Bojxona instituti texnika fanlari doktori Qurbonqul Karimqulov o‘zining maqolasida “Raqamli markalash” tizimi va uning aholi salomatligi uchun foydalari keltirilgan.
Mamlakatimizda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari-dan keng foydalangan holda, davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Jahon savdo tashkiloti, Jahon bojxona tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlarning xalqaro standartlari va tavsiyalari asosida milliy qonunchilikka implementatsiya qilinib, bojxona tartib-taomillari soddalashtirilmoqda. Kontrabanda, kontrafakt mahsulotlarni olib o‘tish, noqonuniy valyuta operatsiyalari va bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlashga qarshi kurashish usullarini qo‘lash, zamonaviy va sinovdan o‘tkazilgan qog‘ozsiz va elektron bojxonani rivojlantirish usullarini qo‘llashni talab etmoqda.
Bojxona ma’muriyatchiligini isloh etish, bojxona organlari faoliyatini yanada takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish, «qog‘ozsiz va elektron bojxona» ning mantiqiy davomi va rivojlanishi bo‘lgan «Raqamli bojxona» shakllanishi izchillik bilan olib borilmoqda.
So‘nggi yillarda, dunyo savdo tarmog‘ida soxta, qalbaki mahsulotlar soni sezilarli darajada oshdi. Dunyoda aholi soni yildan yilga ko‘paymoqda. Soliqlarning oshirilib borishi, aholi soni oshgan sari insonlarning oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabi ortishi kontrafakt tovarlarga keng yo‘l ochmoqda. Bu har bir mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy moliyaviy va aholi salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi. Masalan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2018 yildagi ma’lumotlariga ko‘ra, sayyoramizda har yili 600 mln. kishi sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlaridan zaharlanadi, 420 ming kishi sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlaridan vafot etadi va 2,5 mln nafar kishi kontrafakt va sifatsiz alkogol mahsulotlaridan aziyat chekmoqda.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida tamaki mahsulotlarining taxminan 10% soxta yoki kontrabanda mahsulotlari hisoblanadi, bu fuqarolar sog‘liq uchun jiddiy zararli bo‘libgina qolmay, sanoat uchun ham katta moliyaviy zararni keltirib chiqaradi. Ta’minot zanjirining chakana savdoga chiqarilgunga qadar sodir bo‘ladigan noqonuniy savdoning asosiy qismi aksiz markalari falsifikatsiyasi va litsenziyalar bilan bog‘liq. Noqonuniy alkogol va tamaki mahsulotlari bu noqonuniy ravishda ishlab chiqariladigan, ro‘yxatga olinmaydigan, davlat organlari tomonidan qayd etilmaydigan va soliqqa tortilmaydigan, aholi tomonidan iste’mol qilinadigan tovarlardir.
Yevropa Ittifoqi 24 ta mamlakatda aksiz markalardan foydalaniladi. Avstriya, Kipr, Finlyandiya va Shvetsiyada aksiz markalardan foydalanilmaydi. Ushbu mamlakatlarda aksiz solig‘i odatda bojxona yuk deklaratsiyasi bilan erkin muomalaga chiqarishdan oldin undiriladi. Shvetsiyada soliq organlari mahsulotlarni kuzatib borish hamda nazorat qilish uchun (Excise Movement Control System (EMCS)) kompyuterlashtirilgan tizimdan foydalaniladi. Bu tizim real-vaqt rejimida aksiz markali tovarlarning nazoratini olib boradi. Hozirda tizimdan 100 000 dan ortiq iqtisodiy operatorlar foydalanadi va bu a’zo davlatlar o‘rtasida axborot almashinuvi va hamkorlik uchun hal muhim vosita hisoblanadi. YeMCSda a’zo davlatlarga ushbu tovarlarning real vaqt rejimida harakatlanishini kuzatib borish uchun elektron tizimni taqdim etadi, bu esa belgilangan manzilda bojlarning to‘g‘ri undirilishini ta’minlaydi.
Birlashgan Arab Amirliklari va Tailandda tamaki va alkogol mahsulotlariga raqamli mexanizmlari qo‘llash bo‘yicha ish olib bormoqda. 2019 yil yanvaridan boshlab, bu mamlakatlarda raqamli markalar Federal Soliq tomonidan tamaki uchun talab qilinib kelinmoqda. Ushbu mexanizm barcha ma’lumotlar bazasi soliq va bojxona bilan birga integratsiyalashgan bo‘lib, ma’lumotlar qayd qilinadi va bu orqali sigaret qutilari aksiz bojlari to‘langanligini tekshirish uchun elektron kuzatuvdan o‘tkaziladi. Ushbu tizimning bevosita natijasi shundaki, BAA soliq idoralaridan oldindan raqamli markalarni olmasdan olib kirishni iloji bo‘lmaydi. Har qanday tamaki ushbu raqamli markasiz sotish taqiqlanadi.
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, ko‘p mamlakatlar raqamli markalash loyihalariga xususiy sektorni jalb qilishgan. Xitoyda - Alibabaga tegishli bo‘lgan “Alihealth”, Braziliyada Shveysariyaning “SICPA” kompaniyasi, Rossiya Federatsiyasida “Ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish markazi”.
