Asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar
Viloyatda asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi 3 668,2 mlrd so‘mni (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 121,5%), respublikadagi ulushi 7,3% (hududlar orasida 4-o‘rin)ni tashkil qilgan.
1-rasm. Qashqadaryo viloyati bo‘yicha asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmida tuman (shahar)lar ulushi (%da)
Viloyatda investitsiyalar o‘zlashtirilishida keskin differensiallik saqlanib qolgan. Xususan, kiritilgan investitsiyalarning 70,8 foizi viloyatning 4 ta hududi - G‘uzor (26,7%), Muborak va Kitob tumanlari (15,6%) va Qarshi shahri (12,9%) hissasiga to‘g‘ri kelgan. Yakkabog‘ (1,8%), Shahrisabz (1,6%), Dehqonobod (1,4%), Kasbi (1,4%), Chiroqchi (1,3%), Qamashi (1,2%) tumanlari va Shahribz shahri (0,6%)da investitsiyalar oqimining pastligi kuzatilgan.
Hududlarda amalga oshirilayotgan yirik investitsion loyihalar natijasida asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan Kitob (7,6 baravar), Koson (5,9 baravar), Mirishkor (3,2 baravar), Nishon (1,6 baravar) va Qamashi (1,4 baravar) tumanlarida keskin o‘sish darajasini qayd etgan. Lekin, Kasbi (84,8%), Muborak (68,3%) tumanlari va Shahrisabz shahri (54,5%)da investitsiyalar oqimining pasayishi tendensiyasi kuzatilgan.
Viloyat bo‘yicha jon boshiga to‘g‘ri keladigan asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi 1073,9 ming so‘mni (respublika ko‘rsatkichidan 342,1 ming so‘m kam), o‘sish ko‘rsatkichi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 118,9%ni tashkil qilgan holda respublika hududlari orasida 7-o‘rinni egallagan.
2-rasm. Qashqadaryo viloyati tuman (shahar)larida jon boshiga asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi (mln so‘mda)
Tuman (shahar)lar kesimida jon boshiga to‘g‘ri keladigan asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi bo‘yicha Muborak (6,3 mln so‘m), G‘uzor (4,6 mln so‘m), Kitob (2,1 mln so‘m), Qarshi shahri (1,7 mln so‘m) va Mirishkor (1,2 mln so‘m) tumanlarining ko‘rsatkichi viloyat ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lgan. Nishon ( 2 baravar past), Dehqonobod (3 baravar), Shahrisabz (4,1 baravar), Yakkabog‘ (4,3 baravar), Kasbi (4,3 baravar), Qamashi (6,6 baravar), Shahrisabz shahri (7,3 baravar) va Chiroqchi (9,9 baravar) tumanlari ko‘rsatkichining viloyat ko‘rsatkichiga nisbatan ancha pastligi qayd qilingan.
Jon boshiga to‘g‘ri keladigan asosiy vositalarga kiritilgan investitsiyalar hajmi bo‘yicha ham tumanlar o‘rtasida keskin tavofutning mavjudligi kuzatilgan. Jumladan, eng yuqori ko‘rsatkich qayd qilingan Muborak tumanida jon boshiga to‘g‘ri keladigan asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiya hajmi Chiroqchi tumaniga nisbatan 58 baravar, Shahrisabz shahri - 43 baravar, Qamashi - 39 baravar, Kasbi tumaniga nisbatan - 25 baravarga ziyoddir.
O‘tgan yilning mos davriga nisbatan Kitob (8,4 baravar), Koson (6,4 baravar), Mirishkor (3,6 baravar) tumanlarida jon boshiga to‘g‘ri keluvchi investitsiya hajmining yuqori o‘sish ko‘rsatkichlari qayd etilgan.
Tahlil qilinayotgan davr mobaynida viloyat bo‘yicha asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarning 60,5 fozi chet el investitsiyalari hisobidan, 20,0 foizi – tijorat banklari kreditlari va boshqa qarz mablag‘lari, 17,2 foizi - korxona va aholining o‘z vositalari hisobidan, 1,3 foizi - davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar
Joriy yilning yanvar-mart oylarida viloyatda jami 109,9 mln dollarlik (rejaga nisbatan 3,5 baravar ko‘p) to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Tumanlar kesimida solishtiradigan bo‘lsak, Kitob tumanida - 41,2 mln dollar (rejaga nisbatan 8,2 baravar ko‘p), Shahrisabz - 24,5 mln dollar, Koson - 18,8 mln dollar (rejaga nisbatan 2,2 baravar ko‘p), Mirishkor - 8,1 mln dollar, Qarshi - 7,8 mln dollar (rejaga nisbatan 2 baravar ko‘p), Yakkabog‘ - 6,5 mln dollar, Kasbi - 2 mln dollar, Dehqonobod - 0,6 mln dollar, Qarshi shahri - 0,4 mln dollar, Qamashi - 0,1 mln dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgan. Shahrisabz, shahri, Muborak, Nishon, Chiroqchi, G‘uzor tumanlarida esa 1-chorak yakunlari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilmagan.
Furqat Islomov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Qashqadaryo filiali yetakchi ilmiy xodimi
Izoh qoldirish