Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand tumanida Xalqaro turizm markazining ochilishiga bag‘ishlangan bayram tadbirida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
“Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazining tantanali ochilish marosimida davlatimiz rahbari nutq so‘zlab, barchani ushbu quvonchli voqea bilan tabrikladi.
"Xalqimizning aql-zakovati va fidokorona mehnati bilan bunyod etilgan ushbu majmua Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi yana bir salmoqli, zafarli natija bo‘ldi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Qadimiy va navqiron Samarqand bag‘rida qad rostlagan mana shunday zamonaviy, ulug‘vor me’moriy majmua barchamizga, butun xalqimizga muborak bo‘lsin, buyursin!", dedi davlatimiz rahbari so‘zining avvalida.
Samarqand – milliy davlatchiligimizga asos bo‘lgan, tariximizdagi ikkala Renessans davrida ham muhim o‘rin tutgan shahar. Shu bois sayyohlar bu yerga asosan qadimiy obidalarni ko‘rish va tabarruk joylarni ziyorat qilish uchun kelar edi. Turizmning boshqa yo‘nalishlari uchun zamonaviy majmualar yo‘q edi.
2019 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan katta ambitsiyali loyiha boshlandi - Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali bo‘yida, 212 gektar maydonda ulkan majmua qurishga kirishildi. Avvalo, tajribali me’mor va muhandislardan iborat xalqaro jamoa jalb etilib, puxta loyiha ishlab chiqildi. Davlatimiz rahbari bu yerga bir necha marta kelib, qurilishni milliy me’morchilik an’analarimiz va odamlarga qulaylik jihatidan takomillashtirdi. Bunyodkorlik ishlarida malakali quruvchilarimiz bilan birga Turkiya, Buyuk Britaniya, Italiya kabi davlatlarning yetuk mutaxassislari ishtirok etdi.
Shu tariqa qisqa vaqtda, pandemiyadagi qiyinchiliklarga qaramay, ushbu ulkan majmua qurib bitkazildi. Bu ko‘p tarmoqli markaz tarkibida 8 ta zamonaviy mehmonxona, Kongress xoll, “Boqiy shahar” majmuasi, amfiteatr va ko‘plab boshqa inshootlar bor. U yiliga 2 million turistga xizmat ko‘rsatishi mumkin.
- Bu ulkan markaz buyuk ajdodlarimiz bunyod etgan muhtasham me’moriy obidalarga munosib bo‘lib, ularning tarixiy an’analarini davom ettiradi. Ushbu majmua mamlakatimizda hozirgi paytda poydevori qurilishi boshlangan Uchinchi Renessans va oldingi tarixiy davrlar o‘rtasidagi ramziy ko‘prik bo‘ladi, deb ishonaman, - dedi Prezident.
Markazga “Buyuk ipak yo‘li” deb nomlanganida chuqur ma’no bor. Bu yerda o‘sha davrga oid tarixiy manzaralar aks ettirilgan. Masalan, “Boqiy shahar” majmuasi bezaklarida qadimiy Afrosiyob devorlarida saqlanib qolgan So‘g‘d davlati hukmdorining Koreya, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlar elchilarini qabul qilish marosimi tasvirlaridan foydalanilgan.
Bu yerda qadimiy bozor, mamlakatimizning barcha hududlariga xos 40 ta hunarmandlik ustaxonasi tashkil etilgan. Unda ustalar yog‘och o‘ymakorligi, kulolchilik, zargarlik, gilam to‘qish kabi jarayonlarini sayyohlarga namoyish etadi.
"Bundan 3-4 yil oldin Samarqandga tashrif buyuradigan mahalliy va xorijiy turistlar soni 500 ming nafardan oshmas edi. Hozirgi kunda turizmni rivojlantirish bo‘yicha islohotlarimiz, qulay investitsiyaviy muhit yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlarimiz tufayli Samarqandga kelayotgan xorijiy turistlar soni 2 barobar ko‘paydi.
Bu marrani yanada yuqori olish uchun barcha imkoniyatlar yetarli. Xususan, kelgusi yillarda Samarqandga keladigan xorijiy turistlar sonini 1,5 milliondan oshirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Kelgusida bunday zamonaviy majmua Buxoro shahrida ham barpo etiladi. Bu kabi loyihalarni respublikamizning barcha hududlarida amalga oshirish bo‘yicha ham rejalarimiz bor.
Umuman olganda, ana shunday ishlarimiz tufayli kelgusi besh yilda mamlakatimizga keladigan sayyohlar sonini hozirgi 2 milliondan 9 millionga yetkazamiz", dedi Prezident.
Shuningdek, bu yerdagi zamonaviy mehmonxonalar va Kongress xoll yirik anjumanlar o‘tkazish uchun ham sharoit yaratadi. Yaqinda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlari uchrashuvi kabi nufuzli xalqaro tadbirlar shu yerda bo‘lib o‘tadi. Kelgusi yilda esa, qadimiy shahrimizda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruv Kengashining yillik yig‘ilishi va Jahon turizm tashkilotining Bosh assambleyasi ham o‘tkaziladi.
“Boqiy shahar dostoni” musiqali hikoyasi yangi markazning obrazli ifodasi bo‘ldi. Xalqimiz va dunyo san’ati uyg‘unlashgan shou marosimga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Izoh qoldirish