Mintaqaviy kelishuvlar jahon savdosini qayta shakllantirmoqda — PIIE

Mintaqaviy kelishuvlar jahon savdosini qayta shakllantirmoqda — PIIE

“Peterson Institute for International Economics” (PIIE) ekspertlari baholashicha, mintaqaviy savdo kelishuvlari jahon savdosini rivojlantirishda tobora muhim instrumentga aylanmoqda. Biroq ularning kengayishi Jahon savdo tashkiloti (JST) atrofida shakllangan ko‘p tomonlama tizimni to‘liq almashtira olmaydi.

Maqolada ta’kidlanishicha, global darajada muzokaralar sekinlashgan sharoitda aynan mintaqaviy formatlar savdoni liberallashtirish va yangi qoidalarni kelishishda samarali maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.

Global savdo muhiti

Jahon savdo tizimi universal ko‘p tomonlama formatdan bosqichma-bosqich shunday modelga o‘tmoqdaki, unda savdo to‘siqlarini kamaytirishga oid amaliy qarorlar tobora ko‘proq yirik mintaqaviy kelishuvlar doirasida qabul qilinmoqda.

Jahon savdo tashkiloti (JST) savdoni tartibga solishda hanuz asosiy o‘rinni saqlab qolmoqda. Biroq tariflarni liberallashtirish, bozorlarga kirish, investitsiyalar, xizmatlar va yangi savdo qoidalari kabi masalalar tobora ko‘proq mintaqaviy bloklar orqali ilgari surilmoqda.

Bu holat cheklangan sondagi davlatlar o‘zaro kelishuvga global ko‘p tomonlama maydonlarga nisbatan ancha tezroq erisha olishi bilan izohlanadi.

Ushbu tendensiyaning yorqin misollaridan biri 2025 yil noyabrida Trans-Tinch okeani hamkorligi (TTOH) komissiyasi tomonidan Urugvay, Birlashgan Arab Amirliklari, Filippin va Indoneziyani ehtimoliy yangi ishtirokchilar sifatida belgilash to‘g‘risidagi qaror hisoblanadi.

Bu esa kelishuvning dastlabki geografik doirasidan tashqariga chiqib borayotganini va uning yangi avlod savdo platformalaridan biri sifatidagi ahamiyati tobora ortib borayotganini anglatadi.

Trans-Tinch okeani hamkorligi 2016 yilda Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi 12 ta davlat o‘rtasida tuzilgan preferensial savdo kelishuvi bo‘lib, uning asosiy maqsadi tarif to‘siqlarini kamaytirishdan iborat.

Urugvay misolida asosiy xulosalar

Urugvayning mazkur kelishuvga ehtimoliy qo‘shilishi oddiy ishtirokchilar sonining oshishidan ko‘ra ancha kengroq ahamiyatga ega. Kichik va ochiq iqtisodiyot uchun bu tashqi savdoni diversifikatsiya qilish, cheklangan bozorlarga qaramlikni kamaytirish va eksportning yangi yo‘nalishlariga chiqish imkonini kengaytirish vositasi hisoblanadi.

Kelishuvda ishtirok etish Urugvayga Osiyo, Shimoliy va Lotin Amerikasi bozorlariga kengroq kirish imkonini beradi, mamlakatning investitsion jozibadorligini oshiradi hamda uning global qo‘shilgan qiymat zanjirlaridagi o‘rnini mustahkamlaydi.

Qo‘shimcha imkoniyatlardan agrosanoat majmuasi, oziq-ovqatni qayta ishlash, logistika va xizmatlar eksporti sohalari ham foyda ko‘rishi mumkin.

Investorlar uchun ham buning ahamiyati aniq: bir vaqtning o‘zida bir nechta integratsiya makonlariga kirish imkoniga ega mamlakat kapital joylashtirish, ishlab chiqarishni tashkil etish va eksport operatsiyalarini amalga oshirish uchun qulay maydon sifatida qaraladi.

Shu tariqa, Urugvay misoli jahon savdosidagi yangi tendensiyani ko‘rsatmoqda. Ya’ni hatto kichik iqtisodiyotlar ham endi faqat turli davlatlar bilan savdo qilish bilan cheklanib qolmay, balki savdo va investitsiya uchun yagona qoidalarga ega bo‘lgan yirik institutsional platformalarga qo‘shilishga intilayotgani kuzatilmoqda.

Savdo tendensiyalari

PIIE tadqiqoti oltita yirik mintaqaviy birlashmani qamrab olgan: Yevropa Ittifoqi, Shimoliy Amerika erkin savdo kelishuvi (NAFTA), Janubiy Amerika umumiy bozori (Mercosur), Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASEAN), Trans-Tinch okeani hamkorligi (TTOH) hamda Har tomonlama mintaqaviy iqtisodiy sheriklik (RCEP).

Tahlil 1995–2024 yillar ma’lumotlari asosida amalga oshirilgan. Ayrim ishtirokchi davlatlar bo‘yicha hisob-kitoblar esa 2000 yildan boshlab yuritilgan, bu esa oldingi davrga oid statistik ma’lumotlar mavjud emasligi bilan izohlanadi.

2024 yil holatiga ko‘ra, ichki mintaqaviy import ulushi eng yuqori darajada Yevropa Ittifoqi va Har tomonlama mintaqaviy iqtisodiy sheriklik (RCEP)da kuzatildi, jami importning qariyb yarmi ushbu bloklar ichidagi o‘zaro savdoga to‘g‘ri kelgan.

Eng past ko‘rsatkich esa Janubiy Amerika umumiy bozori (Mercosur) va Trans-Tinch okeani hamkorligida (TTOH)da qayd etildi, bu yerda ichki savdo ulushi oltidan bir qismdan kamni tashkil etgan.

Biroq uzoq muddatli dinamika shuni ko‘rsatadiki, ko‘rib chiqilgan davr mobaynida ichki mintaqaviy import ulushining barqaror o‘sishi faqat RCEPda kuzatilgan. Qolgan barcha bloklarda ushbu ko‘rsatkich pasayish tendensiyasini namoyon etgan.

Bu esa muhim xulosani anglatadi: savdo kelishuvining mavjudligi o‘z-o‘zidan o‘zaro savdo hajmining o‘sishini kafolatlamaydi.

Savdo oqimlarini o‘zgartirishda Xitoyning o‘rni

Muhim tashqi omillardan biri sifatida Xitoyning sanoat mahsulotlari bo‘yicha yirik yetkazib beruvchiga aylanishi alohida ahamiyat kasb etmoqda. 2000–2024 yillar davomida mintaqaviy birlashmalar umumiy importi tarkibida Xitoydan import ulushi sezilarli darajada oshgan. Jumladan, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari Assotsiatsiyasida (ASEAN) bu ko‘rsatkich 5,0% dan 22,2% gacha, Trans-Tinch okeani hamkorligida (TTOH) 6,7% dan 17,6% gacha, Yevropa Ittifoqida 3,0% dan 10,1% gacha, Janubiy Amerika umumiy bozorida (Mercosur) 3,2% dan 24,2% gacha, Shimoliy Amerika erkin savdo kelishuvida (NAFTA) esa 6,8% dan 14,4% gacha oshgan.

Shuni ta’kidlash joizki, savdo tarkibiga faqat tarif imtiyozlari emas, balki sanoat ishlab chiqarish hajmi, narx bo‘yicha raqobatbardoshlik, logistika imkoniyatlari va ta’minot zanjirlarining barqarorligi ham ta’sir ko‘rsatadi.

Trans-Tinch okeani hamkorligining kengayishi yagona savdo va investitsiya qoidalariga ega bo‘lgan davlatlar tarmog‘ining shakllanishini anglatadi. Bunday kelishuv qanchalik ko‘p ishtirokchini qamrab olsa, uning biznes, investorlar va eksportchilar uchun ahamiyati shunchalik ortadi.

Agar Urugvay to‘liq ishtirokchiga aylansa, bu kelishuvning boshqa davlatlar uchun ham jozibadorligini oshiradi va yirik savdo platformalarining kengayish tendensiyasini yanada mustahkamlaydi. Natijada, jahon savdosi tobora ko‘proq nafaqat global qoidalarga, balki qaysi mintaqaviy bloklar tezroq rivojlanayotgani va qaysi davlatlar yangi iqtisodiy aloqalarga tezroq moslashayotganiga ham bog‘liq bo‘lib boradi.

Shu bilan birga, tadqiqotda qayd etilishicha, ayrim hollarda mintaqaviy birlashmalar tashkil etilishi tarif to‘siqlarini faqat cheklangan darajada kamaytiradi. Buning sababi ishtirokchi davlatlarda avvaldan ham tariflar nisbatan past bo‘lgani bilan izohlanadi. Boshqa hollarda esa ichki tariflarning kamaytirilishidan olinadigan samara tovar kelib chiqishi qoidalarining murakkabligi bilan cheklanadi, chunki bunday talablarga javob berish hamisha ham oson emas.

Shu tariqa, mazkur ikki omil mintaqaviy bloklar doirasida savdo hajmining kutilgan darajada o‘sishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.

JSTning o‘rni

Mintaqaviy kelishuvlar ahamiyati ortib borayotganiga qaramasdan, Jahon savdo tashkiloti (JST) global savdo tizimida tizimli ahamiyatini saqlab qolmoqda.

Tashkilot baholashicha, jahon savdosining taxminan 74% qismi hanuz eng qulay shartlar rejimi asosida amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, JST savdoni tartibga solishning qator muhim yo‘nalishlari bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda. Jumladan, savdo tartib-taomillarini soddalashtirish, subsidiyalarni cheklash, raqamli savdo, investitsiya rejimi hamda baliqchilik sohasidagi qoidalarni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xulosalar

Jahon savdo tizimi bosqichma-bosqich shunday modelga o‘tmoqdaki, unda mintaqaviy kelishuvlar amaliy savdo liberallashtirishning asosiy maydoniga aylanmoqda.

Bu sharoitda ustunlikka ega bo‘ladigan davlatlar yangi kelishuvlarga o‘z vaqtida qo‘shila oladigan, iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshiradigan va jahon savdosining o‘zgarib borayotgan tuzilmasiga tez moslasha oladigan mamlakatlar bo‘ladi.

O‘zbekistondagi holat

Bugungi kunda O‘zbekiston 10 ta davlat bilan erkin savdo kelishuvlariga ega (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Ukraina, Gruziya va Moldova). Shuningdek, mamlakat MDH erkin savdo hududi to‘g‘risidagi shartnoma ishtirokchisi hisoblanadi (ushbu shartnoma doirasida Armaniston bilan ham erkin savdo rejimi amal qiladi).

So‘nggi yillarda preferensial savdo kelishuvlari geografiyasi ham kengaydi. Xususan, 2023 yilda Turkiya, Pokiston va Eron bilan, 2024 yilda esa Afg‘oniston bilan shunday kelishuvlar imzolandi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston 47 ta davlat bilan savdoda eng qulay sharoit rejimi (MFN)ni taqdim etishni nazarda tutuvchi kelishuvlarni imzolagan bo‘lib, bu tashqi savdo siyosatida liberallashtirish yo‘nalishi izchil davom etayotganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayonini faol ilgari surmoqda. 2026 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, bozorlarga kirish bo‘yicha muzokaralar manfaatdor 35 ta davlatdan 33 tasi bilan yakunlangan, ulardan 14 tasi bilan tegishli protokollar imzolangan. 2023 yildan buyon qariyb 80 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan bo‘lib, JST talablariga muvofiqlashtirilgan hujjatlar soni 180 tadan oshgan.

Mintaqaviy kelishuvlar ahamiyatining ortishi JSTga a’zo bo‘lish jarayonining ahamiyatini kamaytirmaydi, aksincha, ular bir-birini to‘ldiradi. Mintaqaviy formatlar alohida bozorlarga tezkor kirish va chuqurroq iqtisodiy integratsiyani ta’minlasa, JST global darajada yagona, shaffof va prognoz qilinadigan savdo qoidalarini kafolatlaydi.

Shu tariqa, O‘zbekiston tashqi iqtisodiy siyosatida ikki yo‘nalish mintaqaviy kelishuvlar orqali savdoni kengaytirish va ko‘p tomonlama tizim doirasida barqaror qoidalarni ta’minlash uyg‘un ravishda shakllanmoqda. Bu esa mamlakatning jahon savdo tizimiga integratsiyasida mintaqaviy va global yondashuvlarni samarali birlashtirayotganini ko‘rsatadi.

Qozog‘iston va Qirg‘iziston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) ishtirokchilari hisoblanadi. Ushbu ittifoq doirasida 5 ta davlat — Qozog‘iston, Rossiya, Belarus, Armaniston va Qirg‘iziston o‘rtasida erkin savdo rejimi amal qiladi. Shuningdek, YeOII darajasida Vetnam va Serbiya bilan ham erkin savdo kelishuvlari tuzilgan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar