Taqiqlangan axborotni olib tashlash to‘g‘risida xabarnoma yuborish tartibi belgilandi

Taqiqlangan axborotni olib tashlash to‘g‘risida xabarnoma yuborish tartibi belgilandi

Hukumat qarori bilan Vazirlar Mahkamasining “Butunjahon Internet tarmog‘ida axborot xavfsizligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 5 sentyabrdagi 707-son qaroriga qo‘shimchalar kiritildi.

Endilikda veb-sayt va (yoki) veb-sayt sahifasida joylashtirilgan axborotga foydalanuvchilar tomonidan qoldirilgan sharhlar matnida, shuningdek ijtimoiy tarmoqlar yoki messenjerlarda taqiqlangan axborotlar aniqlansa, veb-sayt, veb-sayt va (yoki) messenjer sahifasi egasi, shuningdek blogerga qonunchilik bilan tarqatilishi taqiqlangan axborotlarni olib tashlash to‘g‘risida xabarnoma yuboriladi.

Taqiqlangan axborotlarni aniqlash va xabarnomani yuborish taqiqlangan axborotlar aniqlangandan 24 soatdan kechiktirmasdan Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markazi (Markaz) tomonidan amalga oshiriladi.

Xabarnoma Markazning rasmiy axborot resurslari (elektron pochta, ijtimoiy tarmoqlar yoki messenjerlardagi rasmiy sahifa) orqali elektron shaklda yuboriladi.

Xabarnomada taqiqlangan axborot joylashtirilgan axborot resursi nomi, axborot joylashtirilgan sana ko‘rsatiladi. Taqiqlangan axborotga havola va uning ekrandagi tasviri nusxasi ilova qilinadi. Shuningdek, qo‘shimcha ravishda ushbu axborotni tarqatish uchun qonunchilikda belgilangan javobgarlik to‘g‘risida ma’lumotlar keltirilishi mumkin.

Axborot resursi egasi, bloger xabarnomani olgan vaqtdan boshlab 24 soatdan kechiktirmasdan taqiqlangan axborotni olib tashlashi hamda bu to‘g‘rida Markazni uning rasmiy axborot resurslari orqali elektron shaklda yoki qog‘oz shaklida xabardor qilishi lozim.

Agar taqiqlangan axborot xabarnomada ko‘rsatilgan muddatda axborot resursi egasi, shuningdek bloger tomonidan olib tashlanmasa, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi yoki Markaz ushbu axborotni olib tashlash bo‘yicha taqiqlangan axborot joylashtirilgan ijtimoiy tarmoq yoki messenjer ma’muriga yoki da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, taqiqlangan axborotlar – O‘zbekistonning mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat etishga, urush, zo‘ravonlik va terrorizmni targ‘ib qilishga qaratilgan, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi, shuningdek fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, pornografiyani targ‘ib qiluvchi va shu kabi boshqa ma’lumotlardir.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar