Umumiy ovqatlanish ob’yektlari faoliyatiga karantin cheklovlari tatbiq etilmaydigan holatlar belgilandi

Umumiy ovqatlanish ob’yektlari faoliyatiga karantin cheklovlari tatbiq etilmaydigan holatlar belgilandi

Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash jarayonlarini jadallashtirish masalasi muhokama qilindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yil 2 avgust kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni bilan karantinli va xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi sharoitida aholini profilaktik emlash tartibi belgilandi.

Pandemiya bilan bog‘liq murakkab epidemiologik vaziyatda ishbilarmonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘p sonli tadbirkorlarning iltimos va murojaatlarini inobatga olib, Respublika maxsus komissiya yig‘ilishida umumiy ovqatlanish ob’yektlari faoliyati uchun belgilangan cheklovlarni yumshatish masalasi muhokama qilindi.

Shu munosabat bilan aholini ommaviy emlash koronavirusning yangi to‘lqinlarining oldini olishning muhim omili ekanligini hisobga olib, shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlarini pandemiya sharoitida har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va emlash jarayonlarini yanada jadallashtirish maqsadida maxsus komissiyasining qarori bilan:

2021 yil 10 avgustdan e’tiboran:

- umumiy ovqatlanish ob’yektlari – restoran, kafe, oshxona va choyxonalarning ishchi va xodimlari (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lgan xodimlari bundan mustasno) koronavirusga qarshi vaksinaning (turidan qat’i nazar) kamida 2 ta dozasi bilan emlanganligi to‘g‘risidagi sertifikati bo‘lgan taqdirda, ularga nisbatan soat 8:00 dan 20:00 gacha hamda faqat ochiq havoda faoliyat ko‘rsatishi bilan bog‘liq karantin cheklovlari tatbiq etilmasligi belgilandi.

- Bunda umumiy ovqatlanish ob’yektlariga koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanganligi to‘g‘risidagi QR-kodi yoki sertifikati mavjud bo‘lgan tashrif buyuruvchilarni kiritish tavsiya etiladi (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lgan xodimlari bundan mustasno).

2021 yil 1 oktyabrdan boshlab:

- tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish sub’yektlarining ishchi va xodimlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lganlar bundan mustasno) koronavirusga qarshi vaksinaning (turidan qat’i nazar) kamida 2 ta dozasi bilan emlanganligi to‘g‘risidagi sertifikati bo‘lmagan taqdirda, ularning faoliyat ko‘rsatishi vaqtinchalik to‘xtatiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar