Qoraqalpog‘iston Respublikasi 2021 yilda qaysi davlatlar bilan ko‘proq savdo qildi? (+Infografika)

Qoraqalpog‘iston Respublikasi 2021 yilda qaysi davlatlar bilan ko‘proq savdo qildi? (+Infografika)

2021 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasining umumiy tashqi savdo aylanmasi qariyb 657,2 mln.dollarni tashkil etdi va bu 2020 yilga nisbatan 21,9%ga oshdi. (Ma’lumot uchun: 2020 yilda hudud tashqi savdo aylanmasi 539 mln.dollarni tashkil etgan).

Hudud savdo balansida eksport hajmi 418,6 mln.dollar va import hajmi 238,6 mln.dollar bilan ijobiy saldo qayd etildi.

2021 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xitoy (23,2%), Rossiya (18,9%), Turkiya (16,4%), Qozog‘iston (9,7%), Latviya (5,0%) va Koreya Respublikasi (4,7%) bilan ko‘proq savdo qilgan.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, 2021 yilda hudud tashqi savdo aylanmasining 62,7%i Nukus shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. Tashqi savdo aylanmasida eng katta ulush bilan keyingi o‘rinlarni Mo‘ynoq (5,7%), Beruniy (3,8%), To‘rtko‘l (3,7%), Taxiatosh (3,1%), Ellikqal’a (2,9%) tumanlari egallagan. Nukus (1,0%), Bo‘zatov (0,5%) va Taxtako‘pir (0,3%) tumanlarining ulushi esa sezilarli darajada past bo‘lgan.

Eksport hajmida o‘sish sur’ati qayd etilgan

2021 yilda hudud eksportining o‘sish sur’ati o‘tgan yilga nisbatan 115,4%ni tashkil etdi va eksport hajmi 418,6 mln.dollarga yetdi. Eksportning qariyb 71,2%i tarmoq korxonalari hissasiga va 28,8%i hududiy korxonalar ulushiga to‘g‘ri kelgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasidan eksport qilinadigan tovarlar nomenklaturasini kimyo sanoati mahsulotlari (67,9%), oziq-ovqat mahsulotlari (11,3%), paxta tolasi (2,8%), mashina va uskunalar (1,16%), xizmatlar (0,6%), energiya resurslari (0,3%) va boshqa tovarlar (15,9%) tashkil etgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining 2021 yildagi eksporti tarkibi

2021 yilda elektrotexnika mahsulotlari, texnologik jihozlar va avtomobil ehtiyot qismlari eksportining o‘sishi hisobidan mashina va asbob-uskunalar eksporti 7,62 baravarga oshdi.

Shu bilan birga, 2021 yilda paxta tolasi eksporti 1,75 baravarga, kimyo sanoati mahsulotlari eksporti 1,12 baravarga, boshqa tovarlar eksporti esa 1,36 baravarga oshdi.

Jahon mamlakatlari kesimida eksport hajmi tahlili shuni ko‘rsatdi, hududdan eksport qilingan mahsulotlarning asosiy iste’molchilari 108,1 mln.dollar miqdorida eksport hajmi bilan Xitoy (25,8%), Turkiya – 93,1 mln.dollar (22,2%), Rossiya – 82,2 mln.dollar (19,6%), Qozog‘iston – 40,1 mln.dollar (9,6%), Latviya – 29,9 mln.dollar (7,1%), Ukraina – 14,3 mln.dollar (3,4%), Buyuk Britaniya – 9,3 mln.dollar (2,2%) va Koreya Respublikasi – 7,6 mln.dollar (1,8%) bilan keyingi o‘rinlarni egallagan.

Hududning umumiy eksport hajmidagi eng katta ulush Nukus shahriga (71,7%) to‘g‘ri keldi. Nukus shahridan MDH, Yevropa, Boltiqbo‘yi mamlakatlariga, Afg‘oniston, Dominikan Respublikasi, Eron, Turkiya va Xitoyga, asosan, 13 turdagi mahsulotlar, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari, alkogol ichimliklari, yog‘och mahsulotlari, ip-kalava, kimyo sanoati mahsulotlari, plastmassa va plastmassadan yasalgan buyumlar, paxta tolasi, musiqa asboblari, farmatsevtika mahsulotlari va tirik hayvonlar eksport qilingan.

Eksport hajmi bo‘yicha keyingi o‘rinlarni Qonliqo‘l (3,9%), Beruniy (3,4%), Ellikqal’a (3,0%) va Mo‘ynoq (2,8%) tumanlari egalladi. Shu bilan birga, Taxtako‘pir (0,3%), Qorao‘zak (0,2%) va Bo‘zatov (0,2%) tumanlari eng kam ulushga ega bo‘ldi.

Import hajmida ham o‘sish sur’ati kuzatildi

2021 yilda hudud importi 2020 yilga nisbatan 35,3 foizga oshdi va 238,6 mln.dollarni tashkil etdi.

Hududning umumiy importi 44,6%i mashina va uskunalar, 25,0%i kimyo sanoati tovarlari va oziq-ovqat mahsulotlari, 7,1%i energiya resurslari, 4,9%i xizmatlar, 1,1%i qora va rangli metallar va 17,4%i boshqalar mahsulotlar hissasiga to‘g‘ri keldi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining 2021 yildagi import tarkibi

Importning sezilarli o‘sishi mashinalar va asbob-uskunalar importi 1,71 baravarga, xizmatlar importi 1,58 baravarga, energetika resurslari importi 1,44 baravarga, kimyo sanoati tovarlari importi 1,16 baravarga oshishi bilan bog‘liq.

2021 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga eng ko‘p tovar va xizmatlar Xitoy (18,7%), Rossiya (17,6%), Qozog‘iston (10,0%), Koreya Respublikasi (9,8%) va Turkiyadan (6,1%) import qilingan.

Quyida 2021 yilda hudud importida eng ko‘p ulushga ega asosiy savdo hamkor mamlakatlar ko‘rsatilgan.

Import hajmining tumanlar (shaharlar) bo‘yicha tahlili shuni ko‘rsatdiki, hudud importining eng katta ulushi Nukus shahri (46,7%), Mo‘ynoq (11,6%), To‘rtko‘l (8,2%), Qorao‘zaq (6,1%), Taxiatosh (5,8%) va Beruniy (4,5%) tumanlariga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, hudud importida Amudaryo (0,5%), Taxtako‘pir (0,4%) va Shumanay (0,2%) tumanlarining ulushi kam.

Bo‘zatov (import 7,7 baravar), Qorao‘zak (3,5 baravar), Xo‘jayli (3,1 baravar) va Beruniy (2,3 baravar) tumanlari importining o‘sish sur’atlarida keskin o‘sish kuzatildi. Bu ushbu tumanlarga mashina va asbob-uskunalar, yog‘och mahsulotlari, maishiy texnika, mineral o‘g‘itlar, oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar importining ko‘payishi hisobidan sodir bo‘lgan.

Yusup Jumabayev

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialining yetakchi ilmiy xodimi

Salamat Begmanov

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialining bosh ilmiy xodimi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar