Tarix, bugun va kelajakni o‘zida mujassam etgan bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar el-yurtimiz hayotida go‘zal an’anaga aylandi. Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu g‘oya asosida o‘tkazilayotgan anjuman navoiyliklarni ham shukuhli muhitda birlashtirdi.
O‘zaro suhbat va muloqotlarda mamlakatimizda inson omiliga yuksak e’tibor berilayotgani, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan jamiyatimizning har bir a’zosiga g‘amxo‘rlik, mehr-oqibat ko‘rsatilayotgani, inson qadr-qimmati, uning orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarishga imkoniyat yaratib berish ustuvor vazifaga aylangani bot-bot ta’kidlandi.
Yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlarimiz hayoti va mehnat faoliyati davomida to‘plagan boy tajribasi, yoshlik davridagi o‘ziga xos qiyinchiliklar, mehnat pallasidagi mashaqqatlar, nihoyat nuroniylik paytida ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtirom haqida o‘z dil so‘zlarini, samimiy fikrlarini bildirdi. El-yurt ravnaqi yo‘lida mamlakatimiz rahbariga yaqin ko‘makchi, kamarbasta bo‘lish lozimligi uch avlodga mansub yurtdoshlarimiz o‘rtasida kechgan samimiy suhbatlar bosh mavzusiga aylandi.
Shu ma’noda, xayrli tadbir ishtirokchilari avvalambor viloyat markazida tashkil etilgan Alisher Navoiy nomidagi muazzam xiyobonda bo‘lib, ulug‘ mutafakkir bobomiz haykali poyiga gulchambar qo‘yganida ham katta hikmat bor aslida. Butun ma’rifiy olam hamisha yuksak hurmat va ehtirom ko‘rsatadigan buyuk ajdodimiz nomi bilan yuritiladigan vohada yashash va mehnat qilish ulkan sharaf va ayni paytda katta mas’uliyat ekani, hazratning hayotiy a’moliga aylangan chin insoniy g‘oyalarni qalbga jo etish va boshqalarni ham shunga boshlash har bir navoiylik, ayniqsa, yosh avlod vakillarining burchi ekani aytib o‘tildi.
Yangilanish, el-ulus farovonligi yo‘lida bir bahya ham tinmasdan tadbir ko‘rish ulug‘ shoir hayoti va ijodi tub mohiyatini tashkil etadi. Shu borada viloyatda keyingi yillarda ro‘y berayotgan tarixiy o‘zgarishlar, bu yangilanishlarning mag‘zini chaqish, mazmunini ongu qalb bilan anglab yetish yuzasidan kechgan muloqotlar yangi tashkil etilgan Yoshlar xiyoboni bilan tanishuv chog‘ida ham davom etdi.
Yaqin-yaqingacha yantoq bosib, qarovsiz va xaroba bo‘lgan mazkur hudud bugungi kunda obodlikka yuz tutgani, Navoiy bobomiz orzusidagi kabi so‘lim maskanga aylanganidan yoshu-qarining qalbida o‘zgacha g‘urur va havas uyg‘ondi.
Yangi O‘zbekiston manzarasini yorqin ranglarda ifoda etadigan ko‘cha va xiyobonlar, zamonaviy uy-joylar, turli ijtimoiy ob’yektlar bilan tanishuvlarning har biri olam-olam taassurotlar uyg‘otdi.
Mamlakatimizning boshqa hududi yoki xorijdan Navoiyga keladigan mehmon borki, albatta Nurota tumanidagi “Chashma” tarixiy-me’moriy majmuasini ziyorat qilishga harakat qiladi. Navoiylik uch avlod vakillari ham ana shu ezgu an’anaga binoan mazkur tabarruk maskanda bo‘lib, bu yerda mangu qo‘nim topgan ajdodlar xotirasini yodga olishdi.
Sir emas, avvallari ma’lum muddat ushbu qadamjo e’tiborga muhtoj bo‘lib qolgan edi. Davlatimiz rahbari 2017 yilda viloyatga tashrifi doirasida Nurota tumanida bo‘lib, Chashma atrofida istiqomat qiluvchi mahalliy aholi vakillari bilan muloqoti davomida ushbu ziyoratgohning asl qiyofasini saqlagan holda, uni restavratsiya qilish, uning atrofida ziyoratchilar uchun qulayliklar yaratish, zamonaviy mehmonxonalar, savdo rastalari barpo etish bo‘yicha tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar bergan edi. Shundan keyin qisqa fursat ichida “Chashma” majmuasi tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi, chiroy ochib, odamning havasini tortadigan go‘zal maskanga aylandi. Majmua keyingi yillarda xalqaro darajadagi ko‘plab nufuzli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga ham mezbon bo‘ldi.
Majmuada ana shu mazmunda kechgan muloqotlar barcha ishtirokchilar, ayniqsa, unib-o‘sib kelayotgan yoshlar xotirasida o‘chmas iz qoldirdi.
Navoiyliklar har gal Prezidentimizning viloyatga tashrifini intizorlik bilan kutishadi. Negaki, davlatimiz rahbari har bir tashrifida hudud geografiyasi, iqlim sharoiti va iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, hech kim kutmagan, xayoliga ham kelmagan yangidan-yangi innovatsion g‘oya va istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun poydevor yaratadi. Bu esa viloyat ahliga katta ruh, katta shijoat bag‘ishlaydi. Xususan, 2019 yilgi tashrif doirasida Nurota tumani tarkibidagi G‘ozg‘on qo‘rg‘oniga viloyat bo‘ysunuvidagi shahar maqomini berish taklifi ilgari surilgani g‘ozg‘onliklar hayotida unutilmas voqea sifatida muhrlandi. Yaxshi bilasiz, bir paytlar G‘ozg‘on o‘zining yer osti boyliklari bilan jahonga yuz tutgan edi. Ayniqsa, marmar va granit plitalari ishlab chiqarishda dunyoning uncha-muncha korxonasi bahslasha olmas edi. Ko‘p yillar hudud e’tibordan chetda qolganligi sababli bu kabi loyihalar inqirozga yuz tutdi. Ishlab chiqarish korxonalari taqdiri bilan hech kim qiziqmay qo‘ydi. Shavkat Mirziyoyevning yuksak e’tibori bilan G‘ozg‘onda yangicha hayot, yangicha taraqqiyot sahifalari yuz ocha boshladi. Hududda azaldan sangtaroshlik va toshtaroshlik hunari mavjud bo‘lgani bois endilikda tadbirkorlik faoliyati sifatida jadal rivojlanyapti. Hozir G‘ozg‘ondagi marmar zavodlarida ko‘plab yoshlar xorijiy texnologiyalarni o‘z qo‘llari bilan boshqarib, marmar va granit plitalari ishlab chiqarish orqali mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
2019 yilda faoliyat boshlagan “Marmarobod” korxonasi ana shunday yirik ishlab chiqarish quvvatlaridan biri bo‘lib, hozir bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar nafaqat ichki bozor ehtiyojini qanoatlantirmoqda, balki jahon bozorida ham o‘z xaridorlarini topib ulgurdi. Ayni chog‘da 50 nafardan ortiq yoshlar bandligi ta’minlangan.
Uchrashuv ishtirokchilari Marmarobod korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bugun ulkan qurilish maydoniga aylangan O‘zbekiston qurilish industriyasida mazkur korxona mahsulotlaridan foydalanilayotgani g‘ozg‘onliklarda o‘ziga xos g‘urur uyg‘otishini mamnuniyat bilan e’tirof etishdi. Bugun ular oqqan daryo yana ko‘z ochganidan mamnun. Mehmonlarning hayratu havasi, mezbonlarning esa yangi istiqbolli loyihalar xususidagi rejalari samimiy suhbat davomida o‘z aksini topdi.
Konimex tumanidagi ekoturizm markazi. Mazkur ob’yekt ham keyingi yillarda mamlakatimiz naqadar yuqori sur’atlarda rivojlanib borayotgani, yangi-yangi sohalarga asos solinayotgani to‘g‘risida yorqin taassurot paydo qiladi. Nega deganda, avvallari olis cho‘l hududlarida bu singari maskanlarning bo‘lishi haqida tasavvur qilish qiyin edi. Ammo aniq maqsad va unga erishishning puxta o‘ylangan taktika va strategiyasi muvaffaqiyat kaliti bo‘la oladi. Mazkur sayyohlik markazi ham mamlakatimizda turizm sohasiga qaratilayotgan diqqat-e’tibor samarasi. Bu yerda mahalliy va xorijlik sayyohlar hordiq chiqarishi, turli millat vakillarining urf-odat va an’analari bilan yaqindan tanishish mumkin. Cho‘l mintaqalariga xos, ming dardga shifo bo‘ladigan tuya sutidan tayyorlangan ichimliklardan tatib ko‘rish mumkin. Uzoq hududlarda bu kabi xizmat ko‘rsatish turlarining kengayib borayotgani nafaqat turistik salohiyatning oshishi, shu bilan birga, qo‘shimcha ish o‘rinlari, tadbirkorlar safi kengayishiga ham xizmat qilmoqda. Xullas, Bir necha yil ilgari biyday dala bo‘lgan hududda barpo etilgan zamonaviy sayyohlik majmuasi o‘zining navbatdagi mehmonlarini izzat-ikrom bilan yuksak saviyada kutib oldi.
