Joriy yil boshidan buyon O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining avtomobil benzini segmentida narxlarni o‘sish tendensiyasi kuzatilmoqda.
Xususan, 2021 yilning boshidan buyon AI-80 markali benzinining o‘rtacha haftalik kotirovkasi mahsulotning bir tonnasi uchun 5 700,2 ming so‘mdan 9 302,8 ming so‘mgacha, ya’ni 63,2% ga o‘sgan. Birja savdolariga qo‘yilayotgan mazkur markali benzinning aksariyat qismi, ya’ni 84% Buxoro neftni qayta ishlash zavodi hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda mazkur markali benzinning boshlang‘ich bahosi o‘rtacha 70 foizga o‘sib, mahsulotning bir tonnasi uchun 10 005,0 ming so‘mni tashkil qildi.
Shu bilan birga, narxlarning ko‘tarilishi jahon birjalarida ham kuzatilmoqda. Xususan, Brent markali neftning jahon bozorlardagi narxi joriy yilning boshiga nisbatan o‘rtacha 60-70 foizga o‘sgan. O‘tkazilgan ochiq birja savdolari natijasida AI-80 markali benzinining boshlang‘ich va birja narxlari o‘rtasida tafovut o‘rtacha 1% dan oshmadi. Ya’ni benzin birja savdolari davomida o‘zining deyarli boshlang‘ich bahosida sotilgan.
O‘z navbatida, O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi savdo tashkilotchisi (operatori) sifatida benzin bozorida shakllanayotgan holatni muntazam ravishda o‘rganib bormoqda. Birja tomonidan o‘tkazilgan tahlillar natijasi va benzin bozorida narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha takliflar Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va boshqa tegishli vazirlik va idoralarga kiritib borilmoqda.
Izoh qoldirish