2021 yilda 14 ta tuman va shahar byudjetlari xarajatlarining 5 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Bu haqda Prezidentning “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida keltirilgan.
Qaror O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Rossiya Moliya vazirligi huzuridagi Ilmiy tadqiqotlar moliya instituti (NIFI) va boshqa tashkilotlarning ekspertlari ko‘magida ishlab chiqilgan.
Moliya vazirligi axborot xizmati ma’lum qilishicha, tasdiqlangan hujjatga ko‘ra, fuqarolarni byudjet jarayoniga yanada jalb qilish maqsadida, joriy yildan boshlab har bir hududda bittadan tuman yoki shaharda (tuman va sharaharlar ro‘yxati qaror ilovasi bilan tasdiqlangan) tegishli tuman (shahar)lar byudjetlari tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirish bo‘yicha yangi tartib joriy etilmoqda. 2022 yildan boshlab esa ushbu tartib barcha tuman va shaharlarga tadbiq etilishi rejalashtirilgan.
2021 yil maydan boshlab byudjet xarajatlarining 5 foizi jamoatchilik fikri asosida belgilangan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan tuman (shahar)lar ro‘yxati:
Ushbu maqsadlarda joriy yilda istisno tariqasida tuman (shahar)lar byudjetlariga respublika byudjetidan qo‘shimcha ravishda 92,7 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan bo‘lsa, kelgusi yildan boshlab esa mazkur mablag‘lar tegishli tuman (shahar)lar byudjeti parametrlarida ko‘zda tutilishi belgilanmoqda. Misol uchun: Farg‘ona viloyati Farg‘ona shahri byudjetiga 10,4 mlrd.so‘m, Buxoro viloyati G‘ijdivun tumani byudjetiga 9,7 mlrd.so‘m, Navoiy viloyati Xatirchi tumani byudjetiga 7,7 mlrd.so‘m.
Shuni ham ta’kidlash lozimki, qarorga muvofiq 2021 yil 1 iyuldan boshlab jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan tuman (shahar)lar byudjetlari qo‘shimcha mablag‘lari miqdorini 30 foizga oshirish nazarda tutilgan (amaldagi tartib bo‘yicha qo‘shimcha mablag‘larning kamida 10 foizni tashkil etadi).
Bundan tashqari qaror bilan:
- jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilish jarayoni har yili 2 marotaba (1 fevral va 15 iyulga qadar) o‘tkazilishi;
- jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan tuman (shahar)lar byudjetlari mablag‘lari tegishincha tuman va shahar hokimligi qoshida ochiladigan “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi” shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida jamlanishi;
- “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi” shaxsiy g‘azna hisobvarag‘idagi mablag‘larni boshqa maqsadlarga sarflanishiga qat’iyan yo‘l qo‘yilmasligi;
- tuman (shahar) hokimliklari moliyalashtirish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har chorak yakunidan keyingi oyning 25 sanasiga qadar o‘zining rasmiy veb-sayti va “Ochiq byudjet” portaliga joylashtirib borishi;
- mablag‘larni jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarga yo‘naltirish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizom tasdiqlanishi va tegishincha har bir tuman (shahar)ning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib tanlab olingan loyihalarni moliyalashtirish uchun mablag‘larni ajratishi va ulardan foydalanish tartibini nazarda tutuvchi qaror loyihasini tasdiqlashi belgilanmoqda.
Izoh qoldirish