovonligini ta’minlash, jamiyatimiz va davlatimiz taraqqiyotiga nima beradi?”
Prezidentimiz mavzuni davom ettirdi:
“Bu savollarning barchasiga javobni puxta ishlangan huquqiy normalar orqali Konstitutsiyamizda aks ettirish – davr taqozosidir. Ma’lumki, Asosiy qonunimizning 12-moddasida hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emasligi qayd etilgan. Bu – o‘ta muhim va juda to‘g‘ri belgilangan konstitutsiyaviy qoidadir.
Chinakam xalq mafkurasini, millatning eng muqaddas orzu-intilishlarini faqat uning Bosh hujjati – Konstitutsiyasida to‘liq ifoda etish mumkin. Yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozim.
“Inson qadri uchun” g‘oyasini hamda hozirgi islohotlarimizning bosh tamoyili bo‘lgan “Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuvni Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirib, amaliy hayotimizda bosh qadriyatga aylantirishimiz zarur. Ya’ni, insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak".
Prezident komissiya a’zolari e’tiborini quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga qaratdi.
“Birinchi yo‘nalish – inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari masalasi.
Amalga oshirilayotgan barcha islohotlarimiz markazida inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu g‘oya mujassam. Darhaqiqat, inson munosib sharoitda ta’lim-tarbiya olib, farovon hayot kechirgan taqdirdagina, jamiyat va davlat uyg‘unlikda barqaror rivojlanadi. Shuning uchun ham, bugungi kunda jahon miqyosida inson huquq va erkinliklariga, ushbu tushunchalar bilan bog‘liq reyting va standartlarga birinchi darajali ahamiyat berilmoqda.
Inson – davlat va jamiyat uchun maqsadga erishish vositasi emas, aksincha, ana shu maqsadning bosh mazmuni va manbai hamda eng oliy qadriyat bo‘lishi lozim. Biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekiston uchun inson qadri va xalq manfaati, hamma narsadan ustundir!
Shu bois, inson qadrini yuksaltirish haqiqatda davlat hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy burchi va ustuvor vazifasi bo‘lmog‘i shart".
Prezident Shavkat Mirziyoyev:
“Tarixiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, insonning qadr-qimmati avvalo uning tabiiy yashash huquqida namoyon bo‘ladi. Bu – eng ulug‘ va muqaddas qadriyatlarimizdan biridir.
Ma’lumki, biz o‘lim jazosi tayinlanadigan jinoyatlar sonini bosqichma-bosqich kamaytirib, bu jazoni to‘liq bekor qildik. Shunga qaramay, ayrim fuqarolar tomonidan o‘lim jazosini tiklash, uni jinoyat qonunchiligiga qayta kiritish haqida takliflar ham ilgari surilmoqda. Vaholanki, demokratik va insonparvar g‘oyalarni oliy qadriyat darajasiga ko‘targan dunyodagi aksariyat davlatlarda o‘lim jazosi bekor qilingan. Chunki yashash huquqi – har bir insonning tabiiy huquqi bo‘lib, unga bu huquqni davlat emas, Yaratganning o‘zi ato etgan.
Agar sizlar qo‘llab-quvvatlasangiz, Konstitutsiyamizga “O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanadi”, degan yana bir muhim normani kiritishni taklif qilaman. Shu tariqa, biz bu o‘ta jiddiy masalada hech qachon ortga qaytmasligimizni, insonparvarlik g‘oyalariga sodiq ekanimizni butun dunyoga yaqqol namoyon qilamiz".
Tahlillar huquq-tartibot organlari tomonidan shaxs qo‘lga olinganda, u nima uchun ushlangani va qanday huquqlarga ega ekani tushuntirilmayotganini ko‘rsatmoqda.
"Natijada, gumon qilinuvchining huquqlari ushlangan dastlabki vaqtdayoq xavf ostida qoladi. Bunday holatlarning oldini olish maqsadida ko‘plab davlatlarning Konstitutsiya va qonunlarida hamda inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda aks etgan “Miranda qoidasi”ni qo‘llash lozim. Ya’ni, shaxsni ushlash chog‘ida uning huquqlari va nima sababdan ushlangani sodda tilda tushuntirilishi shart. Ana shu qoidani Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yishning vaqt-soati keldi, deb o‘ylayman.
Bundan tashqari, “Xabeas korpus” institutini rivojlantirish zarur. Ya’ni, shaxs sudning qaroriga qadar ko‘pi bilan qirq sakkiz soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emas. Agar sud tomonidan shaxsni hibsga olish yoki unga nisbatan boshqacha turdagi ozodlikni cheklash haqida qaror belgilangan muddatda qabul qilinmasa, bunday shaxsni darhol ozod qilish kerakligi haqidagi normani ham Konstitutsiyada aks ettirishimiz zarur".
Prezident Shavkat Mirziyoyev:
“Esingizda bo‘lsa, Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan marosimda yaqin qarindoshlari sudlangan, deb fuqarolarni ishga qabul qilmaslik yoki yuqori lavozimlarga tayinlamaslik bilan bog‘liq masalaga alohida to‘xtalgan edim.
Nima sababdan bir jinoyat uchun butun avlod javob berishi kerak?
Otasining qilmishi uchun nega farzandlari yoki aka uchun uka javob berishi lozim? Bunday adolatsiz “tizim”dan endi butunlay voz kechamiz.
Chunki xalqimizga nisbatan sobiq tuzum davrida, ayniqsa, o‘tgan asrning 30-yillaridagi siyosiy qatag‘onlarning o‘zi yetarli emasmi?!
Shu bois, Konstitutsiyamizga “Shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos bo‘lishi mumkin emas”, deb qat’iy yozib qo‘yishimiz kerak.
“Ozodlikdan mahrum etilgan barcha shaxslarga nisbatan insoniy munosabat va ularning qadr-qimmati ta’minlanishi shart”, degan norma ham Asosiy qonunimizda o‘z aksini topishi zarur".
“Ko‘pchiligimiz yaxshi bilamiz, qadimgi Rim huquqida oltin qoidalar bor. Masalan, “hech kimga bajarib bo‘lmaydigan majburiyatni yuklama” yoki “qonun – imkonsiz narsani talab qilmaydi”, kabi qoidalar shular jumlasidandir. Afsuski, milliy qonunchiligimizda bajarib bo‘lmaydigan yoki bajarish qiyin bo‘lgan normalar ham uchrab turadi. Aslida, qonunlar insonga hech qachon ortiqcha talab qo‘ymasligi kerak. Ortiqcha talab, avvalo, ortiqcha xarajat degani. Qolaversa, bu korrupsiyaga yo‘l ochadi.
Mana, bir misol, fuqaroning ipoteka kreditidan 3 million so‘mlik uch oylik qarzi bor. Amaldagi qonunchiligimizga ko‘ra, bank qarzdorni sudga beradi. Lekin, bu masalada da’vo arizasi 3 million so‘m, ya’ni real qarz bo‘yicha emas, balki kreditning to‘lanmagan qismiga, deylik, 250 million so‘mga nisbatan beriladi. Sud arizani ko‘rib chiqib, qarzdordan 10 million so‘mdan ortiq davlat bojini undirish va shartnomani bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qiladi. O‘zingiz o‘ylang, 3 million so‘mni to‘lay olmagan fuqaro 10 million davlat bojini qanday to‘laydi?"
“Bunday mantiqsiz holatlarning oldini olish uchun yangi bir normani Konstitutsiyaga kiritish taklifini bildiraman. Ya’ni, ma’muriy, fuqarolik, iqtisodiy, jinoiy javobgarlik va boshqa yo‘nalishdagi ishlarni ko‘rib chiqishda insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari – qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli bo‘lishi hamda shaxsga imkon qadar yengillik yaratishi kerak.
Bilasizlarmi, meni ko‘p yillardan buyon qiynab kelgan yana bir masala bor edi, u ham bo‘lsa “propiska”, degan muammo. Odamlarimizni, ularning huquqlarini kamsitadigan bunday holatni bartaraf etish uchun biz yo‘llardagi nazorat postlarini, “propiska”, degan narsani yo‘q qildik. Kelgusida bunday to‘siqlarni tizimli hal etish uchun har bir O‘zbekiston fuqarosi mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar yoki yashash joyini erkin tanlash huquqiga ega bo‘lishi shart. Har bir fuqaroga mamlakatdan to‘siqlarsiz chiqish va qaytish huquqi kafolatlanishi lozim. Shuningdek, shaxsiy hayot daxlsizligi va uning kafolatlari aynan Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi kerak".
Prezident Shavkat Mirziyoyev:
“Ikkinchi yo‘nalish – Asosiy qonunimizda “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan g‘oyani mustahkamlashni taklif etaman. Chunki “inson qadri” tushunchasi “ijtimoiy davlat” tushunchasi bilan chambarchas bog‘liq.
Ijtimoiy davlat – ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish bo‘yicha samarali siyosat olib boradigan davlat modelidir. Ijtimoiy davlat muhtojlarga uy-joy, yashash uchun zarur bo‘lgan iste’mol tovarlarining eng kam miqdori belgilab qo‘yilishini nazarda tutadi. U shaxs va uning oilasi munosib hayot kechirishi uchun yetadigan ish haqi, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, xavfsiz mehnat sharoitini yaratishni talab qiladi.
Shu bilan birga, ishsizlikdan himoyalanish, kafolatlangan sifatli ta’lim, malakali tibbiy yordam, barcha uchun teng imkoniyatlar, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ham ijtimoiy davlatning asosiy vazifasidir".
“Shular qatorida yashash uchun zarur resurslar – ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi, transport va boshqa qulayliklar bilan ta’minlanish, majburiy mehnatga taqiq qo‘yish ham ijtimoiy davlatda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bir so‘z bilan aytganda, ijtimoiy davlatda hech kim e’tibordan chetda qolmaydi, o‘z muammolari bilan yolg‘iz tashlab qo‘yilmaydi. Ijtimoiy davlatda inson qadri deganda, avvalo, fuqaroni yashash uchun zarur uy-joy bilan ta’minlashni tushunamiz.
Bizning xalqimiz uchun uy-joy – bu Vatan ichra kichik vatandir.
Insonning dunyoga kelishi, shaxs sifatida kamol topishi, farzandlarni voyaga yetkazish, milliy urf-odat va tarixiy an’analarni davom ettirish, to‘ylar qilish aynan uy-joyda amalga oshiriladi. Farzand tug‘ilsa, yaxshi niyatlar bilan odamlarimiz hovlisiga ko‘chatlar ekib, shu uy, shu bog‘ ko‘p yillar avlodlarimga xizmat qilsin, deb ezgu niyatlar qiladi. Shu bois uy-joyli bo‘lish, uning daxlsizligini ta’minlash har bir inson hayotida qanchalik muhim ekanini barchamiz yaxshi bilamiz".
Prezident mavzuni davom ettirdi:
“Konstitutsiyamizda fuqarolarimizning uy-joyga bo‘lgan huquqlarini himoya qilish, uning daxlsizligini kafolatlash, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, muhtoj toifalarni uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha davlatning majburiyatlarini mustahkamlash zarur.
Xalqimiz orasida “snos” degan nom bilan mashhur bo‘lgan muammo bor. Bunday holatga butunlay barham berish uchun uy-joy bo‘yicha konstitutsiyaviy kafolatni belgilab qo‘yish lozim. Ya’ni, sudning qarorisiz hech kim uy-joyidan mahrum qilinmasligi kerak. Imorat buzilishga tushadigan bo‘lsa, buning uchun buzishdan oldin uning qiymatiga mos ravishda kompensatsiya to‘lanishi shart. Uy-joyga yoki shaxsning boshqa mol-mulkiga uning ruxsatisiz kirish, ularni ko‘zdan kechirish va tintuv o‘tkazishga faqat qonunda belgilangan holat va tartibda yo‘l qo‘yilishi Konstitutsiyada qat’iy belgilanishi darkor”.
“Taraqqiyotning ko‘p asrlik tajribasi shuni ko‘rsatadiki, xususiy mulksiz, uning ishonchli kafolatisiz kuchli ijtimoiy davlatni qurib bo‘lmaydi. Shu bois, Bosh qomusimizda xususiy mulk himoyasini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan konstitutsiyaviy kafolatlarni kuchaytirishimiz lozim. Toki, katta-kichikligidan qat’iy nazar, har bir tadbirkor doimo davlat, Konstitutsiya, qonunlar hamda Prezident himoyasida ekanini amalda his qilsin.
Rivojlangan davlatlardagi kabi, shunday tartib o‘rnatilishi lozimki, mulkdor sud qarorisiz, o‘zining roziligisiz, adolatli tovon pulisiz, mulkidan mahrum etilmasin. Shu bilan birga, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqmaslik hamda bekor qilmaslik masalasini ham Konstitutsiyaviy qoida sifatida belgilashning vaqti-soati keldi, deb o‘ylayman.
Iqtisodiyotimizni harakatga keltiruvchi asosiy kuch bo‘lgan tadbirkorlikning rivojlanishi yo‘lidagi barcha to‘siq va g‘ovlarni olib tashlashimiz zarur". “Shu maqsadda, Konstitutsiyamizda mamlakatimizda tovarlar, xizmatlar, ishchi kuchi va moliyaviy mablag‘lar erkin harakatlanishini, davlat ichki va xalqaro savdo rivojlanishi uchun barcha sharoitlar yaratishini mustahkamlashimiz shart.
Tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqli ekanini Konstitutsiyada mustahkamlashni taklif etaman. Davlat xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhit hamda sharoitlarni ta’minlashi, erkin va halol raqobatning himoya qilinishi, iqtisodiy faoliyatda monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligini kafolatlashi lozim.
Shu bilan birga, Asosiy qonunimizda yer xususiy mulk bo‘lishi mumkinligi aniq belgilanishi lozim, deb hisoblayman. Qishloq xo‘jaligi yerlari va o‘rmon fondi davlat tasarrufida bo‘lib, tadbirkorlik sub’yektlariga ijara shartnomasi asosida beriladi, degan mazmundagi norma ham Konstitutsiyamizda aks etishi albatta o‘rinli bo‘lar edi”.
“Har qanday inson uchun muhim va muqaddas qadriyat – bu uning oilasidir. Sog‘lom va mustahkam oila – davlat tayanchi va jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir.
Kattaga hurmat, kichikka izzat, odamiylik, mehr-oqibat, ona Vatanga muhabbat va sadoqat kabi olijanob fazilatlar avvalo oilada qaror topadi. Bugungi globallashuv zamonida oila institutini har tomonlama himoya qilish, qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlash uchun munosib shart-sharoitlar yaratib berish zarurati tobora kuchaymoqda.
Bosh qomusimizda oila institutining konstitutsiyaviy asoslarini rivojlantirish maqsadida “oila ayol va erkakning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligi asosida shakllanishi”, jamiyatning tabiiy va tayanch bo‘g‘ini, jamiyat va davlatning alohida himoyasida ekanini mustahkamlab qo‘yishni taklif etaman. Shuning uchun davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun zarur ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlarni yaratishi, ko‘p bolali oilalarga qonunga muvofiq imtiyoz va ijtimoiy kafolatlar yaratib berishi lozim. Shunda oilaning iqtisodiy va ma’naviy asoslari yanada mustahkam bo‘ladi”.
Prezident mavzuni davom ettirdi:
“Bosh qomusimizda bolaning manfaatlari, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida o‘z aksini topishi zarur. Shu bilan birga, davlat iqtidorli yoshlarni, ularning moddiy ahvolidan qat’i nazar, doimo qo‘llab-quvvatlashini mustaqil qoida sifatida belgilab qo‘yishimiz kerak.
Asosiy qonunimizga quyidagi qoidani kiritishni taklif etaman:
“Davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarzi tamoyillari asosida ma’naviy va axloqiy yetuk insonlar etib tarbiyalash uchun zarur sharoitlarni yaratadi”.
Shuningdek, Konstitutsiyamizga “Ota-onalar o‘z farzandlari voyaga yetguniga qadar ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lig‘i, to‘laqonli va barkamol rivojlanishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish huquqiga ega va bunga majburdir”, degan qoidani kiritish yosh avlod taqdiri uchun mas’uliyatni yanada oshirishga xizmat qiladi.
“Bugungi kunda yurtimizda 1 millionga yaqin imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan fuqarolarimiz hayot kechirmoqda. So‘nggi yillarda mamlakatimizda imkoniyati cheklangan fuqarolarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularga teng sharoitlarni yaratish borasidagi davlat siyosati mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Endi, nogironligi bo‘lgan insonlar – jamiyatning to‘laqonli a’zolari, degan tamoyil negizida ularning konstitutsiyaviy huquq va kafolatlarini belgilab qo‘yish insoniy burchimizdir. Jumladan:
“Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har qanday ajratib qo‘yish, ularning huquqlarini cheklash, ob’yektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishdan bosh tortish taqiqlanadi. Davlat ularning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni va teng imkoniyatlarni yaratadi.
Alohida e’tiborga muhtoj bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim tashkil etiladi”, degan qoidalarni kiritishni taklif qilaman", dedi Prezident.
“Insonning mehnatga va munosib hayot sharoitlariga, ishsizlikdan himoyalanishga bo‘lgan huquqlarining ishonchli himoyasini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish – konstitutsiyaviy islohotlarning muhim maqsadidir. Mazkur ishlar muntazam, tizimli amalga oshirilishi, ortga qaytmaydigan jarayonga aylanishi uchun mustahkam konstitutsiyaviy kafolat lozim.
Bundan tashqari, Asosiy qonunimizda har bir shaxsning qulay mehnat sharoitida ishlash, mehnati uchun munosib haq olish huquqini mustahkamlash, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning o‘zi va oilasi hayot kechirishi uchun yetarli miqdorda bo‘lishini belgilashni taklif etaman.
Bosh qomusimizda homiladorligi yoki yosh bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi qat’iy belgilab qo‘yilishi shart.
Inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amaldagi tizimning samarasini oshirish maqsadida Konstitutsiyamizda bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik ham o‘z aksini topishi zarur”.
“Chet elda bilim olayotgan, mehnat qilib daromad topayotgan yurtdoshlarimizni, ularning mamlakatimizda yashayotgan oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqdik. Bunday faoliyat hech qachon to‘xtab qolmasligi uchun Konstitutsiyamizga davlat chet elda yashayotgan va ishlayotgan fuqarolarimiz hamda vatandoshlar bilan muntazam aloqalarni saqlab qolish va rivojlantirish haqida g‘amxo‘rlik qiladi, degan qoidani kiritish darkor.
Biz uchun inson salomatligi – millat hayotining davomiyligini ta’minlash, uning genofondini saqlash, barqaror milliy strategiyamizning muhim tarkibiy qismidir. Bu maqsadlarga erishish uchun, menimcha, Konstitutsiyamizda belgilangan “Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega”, degan umumiy norma yetarli emas. Bu moddani kengaytirib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanadigan normalar bilan boyitish shart, deb hisoblayman”.
“Tabiatdagi global iqlim o‘zgarishlari, Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq vaziyatning tobora keskin tus olayotgani ekologik xavfsizlikni g‘oyat dolzarb masalaga aylantirdi. Shu bois, Konstitutsiyamizda ushbu yo‘nalishga doir ekologik-huquqiy normalar o‘z ifodasini topishi lozim. Hech shubhasiz, bunday konstitutsiyaviy o‘zgarishlar jamiyatimizda fuqarolarning ekologik huquqlari va majburiyatlari, ayniqsa, mansabdor shaxslarning tabiat himoyasi uchun mas’uliyatini keskin oshirish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Bu, o‘z navbatida, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarni yanada kuchaytirish imkonini beradi. Bir so‘z bilan aytganda, davlatning erkaklar va ayollar, oilalar va bolalar, yoshlar va nuroniylar, nogironligi bor shaxslar, mamlakatda yoki uning tashqarisida bo‘lishidan qat’i nazar, barcha insonlar haqida qayg‘urishi Konstitutsiyada mustahkamlanishi zarur", dedi Prezident.
“Biz ta’lim, ilm-fan va inson kapitalini rivojlantirishga ustuvor e’tibor berib kelmoqdamiz. Chunki, bugungi shiddatli raqobat zamonida faqat bilimli, ma’rifatli millat va davlat munosib taraqqiyotga erisha oladi.
Ulug‘ ajdodlarimizning yangi barkamol avlodini tarbiyalab voyaga yetkazmoqchi ekanmiz, buning uchun bog‘cha, maktab, oliy ta’lim va ilm-fan sohalarini ustuvor taraqqiy ettirishni konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yishimiz shart.
Bosh qomusimizda davlat maktabgacha ta’lim, maktab va oliy ta’lim tizimini, turli mulk shaklidagi, jumladan, xususiy ta’lim muassasalarini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratib berishi bilan bog‘liq normalar ham bo‘lishi lozim.
Ustozga bo‘lgan yuksak ehtirom Konstitutsiyamizda o‘z ifodasini topishi zarur. Shuningdek, pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashish, ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘yilmacligini Konstitutsiya darajasida belgilab qo‘ysak, o‘ylaymanki, adolatdan bo‘ladi".
“Uchinchi yo‘nalish – erkin va adolatli fuqarolik jamiyati rivojlanishi bilan bog‘liq masaladir.
Bizning xalqimiz uchun jamiyat, avvalo, mahalladan boshlanadi. Mahalla – asrlar davomida milliy urf-odatlarimiz va boy ma’naviyatimizni bezavol saqlab, xalqimiz uchun ezgulik va tarbiya beshigi, yaxshi qo‘shnichilik va hamjihatlik maskani bo‘lib kelmoqda.
Xabaringiz bor, fuqarolar yig‘inlarining jamiyatdagi mavqei va ta’sirini kuchaytirishga ko‘maklashish maqsadida Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligini tashkil etdik. Lekin gohida bu – mahallalarni boshqaradigan idora, degan noto‘g‘ri gap-so‘zlarni ham eshitib qolyapmiz. Bunday qarashlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, mahallaning maqomini hamda davlat organlarining bu boradagi vazifalarini Asosiy qonunimizda aniq belgilab qo‘yishni taklif etaman. Bunda mahallalarning davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi, joylardagi mahalliy ahamiyatga molik masalalarni mustaqil hal etish bo‘yicha vakolatlari alohida belgilanishi zarur”.
"To‘rtinchi yo‘nalish – O‘zbekistonda insonparvar, demokratik huquqiy davlat qurish masalasidir.
Huquqiy davlat – insoniyatning ming yillar mobaynidagi mashaqqatli mehnati evaziga shakllangan taraqqiyot g‘oyasi va buyuk kashfiyotidir. Faqat huquqiy davlat sharoitidagina insonning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmatini to‘liq ta’minlash, tom ma’noda xalqparvar boshqaruv tizimini shakllantirish mumkin.
Huquqiy davlat – demokratik tamoyillar asosida qabul qilingan qonunlar oldida barcha teng va hisobdor bo‘lgan, hech kim qonundan ustun turmaydigan davlatdir. Shu ma’noda, men “O‘zbekiston – huquqiy davlat” degan g‘oyani Konstitutsiyamizda aniq mustahkamlab qo‘yishni taklif etaman.
Konstitutsiyaga davlat organlari faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlikni, mazkur organlarning ixcham va tejamkor bo‘lishini ta’minlash yuzasidan qoidalar kiritishni taklif qilaman. Asosiy qonunimizda xalq hokimiyatchiligini, hokimiyatlarni bir-birini tiyib turish va muvozanatda saqlash mexanizmlarini ta’minlashni yanada kuchaytirish talab etiladi".
Davlatimiz rahbari mavzuni davom ettirdi:
"Hukumatni shakllantirish va uning samarali faoliyat yuritishini ta’minlashda Oliy Majlisning vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha tegishli qoidalarni Asosiy qonunimizda belgilashimiz zarur. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbarini tayinlash bo‘yicha farmon Senat tomonidan tasdiqlanishi tartibini joriy etishni taklif etaman.
Hukumat tomonidan tayyorlangan Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha yillik milliy ma’ruzani muhokama qilish masalasini parlamentimiz vakolatiga kiritish lozim. Oliy Majlisning parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vakolatlarining konstitutsiyaviy asoslarini kuchaytirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish kerak. Shu maqsadda men Prezidentning ayrim vakolatlarini Oliy Majlisga o‘tkazishni taklif etaman. Misol uchun, Hisob palatasi raisini lavozimga tayinlash va ozod qilish vakolatini Senatga o‘tkazish maqsadga muvofiq. Bu orqali Hisob palatasi Davlat byudjeti shakllanishi va ijrosini ta’minlashda parlament nazoratining muhim vositasiga aylanadi".
“Davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini isloh qilishdagi muhim masala – bu joylarda hokimlar va mahalliy Kengashlar vakolatini ajratishdir. Barchangizga ma’lumki, bu g‘oyani men avval ham bir necha marta ilgari surgan edim. Amalga oshirgan islohotlarimiz natijasida mahalliy Kengashlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari kengaydi. Shundan kelib chiqib, hokimlar bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashlariga ham boshchilik qilishi haqidagi qoidani Konstitutsiyadan chiqarib tashlash vaqti keldi, deb hisoblayman.
Bu islohotning joriy etilishi hokimiyat vakolatlarining bo‘linish prinsipini mahalliy darajada tatbiq etishga, mahalliy Kengashlar faoliyati samaradorligini, hokimlarning xalq vakillari oldidagi mas’uliyatini oshirishga olib keladi. Hududlarda xalq manfaatlarini to‘liq ta’minlashga, hokimliklar faoliyati ustidan Kengashlar va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi. Biz xalq vakillik organlari vakolatlarini bundan buyon ham yanada kengaytirish yo‘lidan boramiz".
“Fuqarolarning davlat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kengaytirish maqsadida qonunchilik tashabbusi huquqi institutini isloh qilishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayman. Xususan, Konstitutsiyamizga qonunchilik takliflarini kiritish institutini joriy etishni taklif qilaman.
Mazkur institut doirasida 100 ming kishidan kam bo‘lmagan miqdordagi fuqarolar o‘z qonunchilik takliflarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shu asosda endi xalq bevosita qonun ijodkori sifatida tashabbus ko‘rsatish huquqini qo‘lga kiritadi. Mazkur yangi qonunchilik takliflarini kiritish institutini Oliy Majlis Senati, Ombudsman va Markaziy saylov komissiyasiga ham berish vaqti keldi, deb hisoblayman.
Ijro hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy javobgarlik sohalarini, vakolatlarini kengaytirish bilan birga ularning amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik va parlament nazoratini kuchaytirish ham talab etiladi. Shu ma’noda, Hukumat vakolatlarini kengaytirishni taklif etaman".
“Xususan, Konstitutsiyada Vazirlar Mahkamasi va hokimliklarning ekologiya, yoshlar siyosatini amalga oshirish, oilani qo‘llab-quvvatlash, mustahkamlash va himoya qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish, qulay jamoat transportini rivojlantirish, aholining dam olishi uchun zarur sharoitlar yaratish, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mas’uliyatini belgilash lozim.
Fuqarolarning tinch, erkin va farovon yashashi Hukumat va mahalliy ijro organlari faoliyatining bosh mezoniga aylanishi zarur. Sud-huquq tizimini qoralovchi, jazolovchi organdan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qiluvchi organga aylantirish – islohotlarimizda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Rivojlangan davlatlardagi kabi bizda ham adolatli va mustaqil sud, qonun ustunligini amalda ta’minlovchi prokuratura, jamoat tartibini saqlovchi, va inson huquqlarini himoya qiluvchi ichki ishlar, milliy gvardiya, kuchli advokatura tizimini yaratish asosiy vazifamizdir”.
“Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga ega ekani, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanishi, insonning asosiy huquq va erkinliklari ajralmas va daxlsiz bo‘lib, har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli ekani qayd etilmoqda. Bularning barchasi Asosiy qonunning himoyachisi bo‘lgan Konstitutsiyaviy sud faoliyatini yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda. Mazkur sud boshqa sudlardan farqli o‘laroq, faqat Konstitutsiyaga bo‘ysunadi hamda Asosiy qonunning ustunligi prinsipini ta’minlaydi.
Konstitutsiyaviy sud qonun chiqaruvchi hamda ijro etuvchi hokimiyat chiqargan hujjatlarda inson huquq va erkinliklari ustuvorligiga oid konstitutsiyaviy prinsip hamda Konstitutsiya normalariga amal qilinishiga e’tibor qaratadi.
Konstitutsiyamizda fuqarolar va yuridik shaxslarning muayyan ishda sud tomonidan ularga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga mosligini tekshirish haqidagi shikoyatlarini ko‘rib chiqishni Konstitutsiyaviy sudning vakolatida aks ettirish maqsadga muvofiq”.
“Asosiy qonunimizga O‘zbekiston barcha davlatlar, eng avvalo o‘zining yaqin qo‘shnilari bilan tinchlikparvar va do‘stona siyosat yuritishi, uning tashqi siyosati inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilish, davlatlarning hududiy yaxlitligi prinsip va normalariga asoslanishi haqidagi moddani qo‘shishni taklif etaman. Shuningdek, mamlakatimiz va jahonda tub o‘zgarishlar yuz berayotgan hozirgi sharoitda, O‘zbekiston tashqi siyosatining konseptual-huquqiy asoslarini yangilash va takomillashtirish alohida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Shu munosabat bilan hozirgi paytda keng omma muhokamasida bo‘lib turgan konstitutsion islohotlarni inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik konsepsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasini yangi tahrirda ishlab chiqish zarur, deb hisoblayman. Mazkur hujjatlarning o‘ta muhimligidan kelib chiqib, ushbu Konsepsiyalarni ham Konstitutsiyaviy qonun shaklida qabul qilishni taklif etaman”.
“Albatta, xalqimizdan Komissiyaga kelib tushgan barcha muhim va dolzarb takliflarni bugun Sizlar bilan batafsil muhokama qilish imkoniyatiga ega emasmiz. Men ularning ayrimlariga to‘xtalib o‘tdim, xolos.
Komissiya taklifi asosida Parlament tomonidan ishlab chiqilgan loyihani umumxalq muhokamasida ko‘rib chiqishni hamda referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilishni taklif etaman. To‘g‘ri, amaldagi qonunchiligimizga ko‘ra, parlamentning o‘zi ham Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish vakolatiga ega. Lekin, konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida referendum orqali amalga oshirsak, bu tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi, deb o‘ylayman. Bu “Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi – xalqdir” degan tamoyilga to‘la mos keladi. Shunda har bir vatandoshimiz “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi – mening Konstitutsiyam” deb yuksak g‘urur bilan ayta oladi."
Prezident xalqimizga murojaat qildi:
“Aziz yurtdoshlar, bugun notinch dunyoda, o‘ta tahlikali zamonda yashayapmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotida g‘oyat mas’uliyatli davrni boshdan kechirmoqdamiz. Yangi O‘zbekistonni barpo etish maqsadida boshlagan barcha islohotlarimiz har birimizning bugun va kelajakda farovon hayot kechirishimizni ta’minlashga qaratilgan.
Har bir yurtdoshimiz o‘z hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururini ulug‘lab, Vatani va xalqiga tog‘dek tayanch bo‘lib yashashga qodir, erkin va azmu shijoatli insonlardir. Shu bois barchamiz Konstitutsiyaga kiritish taklif etilayotgan yangi norma va qoidalarni ongu tafakkurimiz, qalbimizdan o‘tkazib, ularga xolis va haqqoniy munosabatimizni bildirishimiz lozim. Barchamiz Asosiy qonunimizda o‘zimizni, oilamizni, mahallamizning orzu-umidlarini ko‘rishga intilayotganimiz – bu tabiiy va mutlaqo to‘g‘ri".
“O‘ylaymanki, Konstitutsiyaga kiritiladigan barcha tuzatish va qo‘shimchalar mamlakatimizning 14 ta hududiy birligidan iborat yagona davlatni, millati va elatidan qat’i nazar, yagona va qudratli O‘zbekiston xalqini yanada jipslashtiradi hamda ulug‘vor maqsadlar sari safarbar etadi. Shu bois barcha aziz vatandoshlarimizni konstitutsiyaviy islohot jarayonida yanada faol qatnashishga chaqiraman.
Hech qachon unutmaylik, bu jarayondagi ishtirokimiz bilan o‘zimiz, oilamiz, farzandlarimiz mana shu muqaddas zaminda yanada erkin va farovon yashashi uchun mustahkam poydevor yaratamiz.
Qadrli vatandoshlarim!
Sizlarni ishontirib aytmoqchiman, davlatimiz yangilanayotgan Konstitutsiyamiz moddalarini hayotda to‘la qaror toptirish uchun barcha kuch va vositalarni safarbar etadi. Bu yangiliklar aniq qonun va kodekslar, amaliy dasturlar va rejalar bilan hayotimizda albatta o‘z aksini topadi. Har bir konstitutsiyaviy norma ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy-huquqiy chora-tadbirlar ko‘riladi".
“Biz ishlashga – ishi, yashashga – uyi bo‘lgan, fuqarolari tinch va erkin, hayotdan mamnun, dasturxoni to‘kin, oilasi baxtiyor va farovon yashaydigan davlat qurishni maqsad qilganmiz. Biz ana shunday buyuk ishlar arafasida turibmiz. Kuchli iqtisodiyot barpo etib, dunyoda munosib o‘rnimizni egallashimiz, xalqimizga yuksak sharoitlar yaratish uchun ham juda ko‘p ishlarni birgalikda amalga oshirishimiz kerak.
Betakror yurtimizda barqaror jamiyatni va bardavom taraqqiyotni ta’minlash – barchamizning bosh maqsadimizdir!
Men butun xalqimizni ana shu buyuk maqsadga erishishda o‘zaro birdamlikka va hamjihatlikka chaqiraman. Xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yorqin ifodasi bo‘ladigan yangilanayotgan Konstitutsiyamizga tayanib, Yangi O‘zbekistonni albatta birgalikda barpo etamiz.
Oradan yillar, asrlar o‘tadi, lekin g‘oyat murakkab sharoitda bunday ulkan islohotlarni amalga oshirishga munosib hissa qo‘shgan insonlarni kelgusi avlodlar hech qachon unutmaydi. Ana shunday buyuk baxt va sharaf barchamizga yor bo‘lsin!”, dedi Prezident so‘zining yakunida.
Izoh qoldirish