Respublika ishchi guruhiga Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining mas’ul xodimlari, 15 ta respublika vazirlik va idoralari hamda viloyat, tuman va shahar sektorlari, sohaviy tashkilotlar rahbarlari jalb etildi.
Hududda aholi uchun dolzarb bo‘lib turgan muammolarni hal etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan o‘tgan 3 kun davomida yo‘l, kommunikatsiya tarmoqlari, infratuzilma holatini yaxshilash maqsadida jami 6,29 km ichki yo‘llarga asfalt, beton qoplamasi yotqizish hamda shag‘allashtirish ishlari bajarildi. Elektr ta’minotini yaxshilash uchun 46 dona temir-beton tayanchlar, 1 dona transformator o‘rnatish hamda 4 km elektr tarmoq tortish ishlari bajarildi. Ichimlik suvini yaxshilash borasida 1 km ichimlik suvi tarmog‘i yangidan tortildi.
Sog‘liqni saqlash, yoshlar masalalari ham Respublika ishchi guruhi e’tibori markazida bo‘ldi. Xususan, Xovos tumanida maqsadli tibbiy ko‘rik tashkil etilib, ko‘rik davomida 875 nafar fuqarolar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shundan, tibbiy ko‘rik jarayonida 357 nafar fuqarolarda turli kasalliklar aniqlandi. Tibbiy ko‘riklarda kasallik aniqlangan 54 nafar bemorlarga tuman va viloyat muassasalarida davolanishga muhtoj deb topilib, davolanish va diagnostika uchun yo‘llanma berildi. Uy sharoitida davolanishga muhtoj 224 nafar bemorlarga bepul dori darmonlar berildi.
Viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida tijorat banklari tomonidan 829 nafar fuqaro va tadbirkorlik sub’yektlariga 34,4 mln. so‘m miqdorida kreditlar ajratilishi ta’minlandi.
Shuningdek, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Oqoltin tumanida oila va xotin-qizlar yo‘nalishida quyidagi ishlar amalga oshirildi. Xususan, tumandagi ishsiz va ehtiyojmand bo‘lgan 6 nafar xotin-qizlarning bandligiga ko‘maklashish maqsadida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mikroto‘lqinli pechlari olib berildi.
Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tomonidan “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan 10 kishiga subsidiya mablag‘lari evaziga tikuvchilik faoliyatini boshlash uchun tikuv mashinalari, press asbob-uskunasi hamda qandolatchilik faoliyati uchun zarur bo‘lgan muzlatgich, elektr pech, mikser va blender texnikasi topshirildi.
Ishlar davom etmoqda.
Izoh qoldirish