Respublika maxsus komissiyasining karantin choralarini yumshatish bo‘yicha qarori chiqdi

Respublika maxsus komissiyasining karantin choralarini yumshatish bo‘yicha qarori chiqdi

O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qarori qabul qilinib, quyidagi tartiblar joriy etilmoqda.

Unga ko‘ra, 2020 yil 30 aprel kuni soat 06:00 dan:

  • fuqarolarga – ish joyiga borib kelishi, tibbiy buyumlar, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi navbatda zarur bo‘lgan mahsulotlarni xarid qilish uchun soat 07:00 dan 10:00 ga hamda 17:00 dan 20:00 ga qadar barcha turdagi shaxsiy va xizmat yengil avtotransport vositalari (yo‘lovchilar bilan birga), shu jumladan velosiped va mototransportlarda maxsus ruxsatnomasiz harakatlanishga;
  • fuqarolarga – shahar va tumanlardagi ko‘p qavatli uylarning bevosita oldida va ichki hovli hududlarida ijtimoiy masofani (oraliq masofa 2 metr) saqlagan va niqoblar taqilgan holda sayr qilishga, bunda 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar ota-onalarining hamrohligida sayr qilishga;
  • oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari va professor o‘qituvchilariga – ilmiy ishlarni davom ettirish maqsadida laboratoriya va kafedralar faoliyatlarini tiklashga ruxsat berildi.

Shuningdek, tumanlararo (shaharlararo), viloyatlararo va Toshkent shahriga kirib-chiqishda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtiruvchi yuridik va jismoniy shaxslarlarning barcha turdagi shaxsiy va xizmat yengil avtotransport vositalarida harakatlanishiga ichki ishlar organlari tomonidan mahsulotlarni tezkor va qulay yo‘nalishlar orqali o‘z manzillariga yetib borishiga ko‘maklashish belgilandi.

Ta’kidlab o‘tish joizki, jamoat joylari, bozorlar va ruxsat berilgan savdo xizmat shoxobchalarida hamda avtotransport vositalarida harakatlanish davomida barcha Respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan tegishlicha sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etilishi talab etiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar