Qashqadaryo viloyatining 2021 yil yakunlari bo‘yicha tashqi savdo aylanmasi

Qashqadaryo viloyatining 2021 yil yakunlari bo‘yicha tashqi savdo aylanmasi

2021 yilda Qashqadaryo viloyatining tashqi savdo aylanmasi 607,9 mln.dollarni (2020 yilga nisbatan 112,1%), ekport hajmi 240,3 mln.dollarni (39,5%), import hajmi 367,6 mln.dollarni (60,5%) tashkil qilgan.

Tashqi savdo aylanmasi bo‘yicha Turkiya (20,8%), Xitoy Xalq Respublikasi (19,6%), Rossiya (16,3%), Shveysariya (7,6%), Qozog‘iston (6,1%) viloyatning eng yuqori ulushga ega hamkor davlatlari hisoblanadi.

1-rasm. 2021 yilning yanvar-dekabr oylarida Qashqadaryo viloyati tashqi savdo aylanmasida tuman (shahar)lar ulushi (%)

Qarshi (19,4%), Nishon (15,1%), Kasbi (11,0%), Mirishkor (8,7%) tumanlari va va Qarshi shahri (8,2%) viloyat tashqi savdo aylanmasida eng ko‘p ulushga ega. Bu jihatdan eng kam ulushni tashkil etuvchi hududlar Shahrisabz shahri (1,2%), Muborak (1,4%) va Chiroqchi (1,9%) tumanlari va Shahrisabz shahri (2,6%) hisoblanadi.

Eksport

Jahon bozorida ayrim turdagi xom-ashyo resurslari narxining oshishi, hukumat tomonidan eksportni rag‘batlantirish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar natijasida 2021 yil davomida viloyatda eksport hajmi 2020 yilga nisbatan 123,0%ga oshgan. Eksportning 53,9%i tarmoq korxonalari (2020 yilda - 69,4%), 46,1%i hududiy korxonalar (2020 yilda - 30,6%) tomonidan amalga oshirilgan.

Eksport tarkibida kalava ipning ulushi - 60,7%, meva-savzavot mahsulotlari – 17,9%, to‘qimachilik mahsulotlari – 7,4%, plastmassa va undan tayyorlangan buyumlar -4,3%, farmatsevtika mahsulotlari -1,8%, metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar -1,7% va boshqa mahsulotlar -6,3%ni tashkil qilgan.

2021 yil davomida alohida tovar belgilari bo‘yicha metall va undan tayyorlangan buyumlar eksporti – 13,7 barobar, transport va uning ehtiyot qismlari - 9,9 baravar, tabiiy qazilmalar - 3,9 baravar, keramika buyumlari - 3,4 baravar, nasoslar – 2,7 baravar, gigiyena vositalari - 2,6 baravar, kalava ip - 1,8 baravarga oshgan.

2-rasm. 2021 yilda Qashqadaryo viloyati eksportida ulushi eng yuqori bo‘lgan davlatlar (%da)

Eksport hajmini davlatlar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, 2021 yilda viloyat eksportida ulushi eng yuqori bo‘lgan davlat sifatida, Turkiyaga - 75,9 mln.dollar (jami eksportdagi ulushi - 31,6%), Rossiyaga - 38,2 mln.dollar (15,9%), Xitoy Xalq Respublikasiga – 32,3 mln.dollar (13,4%), Pokiston Islom Respublikasiga – 18,5 mln.dollar (7,7%), Qozog‘istonga – 15,8 mln.dollar (6,6%) miqdorida mahsulotlar eksport qilingan. Shuningdek, Eron Islom Respublikasi, Qirg‘iziston, Polsha, Ukraina, Afg‘oniston davlatlarining viloyat eksportida ulushi yuqoridir.

3-rasm. 2021 yil yakuni bo‘yicha Qashqadaryo viloyati eksportida tuman (shahar)lar ulushi (%)

Eksport tarkibida ulushi eng yuqori hududlar Qarshi (27,3%), Koson (13,9%), Kasbi (13,4%), Yakkabog‘ (6,5%), G‘uzor (6,4%) tumanlari hisoblanadi. Shahrisabz shahri (0,8%), Muborak (1,7%), Dehqonobod (2,1%), Chiroqchi (2,7%), Nishon (3,1%) tumanlari ulushi eng past hududlar sanaladi.

Import

2021 yil davomida Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilgan import hajmi 367,6 mln.dollarni tashkil qilib, 2020 yilga nisbatan 106,0%ga oshgan.

Importning 18,7%i tarmoq korxonalari (2020 yilda 29,9%), 81,3%i hududiy korxonalar (o‘tgan yilning ushbu davrida 70,1%) tomonidan amalga oshirilgan.

Import tarkibidagi texnologik asbob va uskunalarning ulushi -44,5%, metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar – 14,0%, elektrotexnika va uning qismlari – 6,2%, kimyo sanoati mahsulotlari - 5,9%, nasos – 4,7%, tirik hayvonlar va ularning qismlari - 4,5%, boshqa mahsulotlar - 20,1%ni tashkil qilgan.

2021 yil davomida alohida tovar belgilari bo‘yicha keramika buyumlari importi – 2,8 baravar, daraxt, o‘simliklar – 2,2 baravar, tirik hayvonlar va ularning qismlari – 1,8 baravar, oziq-ovqat mahsulotlari – 1,15 baravarga oshgan.

4-rasm. 2021 yil yakuni bo‘yicha Qashqadaryo viloyati importida ulushi eng yuqori bo‘lgan davlatlar (%da)

Xitoy Xalq Respublikasi (23,6%), Rossiya (16,5%), Turkiya (13,7), Shveysariya (12,6%), Qozog‘iston (5,8%) davlatlarining viloyat importida ulushi yuqoridir. Shuningdek, Germaniya, Koreya, Hindiston, Italiya, Ukraina davlatlari mahsulotlari viloyat importida yuqori ahamiyatga ega.

Shuni ta’kidlash lozimki, viloyatdagi to‘qimachilik klasterlari tomonidan texnologik asbob-uskunalari importi hisobidan Shveysariya viloyatdagi eng yuqori ulushga ega bo‘lgan importyor-mamlakatlardan biriga aylangan.

Ma’lumot uchun: 2020 yil davomida Qashqadaryo viloyatiga Shveysariyadan 1,7 mln.dollar (jami importdagi ulushi 0,3%) miqdorida mahsulotlar import qilingan bo‘lib, 2021 yilda ushbu davlatdan amalga oshirilgan import xajmi 46,5 mln.dollarga yetgan.

5-rasm. 2021 yil yakuni bo‘yicha Qashqadaryo viloyati importida tuman (shahar)lar ulushi (%)

Import tarkibida ulushi eng yuqori hududlar Nishon (23,0%), Qarshi (14,3%), Mirishkor (12,1%), Kitob (10,9%) tumanlari va Qarshi shahri (10,5%) hisoblanadi. Shahrisabz shahri va Chiroqchi (1,4%), Shahrisabz (1,3%), Muborak (1,2 %), Qamashi (0,9%) tumanlari ulushi eng past hududlar sanaladi.

Anvar Qobilov

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Qashqadaryo filiali Sektor mudiri

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar