Zamonaviy iqtisodiyotni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari orasida xizmatlar sohasi ustunlik qiladi. Xizmatlar sohasining rivojlanish darajasi aholining hududiy va ijtimoiy harakatchanligi, yangi xo‘jalik hududlarini o‘zlashtirish, ishlab chiqarish samaradorligi va moddiy mahsulotlar iste’molini oshirishni ta’minlaydi.
Joriy yilning mos davrida viloyat miqyosida ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 15 945,8 mlrd so‘mni tashkil qilgan holda, o‘tgan yilga nisbatan 114,1%ga oshgan. Xizmatlar hajmining respublika ko‘rsatkichidagi ulushi 4,5%ni tashkil qilgan holda, hududlar orasida 6-o‘rinni egallagan.
2022 yil yanvar-sentyabr oylarida jami xizmatlar tarkibida savdo (32,2%), transport (21,3%) va moliya (16,8%) xizmatlarining ulushi yuqori bo‘lgan bo‘lsa, sog‘liqni saqlash (1,2%), me’morchilik (1,3%), ko‘chmas mulk (2,4%), ijara va lizing (2,5%) xizmatlarining ulushi past bo‘lgan. Shuningdek, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan viloyatda barcha xizmat turlari bo‘yicha o‘sish ko‘rsatkichi qayd etilgan. Eng yuqori o‘sish sur’ati moliya (126,3%), axborot va aloqa (125,3%), ta’lim (118,3%) xizmatlari sohalarida kuzatilgan.
Ko‘rsatilgan xizmatlar hajmining chorak qismi (25,6%) Qarshi shahri hissasiga to‘g‘ri keladi. Chiroqchi (3,2%), Dehqonobod (3,1%), Ko‘kdala (1,2%) tumanlarining viloyat jami xizmatlardagi ulushi nisbatan past bo‘lgan.
Xususan, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan viloyatning barcha hududlarida xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘yicha o‘sish ko‘rsatkichlariga erishilgan. Eng yuqori o‘sish sur’atlari Qarshi (117,1%) va Shahrisabz (116,9%) shaharlari, Chiroqchi (116,8%), Muborak (116,8%) tumanlarida kuzatilgan.
Xizmatlar sohasi bo‘yicha viloyatning barcha tuman (shahar)larida o‘sish sur’atlari ta’minlanganiga qaramasdan, jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi bo‘yicha Respublika hududlarida orasida viloyat ko‘rsatkichi hamon pastligicha qolmoqda. Jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi 4628,0 ming so‘m (Respublika jon boshiga o‘rtacha ko‘rsatkichidan 2,2 baravar kam) bo‘lib, hududlar orasida oxirgi o‘rinni egallagan.
Avtotransportning ko‘rsatkichlariga ko‘ra, viloyat miqyosida jami tashilgan yuklar hajmi 44 637,0 ming tonnani tashkil qilgan.
Izoh qoldirish