Toshkent shahrida Yaponiya raqamli universiteti tashkil etiladi

Toshkent shahrida Yaponiya raqamli universiteti tashkil etiladi

Hukumatning tegishli qarori bilan, “Digital Knowledge Co., Ltd.” kompaniyasining (Yaponiya) muassisligida Yaponiya raqamli universiteti tashkil etiladi.

Qarorda ta’kidlanishicha, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan “Digital Knowledge Co., Ltd.” kompaniyasi o‘rtasida 2020 yil 17 aprelda “JDU – Japan Digital Universities” satellit kampusini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzolangan.

Universitet nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanadi.

Universitetda o‘qitish yapon va o‘zbek tillarida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. O‘quv rejalari va fan dasturlarida Yaponiyaning Otemaye universiteti, Tokio onlayn universiteti va boshqa nufuzli OTMlarining tajribasidan foydalaniladi.

Universitetda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kunduzgi va masofaviy ta’lim shakllarida kadrlar tayyorlash amalga oshiriladi.

Universitet bitiruvchilariga oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Yaponiya universitetlari hamda O‘zbekistonning belgilangan namunadagi diplomlari beriladi.

Universitetda talabalar o‘qishi uchun to‘lov-kontrakt mablag‘lari miqdori Muassis tomonidan belgilanadi, shuningdek har yili ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli, iqtidorli hamda o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan farzandlari orasidan tanlov asosida bepul (Universitet granti asosida) 10 nafardan kam bo‘lmagan abituriyentlar o‘qishga qabul qilinadi.

2020/2021 o‘quv yilidan “Muhandis-dasturchi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha Universitetga talabalar qabul qilinadi, keyingi o‘quv yilidan boshlab “Kompyuter grafikasi va dizayn” yo‘nalishi bo‘yicha ham qabul amalga oshiriladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar