Shavkat Mirziyoyev – Oldimizda butun Yevroosiyo qit’amizni birgalashib iqtisodiy taraqqiy etgan va farovon makonga aylantirish maqsadi turibdi (+foto)

Shavkat Mirziyoyev – Oldimizda butun Yevroosiyo qit’amizni birgalashib iqtisodiy taraqqiy etgan va farovon makonga aylantirish maqsadi turibdi (+foto)

Toshkent shahrida 16 iyul kuni “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan anjumanda Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri, Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlarining tashqi ishlar vazirlari, jami 44 ta mamlakat va 30 ga yaqin xalqaro tashkilot delegatsiyalari, nufuzli xorijiy ilmiy-tadqiqot va tahlil markazlari rahbarlari ishtirok etmoqda.

Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ochib, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi tarixiy yaqinlik, uni bugungi kunda o‘zaro ishonch va manfaatdorlik asosida mustahkamlashning ahamiyati haqida nutq so‘zladi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida tarixiy aloqalarni tiklash muhimligini, sa’y-harakatlarni birlashtirish fursati kelganini ta’kidladi.

– Bugun dunyo ham tahdidlar, ham yangi imkoniyatlarni o‘zida tutgan global geosiyosiy transformatsiyalar davriga qadam bosdi. Bunday sharoitda 2 milliarddan ziyod odam yashayotgan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarning qayta tiklanishi yanada muhim va ob’yektiv jarayonga aylanib bormoqda. Xalqlarimizning ulkan tarixiy, ilmiy va ma’naviy-madaniy merosidan, iqtisodiyotlarimizning bir-birini to‘ldirib turishidan, intellektual salohiyat va mehnat resurslarining borligidan kelib chiqib, birgalikdagi sa’y-harakatlarni birlashtirish fursati keldi, deb o‘ylayman va bu, shubhasiz, katta manfaat keltiradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Haqiqatan ham, tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonchning mustahkamlanishi, hamkorlikning rivojlanishi, ochiq va amaliy siyosat yo‘lga qo‘yilishi Markaziy va Janubiy Osiyodagi barcha davlatlarning manfaatiga to‘g‘ri keladi.

Prezidentimiz nutqida shu maqsadlarga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Avvalo, savdo-iqtisodiy hamkorlikning ustuvor ekani ta’kidlanib, bu sohadagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, kooperatsiya va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish uchun har yili mintaqalararo forum o‘tkazish taklifi bildirildi.

Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo bilan Janubiy Osiyoni samarali va xavfsiz bog‘laydigan transport-logistika infratuzilmasini barpo etish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. «Termiz - Mozori Sharif – Kobul – Peshovar» temir yo‘lining qurilishi bu arxitekturada muhim bo‘g‘in bo‘ladi. U ikki mintaqaning tranzit salohiyatini to‘la yuzaga chiqarib, yuk tashish masofasi va vaqtini ancha qisqartiradi. Shu boisdan ham, bu loyiha ishtirokchi davlatlar va xalqaro moliya institutlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Savdo, tranzit va bojxona jarayonlarini raqamlashtirish, bu borada qo‘shma harakatlar strategiyasini qabul qilish zarurligi qayd etildi.

Butun dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi masalasi ham dolzarb bo‘lib bormoqda. Shu bois, Prezidentimiz BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti shafeligida mintaqa mamlakatlari qishloq xo‘jaligi vazirlarining uchrashuvini o‘tkazib, qo‘shma dastur ishlab chiqish taklifini ilgari surdi.

Mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, terrorizm, ekstremizm va transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurashish chora-tadbirlariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Ekologiyani asrash, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish dolzarbligi qayd etildi.

Markaziy va Janubiy Osiyoning turizm salohiyatidan keng foydalanish maqsadida turoperatorlarning yagona platformasini shakllantirish, Jahon sayyohlik tashkiloti ishtirokida mintaqada turizmni yanada rivojlantirish bo‘yicha fikrlar bildirildi.

Ilmiy va madaniy-gumanitar almashinuvlarni ko‘paytirish do‘stlik va ishonchni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi. Shu yo‘nalishda YuNESKO shafeligida Termiz shahrida Markaziy va Janubiy Osiyoning tarixiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari ilm-fan, texnologiya va innovatsiya sohalaridagi hamkorlikka ham alohida ahamiyat qaratdi. Qo‘shma tadqiqot va tajriba almashish dasturlarini rag‘batlantirish, olim va tadqiqotchilar uchun yengillashtirilgan viza tartibini joriy qilish muhimligini ta’kidladi.

Ma’lumki, konferensiya arafasida Toshkentda Markaziy Osiyo xalqaro instituti ochildi. Prezidentimiz mazkur tahlil markazi negizida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ekspertlar guruhi tuzishni taklif etdi.

– Markaziy va Janubiy Osiyoning tarixiy-madaniy mushtarakligi, mamlakat va xalqlarimizning bir-biriga mos keluvchi manfaatlari umumiy farovon kelajakni barpo etishimiz uchun asos bo‘ladigan mustahkam poydevordir. Birgalikda barqaror rivojlanish istiqbollari bo‘yicha aniq yondashuvga ega bo‘lishimiz lozim. Oldimizda Markaziy va Janubiy Osiyoni, butun Yevroosiyo qit’amizni birgalashib barqaror, iqtisodiy taraqqiy etgan va farovon makonga aylantirish maqsadi turibdi, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Shundan so‘ng, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaati namoyish etildi.

Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozef Borrel mintaqada hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, bunda mazkur forumning ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bayon etdi.

Konferensiya o‘z ishini davom ettirmoqda.

Forumning yalpi va sho‘’ba majlislarida savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsion va madaniy-gumanitar sohalarda mintaqaviy bog‘liqlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan imkoniyat va tashabbuslar muhokama qilinadi.

Konferensiya yakunlari bo‘yicha maxsus rezolyusiya loyihasi tayyorlanib, ko‘rib chiqish uchun BMT Bosh Assambleyasiga taqdim etiladigan bo‘ldi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar