2024 yilning I choragida Qoraqalpog‘iston Respublikasining umumiy tashqi savdo aylanmasi qariyb 138,8 million AQSh dollarini tashkil etdi va bu 2023 yilning mos davriga nisbatan 12,2 foizga ko‘paydi.
Ma’lumot uchun: 2023 yil I choragida hudud tashqi savdo aylanmasi 123,7 million dollarni tashkil etgan. Hudud savdo balansida eksport hajmi 90,1 million dollar va import hajmi 48,8 million dollar bilan ijobiy saldo qayd etildi.
2024 yilning I choragida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turkiya (23,2%), Xitoy (21,1%), Rossiya (17,3%), Qozog‘iston (10,3%), Litva (4,9%) va Latviya (4,6%) bilan ko‘proq savdo qilgan.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, 2024 yil I choragida hudud tashqi savdo aylanmasining 56,5 foizi Nukus shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. Tashqi savdo aylanmasida eng katta ulush bilan keyingi o‘rinlarni Mo‘ynoq (7,5%), To‘rtko‘l (5,9%), Qonliko‘l (4,7%), Qo‘ng‘irot (4,1%), Ellikqal’a (3,6%) tumanlari egallagan. Taxtako‘pir (0,6%), Qorao‘zak (0,3%) va Bo‘zatov (0,1%) tumanlarining ulushi esa sezilarli darajada past bo‘lgan.
Eksport hajmida o‘sish sur’ati qayd etilgan
2024 yil I choragida hudud eksportining hajmi 90,1 mln. dollarni tashkil etgan va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 31,4 foizgao‘sgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasidan eksport qilinadigan tovarlar nomenklaturasini kimyo sanoati mahsulotlari (55,4%), oziq-ovqat mahsulotlari (17,7%), energiya resurslari (4,0%), mashina va uskunalar (1,1%), xizmatlar (0,3%) va boshqa tovarlar (21,5%) tashkil etgan.
2024 yil I choragida mashina va uskunalar eksporti 7,2 baravarga, oziq-ovqat mahsulotlari eksporti esa 2,4 baravarga oshdi.
Shu bilan birga, kimyo sanoati mahsulotlari eksporti 11,3 foizga, xizmatlar eksporti 8,5 foizga va boshqa mahsulotlar eksporti 15,4 foizga oshdi.
Tahlil qilinayotgan davrda 3,6 mln. dollarlik energiya resurslari eksport qilingan bo‘lsa, 2023 yilning mos davrida umuman energiya resurslari eksport qilinmagan.
Jahon mamlakatlari kesimida eksport hajmi tahlili shuni ko‘rsatdi, Turkiya 29,7 mln. AQSh dollari miqdorida eksport hajmi bilan hududdan eksport qilingan mahsulotlarning asosiy iste’molchisi bo‘ldi. Unga hudud yapli eksport hajmining 1/3 qismi to‘g‘ri keldi. Hududdan eksportida Xitoy 23,3 mln. dollar (25,9%), Rossiya – 12,5 mln. dollar (13,8%), Qozog‘iston – 9,7 mln. dollar (10,8%), Latviya – 6,3 mln. dollar (7,0%), Estoniya – 1,8 mln. dollar (2,0%), Pokiston – 1,0 mln. dollar (1,1%) va Qirg‘iziston – 0,9 mln. dollar (1,0%) bilan keyingi o‘rinlarni egallagan.
Hududning umumiy eksport hajmidagi eng katta ulush Nukus shahriga (59,6%) to‘g‘ri keldi. Nukus shahridan MDH, Yevropa, Boltiqbo‘yi mamlakatlariga, Afg‘oniston, BAA, Eron, Turkiya va Xitoyga, asosan, quyidagi turdagi mahsulotlar, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari, meva-sabzavod mahsulotlari, yog‘och mahsulotlari, ip-kalava, kimyo sanoati mahsulotlari, plastmassa va plastmassadan yasalgan buyumlar, neft mahsulotlari, musiqa asboblari, farmatsevtika va trikotaj mahsulotlari, shisha va undan yasalgan buyumlar, hayvonlar juni va terisi, tirik hayvonlar va boshqa mahsulotlar eksport qilingan.
Eksport hajmi bo‘yicha keyingi o‘rinlarni Mo‘ynoq (8,0%), Qonliko‘l (6,7%), Ellikqal’a (4,0%) va Kegeyli (3,7%) tumanlari egalladi. Shu bilan birga, Taxtako‘pir (0,44%), Qorao‘zak (0,38%) va Bo‘zatov (0,1%) tumanlari eng kam ulushga ega bo‘ldi.
Import hajmida kamayish surati kuzatildi
2024 yil I choragida hudud importi 2023 yilning mos davriga nisbatan 11,6 foizga kamaydi va 48,8 mln. dollarni tashkil etdi.
Hududning umumiy importining 33,6 foizi mashina va uskunalar, 14,6 foizi oziq-ovqat mahsulotlari, 11,5 foizi energiya resurslari, 9,6 foizi kimyo sanoati tovarlari, 4,6 foizi xizmatlar, 0,5 foizi qora va rangli metallar va 25,6 foizi boshqa mahsulotlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Tahlil qilinayotgan davrda faqatgina qora va rangli metallar (62%) va energiya resurslari (14,2%) importida o‘sish kuzatilgan. Boshqa mahsulotlar importi kamaygan.
Tahlil qilinayotgan davr mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga eng ko‘p tovar va xizmatlar Rossiya (23,6%), Litva (13,9%), Xitoy (12,2%), Qozog‘iston (9,5%) va Koreya Respublikasidan (9,4%) import qilingan.
Quyida 2024 yil I choragida hudud importida eng ko‘p ulushga ega asosiy savdo hamkor mamlakatlar ko‘rsatilgan.
Import hajmining tumanlar (shaharlar) bo‘yicha tahlili shuni ko‘rsatdiki, hudud importining eng katta ulushi Nukus shahri (50,7%), To‘rtko‘l (13,7%), Qo‘ng‘irot (9,0%), Mo‘ynoq (6,5%), Xo‘jayli (4,0%) va Taxiatosh (3,7%) tumanlariga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, hudud importida Amudaryo (1,1%), Kegeyli (1,07%) va Taxtako‘pir (0,98%) tumanlarining ulushi kam. Sho‘manoy va Bo‘zatov tumanlarida import umuman qayd etilmagan.
2023 yil mos davriga nisbatan Taxtako‘pir (5,2 baravar), Nukus (4,7 baravar) va Qo‘ng‘irot (3,0 baravar) tumanlari importida keskin o‘sish kuzatilgan.
Kambag‘allikni qisqartirishda hududlarning eksport salohiyatini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligida eksportni rivojlantirish uchun salmoqli salohiyatga ega. To‘qimachilik, yengil, oziq-ovqat, kimyo sanoati va boshqa ko‘plab tarmoqlarning rivojlanish istiqbollari, iqtisodiy va moliyaviy ahvoli bevosita qishloq xo‘jaligi sohasiga bog‘liq. FAO tadqiqotiga ko‘ra, qishloq xo‘jaligidagi o‘sish multiplikator ta’siriga ega bo‘lib, kambag‘allikni qisqartirishda iqtisodiyotning boshqa sohalariga qaraganda ko‘proq yordam beradi. Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy o‘sishning har bir foizi umumiy kambag‘allik darajasining 1,5 foizga qisqarishiga olib keladi.
Hududning ishlab chiqarish va eksport salohiyatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, Qoraqalpog‘istonning tuproq-iqlim sharoiti donli, dukkakli, moyli va poliz ekinlarining sifatli va turli xil lazzatli navlarini yetishtirish uchun qulay ekanini ta’kidlash joiz. Hududda yetishtirilayotgan ushbu turdagi ekinlarning mahsulotlari yuqori ta’mi, qandliligi, xushbo‘yligi, tashishga yaroqliligi va uzoq saqlash muddati bilan ajralib turadi.
Mosh, loviya, jo‘xori, kunjut, beda kabi donli-dukkakli va moyli o‘simliklar nafaqat Qoraqalpog‘iston sharoitida qulay, balki ular qurg‘oqchilikka va issiqlikka chidamli bo‘lib, oz miqdorda suv resurslarini talab qiladi.
Ushbu ekinlarni HACCP, ISO, Global G.A.P., Organic va boshqalar xalqaro sifat standartlariga muvofiq yetishtirish va qayta ishlash yuqori qo‘shimcha qiymat yaratish va Yevropa ittifoqi mamlakatlari, Xitoy, Koreya, Yaponiya va Yaqin Sharq mamlakatlari kabi salohiyatli eksport bozorlariga chiqish imkonini beradi.
Yusup Jumabayev
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialining yetakchi ilmiy xodimi
Izoh qoldirish