Ellikdan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qilayotgan viloyat madaniy rang-barangligi, fuqarolar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari, ahil-inoqlik muhiti ishtirokchilarni o‘ziga xos ko‘tarinki muhit bag‘riga olib kirdi.
Ochiq osmon ostida tashkil etilgan oqshom nafaqat sahro o‘rtasidagi rangin favvoralar jilosi bilan, balki dilkash suhbatlar, xayrli amallar bilan barchaning xotira daftariga muhrlanadigan bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan viloyatda hayotning barcha jabhalarida amalga oshirilgan islohotlar natijalari, odamlarimiz hayotida ro‘y berayotgan beqiyos o‘zgarishlar haqida hikoya qiluvchi hujjatli film namoyishi orqali navoiyliklar o‘tgan besh yil mobaynida mamlakatimiz, qolaversa, o‘z hayotida sodir bo‘lgan o‘zgarishlarga yana bir bor tahliliy nazar tashladi.
Yangi O‘zbekiston tarixining o‘tgan besh yili haqida o‘ylasak, yangilanishlar shiddati va taraqqiyot odimidan vaqt tezlashgandek tuyuladi, go‘yo. Shu qisqa vaqt ichida Navoiy viloyatida ham 30-40 yillab yechimini kutib yotgan muammolar barham topdi, katta marralar olinib, odamlarni hayotdan rozi bo‘lishiga qaratilgan dasturlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy, qurilish va bunyodkorlik, ma’naviy-ma’rifiy, madaniy sohalarda misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishilmoqda.
Prezidentimizning olis va chekka, ko‘pmillatli aholi maskanlarini rivojlantirishga qaratayotgan doimiy e’tibori, viloyatga tashriflari chog‘ida bunday hududlarda yashovchi aholi vakillari bilan uchrashuvlarda bergan topshiriqlari tufayli Juzquduq, Qulquduq, O‘tamurod, Keregetov, Chuya singari yuzlab qishloq va ovullar qiyofasi, u yerlarda yashayotgan yurtdoshlarimiz dunyoqarashida tub o‘zgarishlar ro‘y berdi. Ayniqsa, bunday hududlarda yashovchi yoshlar uchun turli sohalarda alohida imtiyozlarning joriy etilgani ular oldida katta imkoniyat eshiklarini ochib berdiki, bundan ularning minnatdorligi cheksiz, albatta.
Umuman, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari, boshqa qator loyihalar amalga oshirilayotgan natijasida viloyatning barcha shahar va tumanlaridagi qishloq va mahallalar qiyofasi o‘zgarmoqda, xalqning roziligiga erishilmoqda. Rozilik bo‘lgan joyda esa baraka, muvaffaqiyat bo‘ladi.
Jonajon O‘zbekistonimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik muhitini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, bunday bebaho boylikni muttasil mazmunan boyitib borish masalalari anjumanda so‘zga chiqqanlar nutqida, dasturxon atrofidagi gurunglarda, ijro etilgan kuy-qo‘shiq va raqslarda ham alohida ajralib turdi. Ona O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lida bir musht bo‘lib, davlatimiz rahbariga tayanch va suyanch bo‘lib, yashash, mehnat qilish, kelgusi avlodlarni shu ruhda kamol toptirish muqaddas burch ekani bir ovozdan baralla yangradi.
O‘zbekiston Qahramonlari, vatanimizning boshqa yuksak mukofotlariga loyiq ko‘rilgan turli soha vakillari, ibratli hayot yo‘lini bosib o‘tgan otaxon va onaxonlar, jamoatchilikning taniqli namoyandalari, yoshlar vakillari. Ularning mana shunday shukuhli kun, fayzli oqshomda birga kechgan onlari, olgan olam-olam taassurotlari fotosuratlarga muhrlandi. Chunki aynan shu kechada barcha uchun yangi marralar belgilab olindi, Yangi O‘zbekiston uchun yangi tashabbuslar, g‘oyalar ilgari surildi. Ular esa shubhasiz real hayotiy natijalarga aylanib, yurtimizni taraqqiyotning yanada baland cho‘qqilariga olib chiqishga xizmat qiladi.
Izoh qoldirish