O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin 15 sentyabr kuni tashrif bilan mamlakatimizga keldi.
15 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga kelgan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin muzokara o‘tkazdilar.
O‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalar
O‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalar kengayib bormoqda. Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan tovar ayirboshlash ikki barobardan ziyod ko‘paydi, o‘tgan yetti oyda esa o‘zaro savdo 30 foizdan ortiq o‘sdi. E’tiborlisi, ikki tomonlama savdo hajmining 70 foizi yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlardan iborat.
Sanoat kooperatsiyasi jadal sur’at bilan rivojlanmoqda. Keyingi yillarda kon-metallurgiya, yoqilg‘i-energetika, kimyo, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, to‘qimachilik va boshqa tarmoqlarda 100 dan ortiq qo‘shma loyihalar boshlandi.
Tomonlar, eng avvalo, elektronika, farmatsevtika, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida industrial-texnologik sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha kompleks harakatlar rejasini qabul qilishga kelishib oldilar.
Ushbu tashrif doirasida mashinasozlik, kimyo, neft-kimyo va geologiya sohalari bo‘yicha 4,6 milliard dollarlik yangi investitsiya bitimlari imzolanayotgani qayd etildi.
Ikki davlat rahbarlari dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar
Hamkorlikni kengaytirishda hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar muhim o‘rin tutadi. Birinchi yarim yillikda ikki mamlakat o‘rtasida 50 ga yaqin tashriflar bo‘ldi.
Tomonlar O‘zbekiston hududlarida qo‘shma sanoat parklarini tashkil etish, joriy yil oktyabr oyida O‘zbekiston va Rossiya hududlarining navbatdagi forumini o‘tkazishga kelishib oldilar.
Shuningdek, Prezidentlar tadbirlarga boy va keng ko‘lamli madaniy-gumanitar hamkorlikni yuksak baholadilar.
Rossiya oliy ta’lim muassasalarining xorijdagi filiallari soni bo‘yicha O‘zbekiston yetakchi o‘rinda turadi. So‘nggi to‘rt yilda yurtimizda ushbu mamlakatning 12 ta yetakchi oliygohi filiallari ochildi va jami 15 taga yetdi.
Turizm sohasidagi aloqalar ham faol rivojlanmoqda. Joriy yilda Rossiyadan O‘zbekistonga kelgan sayyohlar soni pandemiyadan oldingi ko‘rsatkichlardan oshdi.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Samimiy va do‘stona o‘tgan uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasidagi intilishlari qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.
Mamlakatlar o‘rtasida hujjatlar to‘plami imzolandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Vladimir Putin O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladilar.
Marosim Samarqanddagi samarali muzokaralar yakunida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur deklaratsiya O‘zbekiston va Rossiyaning ko‘p qirrali hamkorligi rivojida yangi bosqich boshlanganidan dalolat beradi. Unda o‘zaro aloqalarga alohida e’tiborga molik yaqin va jadal hamkorlik sifatida qaralishi qayd etilgan.
Xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, atom energetikasi, transport, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni aniq yo‘nalishlar asosida rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Umuman, O‘zbekiston–Rossiya munosabatlarining shartnomaviy-huquqiy asosini 350 dan ziyod hujjat tashkil qiladi.
Izoh qoldirish