Shavkat Mirziyoyev: 3 oyda o‘zgarish bo‘lmasa, birinchi rahbarlarni ham ishdan olaman

Shavkat Mirziyoyev: 3 oyda o‘zgarish bo‘lmasa, birinchi rahbarlarni ham ishdan olaman

Ayni vaqtda Prezident raisligida "Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda aholi bandligini ta’minlash"ga bag‘ishlangan videoselektor bo‘lib o‘tmoqda.

"Tarixiy og‘ir davrda yashayapmiz. Bizga ko‘p narsa bog‘liq. O‘zlaringni qiynab, har kuni izlanish, intilish va provard maqsadga ishlash bo‘lmasa, natija bo‘lmaydi. Shahar va tuman hokimlari bir narsani bilinglar, tadbirkorni qo‘llab-quvvatlamasak, sharoit yaratmasak, tadbirkorni ko‘paytirmasak mahalliy byudjet bo‘lmaydi-ku. Qancha pul bermaylik, qancha sharoit yaratmaylik, qancha-qancha qaror-farmon qabul qilmaylik, agar pastdagi, quyi pog‘onadagi tuman rahbarlarining dunyo qarashi o‘zgarmas ekan, hozirgi sharoitni tushunmas ekan, natija bo‘lmaydi", dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari vazifalarni bajara olmayotgan sektor rahbarlari ishdan ketishini qayd etdi va 3 oyda o‘zgarish bo‘lmasa, birinchi rahbarlarni ham ishdan olishini ta’kidlab o‘tdi.

Shuningdek, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolarga yer va binolar ajratishni ko‘paytirish zarurligi aytildi.

Davlatimiz rahbari yer uchastkalariga investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni belgilash tartibini ko‘rib chiqish, olis va chekka hududlarda joylashgan yer uchastkalarining boshlang‘ich narxini 50 foizgacha chegirma bilan sotuvga qo‘yish vakolatini mahalliy Kengashlarga berish tartibini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.

Yig‘ilishda Qashqadaryo viloyatida kichik biznes ishlab chiqargan sanoat mahsulotlari hajmi respublika ko‘rsatkichidan ikki barobar kamligi tanqid ostiga olindi.

"Misol uchun, salohiyati yuqori bo‘lgan Qashqadaryo viloyatida kichik biznes ishlab chiqargan sanoat mahsulotlari hajmi aholi jon boshiga atigi 1,9 million so‘mga to‘g‘ri kelib, bu respublika ko‘rsatkichidan 2 baravar past. Qashqadaryoda aholi jon boshiga yillik xizmat ko‘rsatish hajmi, 3 million so‘mdan oshmagan yoki boshqalardan 2 baravar kam.

Ushbu viloyatda har ming nafar aholiga to‘g‘ri keladigan kichik biznes sub’yektlari soni atigi 4ta, ularda ishlovchilar soni 16 nafardan iborat.

So‘nggi yillarda 6 nafar tadbirkor olib kelgan 10 mln dollarlik uskunalar ishlatilmagan", deya ta’kidladi Prezident.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar