O‘tgan hafta davomida, ya’ni 23 – 29 may kunlari "O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi" AJning barcha savdo platformalarida 3 847,7 mlrd so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 15,9% ga kam. Bu haqda O‘zRTXB axborot xizmati xabar qildi.
Bunda sotuvlarning 79,2% - birja savdolari; 0,3% - ko‘rgazma-yarmarka savdolari; 20,3% - elektron davlat xaridlari va 0,2% - avtoraqamlarning onlayn-auksioniga to‘g‘ri keldi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 729,6 mlrd so‘mni tashkil qildi. Davlat xaridlari tizimlarida o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining qariyb 58,7 mlrd so‘mlik mablag‘lari tejaldi.
Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 3 148 ta avtoraqamlar sotildi, sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 6,9 mlrd so‘mni tashkil qildi. Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 5,9% birinchi toifadagi avtoraqamlarga; 8,1% ikkinchi; 6,9% uchinchi; 7,5% to‘rtinchi; 20,9% beshinchi va 50,7% oltinchi toifa avtoraqamlarga tegishlidir.
Birja savdolari
Ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 2 255,1 mlrd so‘mlik tovar resurslari sotildi. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo‘yishdi, shu jumladan:
Paxta yog‘i
O‘tgan haftada birja savdolarida 2 440,0 tonna paxta yog‘i sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 161 xaridor ishtirok etdi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 488,0 tonnani tashkil qildi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yog‘ining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 18 051,4 ming so‘mdan 17 190,3 ming so‘mgacha, ya’ni 4,8% ga pasayganini ta’kidlash lozim.
Suyultirilgan gaz
Birjaning suyultirilgan gaz bozorida narxlar pasayishi qayd etildi. Hafta davomida birja savdolariga 3 985,0 tonna suyultirilgan gaz qo‘yildi va ulardan 100,0% qismi sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 209 xaridor ishtirok etdi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda suyultirilgan gaz bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 5 551,7 ming so‘mdan 5 370,9 ming so‘mgacha, ya’ni 3,3%ga pasaygan.
O‘tkazilgan birja savdolari natijasida suyultirilgan gaz bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narxi mahsulotni bir tonnasi uchun 5 677,2 ming so‘mni tashkil etdi.
Paxta tolasi
O‘tgan haftada birja savdolarida 8 749,0 tonna paxta tolasi qo‘yildi va undan 6 995,0 tonnasi, ya’ni 80,0% qismi sotildi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 1 399,0 tonnani tashkil qildi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta tolasining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 36 858,0 ming so‘mdan 35 185,3 ming so‘mgacha, ya’ni 4,5% ga pasayganini ta’kidlash lozim.
AI-80 markali avtomobil benzini
Shuningdek, O‘zRTXB axborot xizmatining bergan xabariga ko‘ra, joriy yilning so‘nggi oylarida O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining AI-80 markali avtomobil benzini bozorida talab va taklifning nomutanosibligi kuzatilmoqda.
Xususan, joriy yil yanvar oyida sotuvchi korxonalar har kuni birja savdolariga o‘rtacha 4 307 tonna AI-80 markali benzinini qo‘yib kelishgan bo‘lsa, may oyida ushbu ko‘rsatkich 3 022 tonnagacha (30% ga) pasayib ketgan.
Shu jumladan, joriy yil may oyining o‘tgan davrida “Buxoro NQIZ” MChJ tomonidan birja savdolariga mahsulot qo‘yish hajmlari aprel oyining mos davriga nisbatan 15% ga pasaygan.
Shu bilan birga, ayni paytda birja savdolariga qo‘yilayotgan benzin to‘liq hajmda sotilmoqda. Bu, o‘z navbatida, ushbu mahsulotga bo‘lgan talab yuqori darajada ekanligidan dalolat beradi.
Shu munosabat bilan birjaning mazkur segmentida kichik tebranishlar kuzatilmoqda. Jumladan, joriy yil may oyida AI-80 markali benzinning birjada shakllangan o‘rtacha narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 8 208,9 ming so‘mdan 8 345,1 ming so‘mgacha, ya’ni 2% ga ko‘tarilgan.
Eslatib o‘tamiz, turli manbalarda keltirilishicha avtomobil benzinning bir tonnasi o‘rtacha 1293-1370 litrni tashkil qiladi.
Izoh qoldirish