Jahon bankining «Biznes yuritish 2020» yillik hisobotida O‘zbekiston 7 pog‘ona yuqoriga ko‘tarilib, ishbilarmonlik muhitini yaxshilashda eng yuqori ko‘rsatkichga erishgan 20 mamlakat qatoriga kirdi.
Jahon bankining «Biznes yuritish 2020» (Doing Business 2020) yillik reytingida O‘zbekiston 2019 yil yakunlari bo‘yicha 100 baldan 69,9 ball to‘plab, 190 mamlakat orasida 69-o‘rinni egalladi. O‘tgan yilgi reytingga nisbatan mamlakat 76-o‘rindan 7-o‘ringa ko‘tarildi.
Jahon bankining Toshkentdagi vakolatxonasi matbuot xizmatiga ko‘ra, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi boshqa to‘rtta davlat, shu jumladan Tojikiston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Kosovo bilan birgalikda O‘zbekiston ishbilarmonlik muhitini yaxshilashda eng katta yutuqlarga erishgan 20 mamlakat qatoridan o‘rin egalladi.
Jahon banki ekspertlarining fikriga ko‘ra, O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitini yaxshilashdagi asosiy islohotlar quyidagilar:
- eng muhim korporativ qarorlarda aksiyadorlar huquqlari va rolini kengaytirish, mulkchilik va boshqaruv tuzilmalarini aniqlashtirish, shuningdek korporativ shaffoflikni oshirish orqali minoritar investorlar himoyasini kuchaytirish;
- ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish soliqlarini daromad solig‘i bilan birlashtirish orqali soliqqa tortishni soddalashtirish;
- xavfga asoslangan bojxona nazorati mexanizmini joriy etish orqali xalqaro savdoni soddalashtirish, shuningdek, import hujjatlariga talablarni yengillashtirish;
- ixtiyoriy mediatsiya to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish orqali shartnomalar ijrosini soddalashtirish, shuningdek, taraflarni nizolarni mediatsiya orqali hal qilishga undash uchun moliyaviy rag‘batlar yaratish.
«Biznes yuritish» hisobotida 190 mamlakatdagi vaziyatni tahlil qilish asosida 10 ta sohadagi qonunchilikdagi o‘zgarishlar qayd etilgan. U 2019 yil 1 mayda tugagan 12 oylik davr uchun o‘zgarishlarni baholaydi.
Hisobot mamlakatda biznes yuritish qulayligini baholovchi quyidagi ko‘rsatkichlarni tahlil qiladi: 1) korxonalar (biznes) tashkil etish, 2) qurilish uchun ruxsat olish, 3) elektr ta’minoti tizimiga ulanish, 4) mulkni ro‘yxatga olish, 5) kredit olish, 6) minoritar investorlarni himoya qilish; 7) soliq solish, 8) xalqaro savdo, 9) shartnomalarning bajarilishi va 10) to‘lovga qodir bo‘lmaslik. Xodimlarni yollash baholashdagi yana bir qo‘shimcha ko‘rsatkich, ammo bu yilgi reytingga kiritilmadi.
O‘zbekiston «To‘lovga layoqatsizlikni hal qilish» indikatoridan tashqari reytingning deyarli barcha ko‘rsatkichlari bo‘yicha ko‘rsatkichlarni yaxshiladi:
- Korxonalarni ro‘yxatdan o‘tkazish — 96,2 ball, + 0,2% (global reytingda 8-o‘rin);
- Qurilish uchun ruxsatnomalarni olish — 61,7, + 0,3% (132-chi);
- Elektr ta’minoti tizimiga ulanish — 86,9, + 0.9% (36-chi);
- Mulkni ro‘yxatga olish — 67,9, + 0,9% (72-chi);
- Kredit olish — 65, o‘zgarishsiz (67-chi);
- Minoritar investorlarini himoya qilish — 70, + 8% (37-chi);
- Soliqqa tortish — 77,5%, + 0,6% (69-chi);
- Xalqaro savdo — 58,2, + 8,4% (152-chi);
- Shartnomalarning bajarilishini ta’minlash — 71,9, + 3,7% (22-chi);
- To‘lov qobiliyatsizligiga ruxsat berish — 43,5, -1,7% (100-chi).
Bu yil biznes yuritish qulayligi bo‘yicha yetakchi o‘nlikka Yangi Zelandiya, Singapur, Gonkong (Xitoy), Daniya, Koreya Respublikasi, AQSh, Gruziya, Buyuk Britaniya, Norvegiya va Shvetsiya kirdi. Odatda reyting yetakchilari ro‘yxatdan o‘tkazish va mulkni topshirishda onlayn jarayonlarga, shuningdek, soliq deklaratsiyalarini topshirish uchun elektron platformalarga ega bo‘ladi.
«Qulay ishbilarmonlik muhiti qashshoqlik darajasining pastligi bilan bog‘liq bo‘lib, normativ tartibga solish samaradorligining yaxshilanishi esa tadbirkorlikni, startaplarni, innovatsiyalarni rivojlantirishga, shuningdek, kredit va investitsiyalarni jalb qilishga olib kelishi mumkin», — deb ta’kidlaydi Jahon banki.
Izoh qoldirish