Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Qashqadaryo viloyati shu’basi tomonidan 2021 yilning yanvar-noyabr oylarida viloyatning tashqi savdo aylanmasi bo‘yicha tahliliy ma’lumotnoma tayyorlandi.
Joriy yilning 11 oyi davomida qayd etilgan natijalarga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatining tashqi savdo aylanmasi 559,1 mln AQSh dollarini (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 90,4%), tashqi savdo aylanmasi tarkibida eksport hajmi 215,7 mln AQSh dollarini (38,6%), import hajmi 343,4 mln. AQSh dollarini (61,4) tashkil qilgan. Tashqi savdo aylanmasi bo‘yicha Turkiya (20,6%), Xitoy Xalq Respublikasi (19,9%), Rossiya (16,3%), Shveysariya (8,1%), Qozog‘iston (6,2%) viloyatning eng yuqori ulushga ega hamkor davlatlari hisoblanadi.
1-rasm. 2021 yilning yanvar-noyabr oylarida Qashqadaryo viloyati tashqi savdo aylanmasida tuman (shahar)lar ulushi (%)
Hududlar bo‘yicha qaralganda Qarshi (19,9%), Nishon (16,9%), Kasbi (11,1%), Mirishkor (8,2%), Kitob (7,2%)tumanlari va Qarshi shahri (7,3%) tashqi savdo aylanmasida eng ko‘p ulushga ega. Bu jihatdan eng kam ulushni tashkil etuvchi hududlar Shahrisabz shahri (1,1%), Muborak (1,2%) va Chiroqchi (2,0%) tumanlari hisoblanadi.
Viloyatning eksport hajmida o‘sish kuzatildi
Jahon bozorida ayrim turdagi xom-ashyo resurslari narxining oshishi, hukumat tomonidan eksportni rag‘batlantirish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning 11 oyi davomida viloyatda eksport hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21,9 foizga oshgan. Eksportning 53,7 foizi tarmoq korxonalari (o‘tgan yilning ushbu davrida - 68,7%), 43,4 foizi hududiy korxonalar (o‘tgan yilning ushbu davrida - 30,3%) tomonidan amalga oshirilgan.
Eksport tarkibida kalava ipning ulushi - 61,1%, meva-savzavot mahsulotlari – 18,1%, to‘qimachilik mahsulotlari – 7,0%, farmatsevtika mahsulotlari – 1,9%, oziq-ovqat mahsulotlari – 0,8%, boshqa mahsulotlar – 11,1%ni tashkil qilgan.
Alohida tovar belgilari bo‘yicha joriy yilning 11 oyi davomida metall va undan tayyorlangan buyumlar eksporti – 14,5 barobar, transport va uning ehtiyot qismlari - 10,4 barobar, qog‘oz, karton buyumlari – 3,3 barobar, nasoslar – 3,3 barobar, tabiiy qazilmalar - 3,2 barobar, kalava ip - 1,9 barobarga oshgan.
2-rasm. 2021 yilning yanvar-noyabr oylarida Qashqadaryo viloyati eksportida ulushi yuqori bo‘lgan davlatlar (%da)
Eksport hajmi davlatlar kesimida tahlil qilinganda, joriy yilning 11 oyi davomida viloyatdan asosiy hamkor davlatlar sifatida Turkiyaga - 66,9 mln AQSh dollari (jami eksportdagi ulushi - 31,0%), Rossiyaga - 33,7 mln AQSh dollari (15,6%), Xitoy Xalq Respublikasiga – 31,5 mln AQSh dollari (14,6%), Pokiston Islom Respublikasiga – 16,8 mln AQSh dollari (7,8%) va Qog‘ozistonga – 15,4 mln AQSh dollari (7,1%) miqdorida mahsulotlar eksport qilingan.
3-rasm. 2021 yilning yanvar-noyabr oylari yakuni bo‘yicha Qashqadaryo viloyati eksportida tuman (shahar)lar ulushi (%)
Eksport tarkibida ulushi yuqori hududlar Qarshi (27,1%), Koson (15,8%), Kasbi (13,8%), Yakkabog‘ (7,1%), G‘uzor (6,4%) tumanlari hisoblanadi. Shahrisabz shahri (0,8 %), Muborak (1,6 %) va Mirishkor (1,8%) tumanlari ulushi eng past hududlar sanaladi.
Viloyatning import hajmi kamaygan
Joriy yilning 11 oyi davomida Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilgan import hajmi 343,4 mln. AQSh dollarini tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22,3 foizga kamaygan.
Importning 17,5 foizi tarmoq korxonalari (o‘tgan yilning ushbu davrida 22,4%), 82,5 foizi hududiy korxonalar (o‘tgan yilning ushbu davrida 77,6%) tomonidan amalga oshirilgan.
Import tarkibida texnologik asbob va uskunalarning ulushi -45,0%, metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar – 14,5%, elektrotexnika va uning qismlari – 6,1%, kimyo sanoati mahsulotlari - 6,0%, nasos – 4,7%, boshqa mahsulotlar - 23,7%ni tashkil qilgan.
Alohida tovar belgilari bo‘yicha joriy yilning 11 oyi davomida daraxt, o‘simliklar importi – 2,2 barobar, tirik hayvonlar va ularning qismlari -2,1 barobar, keramika buyumlari – 1,5 barobar, oziq-ovqat mahsulotlari – 1,4 barobarga oshgan.
4-rasm. 2021 yilning 11 oyi yakuni bo‘yicha Qashqadaryo viloyati importida ulushi yuqori bo‘lgan davlatlar (%da)
Xitoy Xalq Respublikasi (23,3%), Rossiya (16,8%), Turkiya (14,0), Shveysariya (13,3%), Qozog‘iston (5,6%) davlatlarining viloyat importida ulushi yuqoridir. Shuni ta’kidlash lozimki, viloyatdagi to‘qimachilik klasterlari tomonidan texnologik asbob-uskunalar importi hisobidan Shveysariya viloyatdagi eng yuqori ulushga ega bo‘lgan importyor mamlakatlardan biriga aylangan.
Ma’lumot uchun: 2020 yilning mos davrida Qashqadaryo viloyatiga Shveysariyadan 1,4 mln AQSh dollari (jami importdagi ulushi 0,4%) miqdorida mahsulotlar import qilingan bo‘lib, joriy yilning 11 oyida ushbu davlatdan amalga oshirilgan import hajmi 45,5 mln AQSh dollariga yetgan.
5-rasm. 2021 yilning yanvar-noyabr oylari yakuni bo‘yicha Qashqadaryo viloyati importida tuman (shahar)lar ulushi (%)
Joriy yilning 11 oyi davomida viloyatga amalga oshirilgan importning 81,4 %i Nishon (25,0%), Qarshi (15,6%), Mirishkor (12,1%), Kitob (9,6%), Kasbi (9,4%) tumanlari va Qarshi shahri (9,7%) hissasiga to‘g‘ri kelgan. Muborak (1,0%), Qamashi (1,0%), Shahrisabz (1,4%) tumanlari va Shahrisabz shahri (1,3%)ning import bo‘yicha viloyatdagi ulushi kam bo‘lgan.
Anvar Qobilov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Sektor mudiri
Suhrob Mahmudov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Bosh ilmiy xodimi
Izoh qoldirish