O‘tkazilgan ommaviy sayyor qabulda Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq, Quyi Chirchiq, Parkent, Olmaliq, Piskent, Bekobod, Oqqo‘rg‘on, Qibray, Zangiota, Chinoz, Ohangaron tumanlari va Nurafshon, Chirchiq, Angren, Ohangaron, Bekobod shaharlaridan fuqarolarning murojaatlari qabul qilindi.
Murojaatlarning 52,2 foizi sud, prokuratura va ichki ishlar faoliyatiga oid masalalarni tashkil qildi.
Oliy sud raisi B.J.Islamov tomonidan 122 ta murojaatlar qabul qilinib, 87 tasi joyida ijobiy hal qilingan 76 ta murojaat bo‘yicha o‘rganish talab etilganligi sababli nazoratga olindi.
Bosh prokuror N.T.Yo‘ldoshev va Bosh prokuror o‘rinbosari S.B.Artikova tomonidan 160 nafar fuqaro qabul qilinib, 47 ta masala ijobiy hal etildi, 113 ta murojaat bo‘yicha o‘rganish talab etilganligi sababli nazoratga olindi.
Ichki ishlar vaziri P.R.Bobojonov va IIV o‘rinbosari Ya.A.Abdulxakov tomonidan 102 nafar fuqaro qabul qilinib, 47 tasi ijobiy hal etildi, 54 ta murojaat bo‘yicha o‘rganish talab etilganligi sababli nazoratga olindi.
Viloyat hokimi Z.T.Mirzayev tomonidan 307 nafar fuqarolardan murojaat qabul qilingan. Shundan 50 tasi moddiy yordam, 54 tasi uy-joy bilan ta’minlash, 15 tasi kadastr masalasi, 29 tasi tibbiyot, 11 tasi ish bilan ta’minlash, 10 tasi kredit va 138 tasi boshqa masalalardan iborat.
Ushbu murojaatlarning 93 tasi ijobiy hal etilgan, 214 ta murojaat bo‘yicha o‘rganish talab etilganligi sababli nazoratga olindi.
Misol uchun Bekobodlik Safaroy Berdiyeva mahallasidagi yuz nafar xotin-qizni kooperatsiyaga biriktirib, kiyimlar tayyorlar ekan. Tadbirkor ayol Bosh prokuratura mas’ullariga 2-sektor yordami uchun rahmat aytarkan, mahsulotlar realizatsiyasida amaliy yordam so‘radi. Murojaatdan so‘ng kooperatsiya uchun tez orada bozordan joy ajratiladigan bo‘ldi.
Bir sohaga mansub uch avlod mutaxassislarining bir muloqot maydonida jamlanishi bu kabi qabullarning o‘ziga xos “brend”iga aylanyapti. Murojaatlarni birga tinglash, masalalarga birga yechim topish zamirida bobomeros kengash institutining yangicha ma’no-mazmuni bo‘y ko‘rsatadi.
Ichki ishlar vazirligi mas’ullari bilan muloqotlardan so‘ng 6 nafar sobiq ichki ishlar xodimlarining tizimga ishga tiklangani ham inson qadrini yuksaltirish bugun mamlakatimiz davlat organlarining konstitutsiyaviy burchi va ustuvor vazifasiga aylanayotganini yana bir bor namoyon qildi. Jizzaxlik Sharof Berdiyevning hayotida ham bugun adolat g‘alaba qildi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax tumanlararo sudining 2022 yil 7 iyundagi hal qiluv qarori va Ichki ishlar vazirligi xulosasi asosida mayor Berdiyev 11 yil deganda yana o‘z sohasiga, o‘z vazifasiga qaytyapti.
Bo‘kalik Rustam Shodiyev murojaati asosida esa “Do‘stlik” mahallasidagi serqatnov ko‘chada piyodalar o‘tish yo‘lagi bunyod etildi.
Murojaatlar asosida Toshkent viloyati hokimligi mahalliy byudjetidan bo‘kalik og‘ir ijtimoiy ahvoldagi oilalar muammolarini hal qilish uchun 721 mln. so‘m mablag‘ ajratildi. Umuman, mazkur ommaviy qabulda 735 ta masalaning 242 tasi joyida hal etilib, 227 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan bo‘lsa, 266 ta murojaat nazoratga olindi.
Izoh qoldirish