9 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida turizm va sport sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi yildagi vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
O‘zbekistonda turizm iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri sifatida rivojlantirilmoqda. Qator farmon va qarorlar asosida bu sohadagi sharoitlar kengaytirilmoqda. Xususan, fuqarolaridan yurtimizga viza talab etilmaydigan mamlakatlar soni 9 tadan 86 taga yetkazildi, 53 ta davlat uchun “elektron viza” tizimi joriy etildi. Turizm uchun qiyin bo‘lgan joriy yilda sohadagi sub’yektlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlandi, ularga subsidiya va ssudalar berildi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda koronavirus pandemiyasi sharoitida yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqib, mamlakatimizning turizm salohiyatini tiklash hamda rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Kelgusi yilda 1,7 million xorijiy, 7,5 million mahalliy sayyohlarni jalb qilish, turizm xizmatlari eksportini 370 million dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bu borada eng katta manba, avvalo, ziyorat turizmidir. Yurtimizda islom diniga oid ko‘plab ziyoratgohlar, yahudiylik, buddaviylik yodgorliklari bor. Bu imkoniyatdan foydalanib, 700 ming ziyoratchini jalb qilish va 130 million dollarlik xizmatlar eksportini ta’minlash mumkin.
Shu bois kelgusi yildan Yevropa mamlakatlari, Malayziya, Indoneziya, Pokiston, Tailand, Yaponiya kabi davlatlar bilan aviaqatnovlarni bosqichma-bosqich tiklash, yangi reyslarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Milliy aviakompaniyamizda chiptalar narxi balandligi tanqid qilinib, uni arzonlashtirish vazifasi qo‘yildi.
Davlatimiz rahbari ziyorat turizmida targ‘ibot va ilmiy yondashuv yetishmayotganini ta’kidladi. O‘zbekistonning chet ellardagi elchixonalari bilan birga bu boradagi ishlarni kengaytirish muhimligi qayd etildi. Ziyorat turizmi bo‘yicha salohiyatli davlatlar fuqarolari uchun viza tizimini soddalashtirishga doir takliflar bildirildi.
Sohadagi ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida Bosh vazir o‘rinbosarlari rahbarligida Idoralararo komissiya tuzilishi belgilandi. Ushbu komissiya aviaparvozlarni tashkil etish, ularga ruxsat olishni soddalashtirish, qatnovlar geografiyasini kengaytirish va aeroport xizmatlarini yaxshilash bo‘yicha tizimli shug‘ullanadi.
Izoh qoldirish