24 yanvar kuni Shirin shahrida 1500 MVt quvvatli issiqlik elektr stansiyasi qurilishini boshlash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Sirdaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati.
Marosimda Energetika va Investitsiya vazirliklari rasmiylari hamda Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan ishtirok etdi.
Loyihaning umumiy qiymati 1,2 milliard dollar. Saudiyalik hamkorlar bilan investitsiya shartnomasi 2020 yil mart oyida imzolangan edi.
Loyiha doirasida samaradorligi 60 foizdan yuqori H/J sinfidagi eng zamonaviy bug‘-gaz qurilmalari qo‘llaniladi.
«Bu – boshqa elektr stansiyalari bilan taqqoslaganda, hozirgi vaqtda elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun iste’mol qilinayotgan tabiiy gaz miqdorini deyarli ikki barobar iqtisod qilish imkonini beradi», deyiladi hokimlik xabarida
Stansiya yiliga 10 milliard KVt soatdan ortiq elektr energiyasini ishlab chiqaradi. Shu bilan birga, tabiiy gazning yillik tejash darajasi 2 milliard kubdan oshadi.
Ma’lumot o‘rnida, “ACWA Power” kompaniyasi elektr energiyasi va chuchuk suv ishlab chiqarish bo‘yicha uskunalarni ishlab chiqish, moliyalashtirish va ekspluatatsiya qilishga ixtisoslashgan. “ACWA Power” kompaniyasi 2004 yilda Ar-Riyod shahri (Saudiya Arabistoni)da ro‘yxatga olingan va ta’sis etilgan bo‘lib, undagi xodimlar soni qariyb 3 500 nafarni tashkil etadi. Xalqaro hamkorlik esa hozirgi kunda Yaqin Sharq, Afrika, Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyoning 12 ta mamlakatini qamrab olgan. “ACWA Power” kompaniyasi portfeli investitsiya qiymati 61,2 milliard AQSh dollariga teng, sutkasiga kommunal xizmatlar va davlat-xususiy hamkorligi modellari autsorsingi asosidagi uzoq muddatli ofteyker shartnomalari doirasida davlat kommunal va sanoat korxonalari ehtiyojlarini qondirish uchun ulgurji yetkazib berilayotgan 38,7 GVt elektr energiyasi va 5,8 million m3 chuchuk suv ishlab chiqaradigan 60 ta aktivni o‘z ichiga oladi.
Izoh qoldirish