Texnik kannabis yetishtirish bilan kimlar shug‘ullanishi mumkin?

Texnik kannabis yetishtirish bilan kimlar shug‘ullanishi mumkin?

O‘zbekistonda texnik kannabisni yetishtirish, qayta ishlash orqali raqobatbardosh, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish yuzasidan brifing o‘tkazildi.

«Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida»gi va «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunlariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kannabis o‘simligini giyohvand vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish va foydalanish faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi.

Ta’kidlash joizki, 2019 yilning 24-26 mart kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklariga qilgan tashrifi chog‘ida Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Birlashgan Arab Amirliklarining “Industrial Innovation Group LLC” kompaniyasi o‘rtasida Investitsiyalar to‘g‘risida ikki tomonlama bitim imzolandi. O‘tgan vaqt mobaynida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan texnik kannabis o‘simligini yetishtirish, qayta ishlash va uning mahsulotlaridan foydalanishga doir ishlar olib borilmoqda.

Sanoat maqsadlarida texnik kannabis yetishtirish quyidagi maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan. Jumladan, sohaga xorijiy investorlarni jalb etish, qishloq xo‘jaligida eng zamonaviy laboratoriyalarni takshil etish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, sohaga zamonaviy bilimga ega, tajribali mutaxassislarni jalb etish, innovatsion usullarni keng qo‘llash va raqamlashtirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, byudjetga muayyan to‘lovlarni amalga oshirish, sohada faoliyat olib borayotgan mutaxassislarga maslahat servis xizmatlari tizimini shakllantirish.

Texnik kannabis yetishtirish orqali qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish, sohada klaster ishlab chiqarishini rivojlantirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etish, yuqori qo‘shilgan qiymatli raqobatbardosh, noan’anaviy va eksportbop mahsulotlar yetishtirish hamda chuqur qayta ishlashni tashkil etish, shu asosda agrar sektorda ish unumdorligini va mehnatga haq to‘lash darajasini oshirishga erishiladi.

Bugungi kunda Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Birlashgan Arab Amirliklarining “Industrial Innovation Group LLC” kompaniyasi o‘rtasida imzolangan Investitsiyalar to‘g‘risida bitimga muvofiq, 181,9 mln yevro miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobiga Sirdaryo viloyatida tarkibida sellyuloza mavjud bo‘lgan texnik kannabis, zig‘ir va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish, xomashyoni qayta ishlash orqali raqobatbardosh, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi loyiha amalga oshirilmoqda.

Ma’lumot uchun, texnik kannabis – tarkibida 0,2 foizgacha miqdorda tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasi mavjud bo‘lgan o‘simlik. Xovos tumanida ekilgan nav Yevropadan, ya’ni Fransiyadan keltirilgan bo‘lib, uning tarkibida giyohvand juda kam miqdorni tashkil etadi. Bu esa tirik organizmga hech qanday narkotik ta’sir ko‘rsatmaydi. Shu boisdan O‘zbekistonda yetishtiriladigan texnik kannabis o‘simligining tarkibidagi moddalar inson organizmiga umuman salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. O‘zbekistonda tarkibida 0,2 foizgacha miqdorda tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasi mavjud texnik kannabis o‘simligini sanoat maqsadlarda yetishtirishga ruxsat etildi. Jumladan, bu ko‘rsatkich Xitoy va Chexiyada – 0,3 foizgacha, Italiya, Vengriya, Shvetsiya, Belgiyada 0,2 foizgacha, Rossiya Federatsiyasida – 0,1 foizgachani tashkil etadi.

Texnik kannabis iqtisodiy va ekologik jihatdan O‘zbekiston iqlimiga mos o‘simlik hisoblanib, uning o‘ziga xos jihatlari mavjud.

Jumladan, kannabis eng tez o‘suvchi ekinlardan biri bo‘lib, paxta bilan solishtirganda, 1 gektardan 4 barobar ko‘p sellyuloz olinadi, o‘simlikka qishloq xo‘jaligi kimyoviy preparatlari nisbatan kamroq ishlatiladi hamda suvni ancha kam talab qiladi, atrof-muhitni ifloslanishlardan tozalash imkonini beradi. Aylanmadan chiqib qolgan yerlarni tiklash uchun tuproqdan kadimiy va boshqa zaharli moddalarni chiqarib olishda nihoyatda foydali bo‘lib, 110 kun ichida o‘simlik 2-3 metrga yetadi va bu bir mavsumda bir nechta hosil olish imkonini beradi, jahonda 40 dan ortiq davlatlarda texnik kannabisdan sanoat maqsadlarida foydalanib kelinmoqda.

Litsenziyalangan yuridik shaxslar texnik kannabis yetishtirish, uni sanoat asosida qayta ishlash, sotish va boshqalar bilan bog‘liq faoliyat turlari bilan shug‘ullanishlari mumkin. Litsenziyalar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan beriladi. Ushbu turdagi faoliyat bilan shug‘ullanish uchun litsenziyalar olish maqsadidagi bojlar miqdori 2020 yil 3 dekabrdagi O‘RQ-653-sonli "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qonunining 17-moddasida ko‘rsatilgan.

O‘zbekistonda texnik kannabis bilan bog‘liq ayrim faoliyat turlari bilan shug‘ullanish maqsadida litsenziyalar olish uchun to‘lanadigan bojlar miqdori tasdiqlangan. O‘simlikni yetishtirish uchun 3000 ta bazaviy hisoblash miqdori, import, eksport, qayta ishlash, saqlash, sotish, sotib olish va tashish uchun - bularning har biri uchun 200 bazaviy hisoblash miqdoriga to‘g‘ri keladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar