Iyun oyidagi ishbilarmonlik muhitining holati ijobiy baholandi – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi so‘rovi

Iyun oyidagi ishbilarmonlik muhitining holati ijobiy baholandi – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi so‘rovi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (CERR) joriy yilning iyun oyida o‘z biznesining rivojlantirish istiqbollarini qanday baholashlarini bilish uchun respublika bo‘ylab 1700 ga yaqin korxonalar bilan suhbat o‘tkazdi.

Korxonalarni o‘rganish ikki yo‘nalishda olib borildi: biznesning hozirgi holatini sifatli baholash va tadbirkorlarning keyingi 3 oy ichida o‘z bizneslarini rivojlantirish istiqbollariga bo‘lgan umidlari.

Joriy yilning iyun oyida ishbilarmonlik muhitining umumiy ko‘rsatkichi 5 punkitga o‘sdi va 58 ballni (-100 dan +100 gacha bo‘lgan shkala bo‘yicha) tashkil etib, mamlakatdagi ishbilarmonlik muhiti holatini ijobiy deb baholadi.

Ishbilarmonlik muhiti ko‘rsatkichining dinamikasi

Tarmoqlar bo‘yicha ishbilarmonlik muhiti ko‘rsatkichi qishloq xo‘jaligida 62 punktni, xizmat ko‘rsatishda 59 punktni, qurilishda 63 punktni va sanoatda 51 punktni tashkil etdi.

Hududlar kesimida Namangan (81 p.), Buxoro (74 p.), Surxondaryo (71 p.), Samarqand (70 p.) va Qashqadaryo (70 p.) viloyatlarida ishbilarmonlik muhitining nisbatan yuqori ko‘rsatkichlari qayd etildi.

Ishbilarmonlik muhiti respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan Toshkent viloyatida (32 p.), Toshkent sh. (37 p.), Andijon (40 p.) viloyatida, Qoraqalpog‘iston Respublikasida (48 p.) nisbatan past.

Ishbilarmonlik muhiti ko‘rsatkichidagi ijobiy o‘zgarishlar indikatorning quyidagi tarkibiy qismlaridagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq:

Biznesning hozirgi holati ko‘rsatkichi 7 punktga o‘sdi va 45 punktni tashkil etdi, bu tadbirkorlar biznesining hozirgi holatiga nisbatan ijobiy kayfiyatini tavsiflaydi.

Biznesning hozirgi holatini yaxshi deb qayd etgan respondentlarning ulushi joriy yilning o‘tgan oyiga nisbatan 3% ga oshdi va 43% ni tashkil etdi.

So‘nggi 3 oy ichida tadbirkorlarning 40% o‘z bizneslarining holati yaxshilanganligiga ishonch bildirmoqda (may oyiga nisbatan 4% ga o‘sishgan).

Respublika bo‘yicha 46% korxonalarda tovar/xizmatlarga bo‘lgan talabning yaxshilanishi (7% o‘sish) qayd etildi, xodimlar soni esa 31% korxonalarda (5% o‘sish) ko‘paydi.

O‘z navbatida, joriy holat ko‘rsatkichining o‘sishi qishloq xo‘jaligi sohasida tadbirkorlar o‘rtasida kayfiyatning yaxshilanishi bilan bog‘liq bo‘lib, joriy yilning may oyiga nisbatan 15 punktga oshgan va 51 puntkni tashkil etdi; sanoat sohasida – 40 punkt (3 p. o‘sish); xizmatlar – 43 punkt (6 p. o‘sish).

Hozirgi holat ko‘rsatkichining nisbatan yuqori ko‘rsatkichlari Namangan (72 p.), Samarqand (61 p.) va Buxoro (58 p.) viloyatlarida qayd etildi. Boshqa hududlar orasida nisbatan past ko‘rsatkichlar Toshkent viloyatida (21 p.) va Toshkent shahrida (25 p.) qayd etildi.

Biznesning rivojlanish istiqbollari ko‘rsatkichi 2 punktga oshdi va 72 punktni tashkil etdi, bu esa tadbirkorlarning keyingi 3 oy davomida o‘z biznesining rivojlanish istiqbollari haqidagi umidlarini aks ettiradi.

Tadbirkorlarning 76% biznes istiqbollari yaxshilanishini taxmin qildi. 66% korxonalarda (may oyida 70%) tovar va xizmatlarga bo‘lgan talab yaxshilanishi va xodimlar soni 69% (may oyida 62%) oshishi kutilmoqda.

Hududlar orasida kutish ko‘rsatkichining eng yuqori ko‘rsatkichlari Surxondaryo (91 p.), Namangan (90 p.) va Buxoro (90 p.) viloyatlarida qayd etildi. Boshqa viloyatlar orasida nisbatan past ko‘rsatkich Toshkent viloyatida (44 p.), Toshkent shahrida (49 p.) va Andijon viloyatida (51 p.) qayd etildi.

Umuman olganda, mavjud vaziyat va istiqboldagi kutilmalar o‘rtasidagi bog‘liqlik shuni anglatadiki, biznes sub’yektlarining taxminlariga ko‘ra, iqtisodiyotni ijobiy rivojlantirish tendensiyasi keyingi 3 oy ichida davom etadi.

O‘tkazilgan so‘rov natijalari shuni ko‘rsatadiki, salbiy tabiiy hodisalarga qaramay, joriy yilda iqtisodiy tiklanishning barqaror xususiyatidan darak beradi, bu esa so‘nggi to‘rt yil davomida amalga oshirilgan islohotlar samaradorligiga bog‘liq bo‘lib, biznes uchun qulay ishbilarmonlik muhiti va iqtisodiyotning barqarorligini ta’minlaydi.

Feruzbek Davletov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar