Buxoro neftni qayta ishlash zavodi o‘z mahsulotlari qatorini yana bir marka bilan yuqori oktanli AI–98 avtomobil benzinini sanoat darajasida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati xabar qildi.
AI–98 markali avtomobil benzini, asosan, siqish darajasi 12 dan 14 gacha bo‘lgan dvigatelli avtomobillarda ishlatiladi. AI–98 benzini yuqori detonatsiyaga qarshi xususiyat (oktan xarakteristika)lari tufayli dvigatel quvvatini oshiradi hamda tezlanish dinamikasini yaxshilaydi, tebranish, shovqin darajasini pasaytiradi, shuningdek, yonilg‘i sarfini sezilarli darajada kamaytiradi.
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi (“O‘zstandart”) tomonidan AI–98 avtomobil benzinini seriyali ishlab chiqarish uchun O‘zDSt 3031:2015 “Avtomobil benzinlari. Texnik shartlar” muvofiqlik sertifikati olindi.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan joriy yilning sentyabr–dekabr oylarida 36,5 ming tonna AI–91, 13,1 ming tonna AI–92 1,4 ming tonna AI–95, shundan 848 tonnasi “QuWatt” rusumidagi yuqori oktanli avtobenzin ishlab chiqarilishi kutilmoqda.
Shuningdek, 14,9 ming tonna Yevro–4, 11,4 ming tonna Yevro–5 rusumidagi dizel yonilg‘ilari ishlab chiqarilishi, 2021 yilning ikkinchi yarim yillik yakuniga qadar “Uzbekneftegaz GTL” sintetik kerosinini saqlash uchun 5 000 kub metr hajmda 2 dona saqlash sig‘imlarini qurish ishlarini yakuniga yetkazish rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda Buxoro neftni qayta ishlash zavodida 19 dan ortiq markaga ega bo‘lgan 9 ta turdagi mahsulot ishlab chiqariladi.
Izoh qoldirish