Respublika ishchi guruhi tomonidan Farg‘ona viloyatida aholi kayfiyati bilan bog‘liq dolzarb masalalarni o‘rganish va sohaviy muammolarni joyida hal etish ishlari boshlandi.
Ishchi guruhiga Prezident maslahatchisining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi rahbari U.Muhammadiyev boshchiligida Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimlari, vazirlik va idoralar mas’ullari jalb etildi.
Ishchi guruh a’zolarining e’tibor markazida viloyat bo‘yicha aholini yillar davomida qiynab kelayotgan eng dolzarb muammolarni, shaxsiy murojaatlarni imkon qadar joyida hal etish, tanlab olingan mahallalarda “Obod xonadon - obod ko‘cha - obod mahalla” mezonlarini joriy etish bo‘yicha ishlarni yanada jadallashtirish masallari bo‘ldi. Shundan kelib chiqqan holda Xalq qabulxonlari, vazirlik va idoralar, viloyat, tuman sektorlari rahbarlariga topshiriq berilib, ijrosi nazoratga olindi.
O‘tgan ikki kun davomida Xalq qabulxonalari tomonidan tuman, shahar sektorlari bilan hamkorlikda 11 ta sayyor qabul tashkil etildi. Qabullarda 308 nafar fuqaro tomonidan 320 ta masala ko‘tarildi. Murojaatlarning 102 tasi joyida hal etildi, 92 tasi bo‘yicha tushuntirish berilib, qolgan 126 ta masala ijrosi nazoratga olindi.
Jumladan, Buvayda tumani “O‘rta qo‘ng‘irot” mahallasida tashkil etilgan qabulda 27 nafar fuqarolar 22 ta masalada murojaat qildi. 4 tasi joyida hal etilib, 18 tasi bo‘yicha tegishli idora va tashkilot rahbarlariga topshiriqlar berildi, ijrosi nazoratga olindi. Jumladan, “Qoratepa” mahallasida yashovchi O.Qo‘ldashevning ichimlik suvi tarmog‘ini ta’mirlash masalasi ijobiy hal etildi. Yoki Farg‘ona shahri “Kirgili” mahallasida yashovchi fuqaro M.Dadajonovaning sud qarori ijrosi, himoya orderi, gaz, moddiy yordam masalalari ijobiy hal etildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 153 ta murojaat qayta o‘rganilib, 19 tasi ijobiy hal etildi. Jumladan, Farg‘ona tumani “Oq oltin” mahallasida yashovchi B.G‘iyosiddinovaning farzandi 47-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirildi, Beshariq tumani “Qoraqo‘yli” mahallasida yashovchi M.Qayumovning oilaviy matabgacha ta’lim tashkiloti uchun subsidiya mablag‘larini olish yuzasidan murojaati ijobiy hal etildi.
Buvayda tumanidagi 17-sonli umumta’lim maktabida tumandagi band bo‘lmagan, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” ro‘yxatidagi fuqarolar uchun bo‘sh ish o‘rinlari “Mehnat yarmarkasi” o‘tkazildi. Unda tumandagi 51 ta korxona, tashkilot, muassasalar va fermer xo‘jaliklari 241 ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi. Jami 85 nafar fuqarolar ishtirok etdi. Tadbir davomida 42 nafar fuqarolarning bandligi ta’minlandi. Shundan, 22 nafariga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi, 20 nafar fuqaro “VODIY TRADE 007” korxonasiga kasanachi sifatida ishga qabul qilindi va ularga subsidiya asosida tikuv mashinasi berildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Quva tumani “Qoraqum” mahallasi aholisi uchun tibbiy ko‘rik tashkil etilib, ko‘rik davomida 190 nafar fuqarolar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. 132 nafar fuqarolarda turli kasalliklar aniqlandi. 124 nafar bemorlarga ambulator sharoitda davolanishga tavsiya berildi, 8 nafar bemorlarga shahar va viloyat muassasalarida davolanish va tekshiruvlar uchun yo‘llanma berildi. Tibbiy ko‘rikda Quva tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida kardiolog, LOR, dermatolog, psixiatr nevropatolog mutaxassislari ishtirokida laboratoriya, EKG va skrining tekshiruvlari o‘tkazildi.
Bundan tashqari, kelib tushgan murojaatlar asosida aholi 283 tonna suyultirilgan gaz bilan ta’minlandi. O‘zbekiston tumani “Sulaymon” mahallasidagi aholi iste’molchilariga tabiiy gaz yetkazib beruvchi o‘rta va past bosimli gaz quvurlarida tamirlash, tartibga keltirish va bo‘yoqlash ishlari amalga oshirildi.
Elektr ta’minoti sohasidagi murojaatlarni hal etish uchun jami 2,9 km elektr tarmog‘i tortildi hamda yangi 2 ta transformator punkti va 60 ta temir-beton tayanchlar o‘rnatildi. Misol uchun, Buvayda tumani “Jaloir” mahallasida 0,2 km tarmoq tortildi va “Tepalik” mahallasida 10 ta tayanch o‘rnatildi.
Ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar asosida Farg‘ona shahar “A.Qodiriy” mavzesidagi 250 ta ko‘p qavatli uylarning ichimlik suvi ta’minotini uzluksizligini ta’minlash maqsadida quvurlarni almashtirish ishlari olib borilmoqda. Qo‘qon shahar “Achchiqko‘l” mahallasidagi 28-sonli suv inshootida ichimlik suvi nasosi ta’mirlandi.
Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.
Izoh qoldirish