O‘zbekistonda “Raqamli markalash” tizimi davlat-xususiy sheriklik shaklida yaratilgan. Xususiy sherik - "CRPT TURON" MChJ - tovarlarning raqamli markalashi va kuzatilishi uchun axborot tizimini yaratish, ishlashi va rivojlanishini ta’minlaydi. Davlat sherigi - Davlat soliq qo‘mitasi - raqamli belgilarni majburiy raqamlashtirish sohasida huquqiy tartibga solishni amalga oshiradi.
Bu tizim nafaqat tadbirkorlarga, davlatga balki iste’molchilarga ham foyda keltiradi:
- Iste’molchi sotib olingan mahsulotlarning qonuniyligi, ularning hayoti va salomatligi uchun xavfsizligiga shubha qilmasligi uchun maxsus mobil ilova orqali har qanday fuqaro tovarlarni oldindan tekshirishi va aniqlangan noqonuniy mahsulotlar to‘g‘risida xabar berishi mumkin va bu ma’lumotlar tegishli nazorat organiga o‘tkaziladi;
- Bozorda kontrafakt va kontrabanda ulushining pasayishi tufayli tovarlarning raqamli markalash tizimida ishtirok etadigan qonuniy ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar daromadning ko‘payishini va raqobatbardoshlikni o‘sishiga olib keladi;
- Savdo mavsumiyligi, intensivligi va geografiyasi to‘g‘risidagi dolzarb statistik ma’lumotlarga asoslangan holda, mahsulotlarning harakatini kuzatib borish materiallar va ombor zaxiralarini optimallashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Natijada xarajatlar kamayadi va mehnat unumdorligi oshadi;
- Strategik tovarlarning raqamli yorlig‘i "Qora" bozorini qisqartiradi, soliq va bojxona to‘lovlarini ko‘paytiradi;
- Tovar bozorlarini nazorat qilishni tashkil etish harajatlarini kamaytiradi.
Markirovkalash joriy etilganda, qonuniy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarining narxi vaqt o‘tishi bilan arzonlashadi. Tizim ishlab chiqaruvchi qancha tovar sotayotgani va ta’minot zanjirlari qanday ishlashini aniq hisobini yuritadi. Bu biznes jarayonlarni optimallashtirish va xarajatlarni kamaytirish imkonini beradi.
Eng muhim jihatlaridan yana biri, markalash joriy qilinganidan so‘ng, tovarlarning bozordagi soxta mahsulotlar ulushlari va tovarlarning narxi 10 % arzonlashadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, quyidagi takliflar kiritiladi,
- Raqamlashtirish texnologiyasini joriy etish, bojxona tulovlarini undirilishida ish samaradorligni oshiradi. Markirovkalash muddatli istiqbolda qog‘oz ko‘rinishidagi aksiz markalaridan voz kechish imkonini beradi, ularning o‘rnini Data Matrix kodlari kabi markirovkalash texnologiyalar egallaydi. Bu noyob identifikatorlar nusxa ko‘chirishdan himoya qilish funktsiyalari bilan Data Matrix kod bilan bog‘lanadi. Ular sigaret qutilariga yoki spirtli ichimliklar butilkalariga biriktiriladi va keyin faollashtiriladi. Data Matrix kodlari ishlab chiqaruvchi, mahsulot tafsilotlari, tarkibiy qismlari, ishlab chiqarilgan sanasi, kompaniya nomi, bojni to‘lash holati va boshqalar haqidagi barcha ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Kodlar faollashtirilgandan so‘ng, eksport qiluvchi mamlakat mahsulotni omborlariga, ichki istemolchilar uchun ishlab chiqarilganda esa sotuvchilarga yoki oxirgi iste’molchilarga yetkaziladi.
- Xorijiy mamlakatlar tajribasiga ko‘ra, davlat ichki bozoriga alkogol va tamaki mahsulotlarini bojsiz olib kirish normalari fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda chet el fuqarolariga ularning yoshlari bo‘yicha cheklovlar mavjud, m-n: AQShda - 17 yosh; Yevropa Ittifoqida - 21yosh; Turkiyada -18 yosh; Rossiya Federatsiyasida - 18 yosh; Janubiy Koreya- 19 yosh.
O‘zbekistonda alkogol mahsuloti, shu jumladan pivo umumiy miqdori 2 litrdan ko‘p bo‘lmagan, tamaki mahsulotlarining barcha turlari umumiy miqdori 10 qutidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda import qilishlari mumkin, biroq “18 yoshdan oshgan fuqoralar” jumlasini kiritish taklif etiladi.
- O‘zbekiston Respublikasiga import qilingan tamaki va sigareta brendlari tahlil qilinib, ular tarkibidagi elementlar As, Ca, Cd, Co, Cu, Fe, K, Mg, Mn, Ni, P, Pb va Zn miqdorini aniqlash va profillar yaratish zarur. O‘zbekiston Respublikasiga import qilinadigan tamaki tarkibidagi zararli moddalar miqdori aniqlanadi va standart profillar bilan solishtiriladi.
Qurbonqul KARIMQULOV Bojxona instituti kafedra boshlig‘i,
texnika fanlari doktori, professor
Izoh qoldirish