Rossiyaning Kari brendi O‘zbekistonda o‘z zavodini ochadi va yiligi 10 mln juft poyabzal ishlab chiqaradi

Rossiyaning Kari brendi O‘zbekistonda o‘z zavodini ochadi va yiligi 10 mln juft poyabzal ishlab chiqaradi

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi hamda xalqaro miqyosda taniqli “Kari” kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va birinchi bosqichda respublikada “Kari” brendi bilan poyabzal ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

“Kari” xalqaro kompaniyasi 2012 yilda tashkil etilgan. Rossiyaning poyabzal savdosi bilan shug‘ullanuvchi beshta yirik savdo tarmoqlaridan biri sanaladi. 2020 yil yakuni bilan Rossiya, Belarus, Ukraina, Qozog‘iston, Polsha va boshqa mamlakatlarning 300 dan ortiq shaharlarida 1 300 dan ziyod savdo do‘konlari ishlab turibdi.

Shu bois, mazkur kompaniya “ID Retailer” reytingida eng samarali savdo tarmog‘i sifatida eng yuqori komaniya sifatida, Rossiyada esa eng oldingi savdo tarmog‘i sanaladi. Shuningdek, uchta davlatda “Franchayzing” asosida ham faoliyat ko‘rsatadi. Aynan 1000 dan ortiq savdo do‘konlarining o‘zida yiliga haridorlarga 25 mln. juftdan ortiq poyabzal sotiladi.

Uchrashuvda “Kari” kompaniyasi vakillari mazkur brend ostida poyabzallarni ishlab chiqaruvchi yangi zavodni O‘zbekistonda ochishni rejalashtiriayotganini qayd etdi. Mamlakatimizdagi qulay biznes muhiti hamda xorijiy sarmoyadorlarga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘mak natijasida bir yil mobaynida zavodni ishga tushirish maqsad qilingani ta’kidlandi.

O‘zbekistonda ochiladigan zavodda birinchi bosqichda 10 mln. juft poyabzal ishlab chiqarilishi, va yuz foiz eksportga yo‘naltirilishi rejalashtirilmoqda. Korxona to‘liq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisobiga bunyod etiladi. Natijada 1000 dan ortiq ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda. Zavodni ishga tushirish jarayonlari bilan bir paytda, parallel ravishda mahalliy mutaxassislarni o‘qitish ham yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, mahoratli dizayner va ustalar jalb etiladi.

Xalqaro kompaniya vakillari zavodda nafaqat tabiiy charmdan, balki, sifatli sun’iy charmdan “klassik” va “sport” turkumidagi poyabzallarini ishlab chiqarishni maqsad ham qilgan. Zavodga eng zamonaviy uskunalar va texnologiyalar olib kelinadi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar