Yanvar oyidan ko‘chmas mulk bozorida faollik tiklanayotganini kuzatish mumkin. Mazkur oyda oldi-sotdi shartnomalari soni 25,5 mingtani tashkil etib, o‘tgan yil yanvar oyiga nisbatan 17,4%ga ko‘paygan.
Hududiy dinamika
Yil boshidan ko‘chmas mulk oldi-sotdi dinamikasi ayrim hududlarida ijobiy tendensiyani ko‘rsatdi. Eng sezilarli o‘sish Jizzax viloyatida qayd etilib, sotuvlar 44%ga oshgan, shuningdek, Navoiy viloyatida 36%ga o‘sgan.
Toshkent shahri ko‘chmas mulk bozori umumiy hajmining 28%ni tashkil etib, bitimlar soni 18%ga o‘sgan.
Ikkilamchi bozordagi uy joy narxlari
Yanvar oyida respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy narxlari o‘rtacha 0,3%ga oshib, o‘tgan yilga nisbatan 4,6%ga o‘sdi.
Yillik hisobda hududlar kesimida uy-joy narxlarining yuqori o‘sishi Surxondaryo (11,4%), Jizzax (10,4%) va Farg‘ona (8,4%) viloyatlarida kuzatildi.
Yanvar oyida Toshkent shahrida o‘rtacha uy-joy narxi deyarli o‘zgarmagan. Poytaxt tumanlari kesimida narxlar pasayishi Sergeli (- 1,8%), Yunusobod ( - 1,7%) va Mirzo-Ulug‘bekda ( – 1,5%) qayd etilgan.
Yillik hisobda Toshkent shahrida uy-joy narxi 2,3%ga pasaygan.
Uy-joy ijara bozori
Yanvar oyida Toshkent shahridagi ijara bozorida faollik biroz pasaygan. O‘rtacha ijara narxi 8,1 dollarni (bir kvadrat metr uchun) tashkil etdi.
Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10 dollarni tashkil etadi.
Shu bilan birga, Toshkent shahrida ijara narxi o‘tgan yilga nisbatan 10,7%ga pasaygan. Eng katta pasayish Chilonzor (17,4%), Olmazor (16,7%) va Yashnobod (14,3%) tumanlarida qayd etilgan.
Ma’lumot uchun: O‘zbekistondagi ko‘chmas mulk bozori Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining tadqiqot yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, unda birlamchi va ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorlaridagi faollik dinamikasi taqdim etib boriladi.
Jaloliddin Usmonov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
tel: (78) 150 02 02 (417)
Izoh qoldirish